Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oqsil kasalligi xavfi tufayli O‘zbekistonda chorvachilikda sanitariya oyligi e’lon qilindi
18 maygacha O‘zbekistonda chorvachilikda sanitariya-gigiyena tadbirlari kuchaytiriladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi dunyoda oqsil (yashur)ning yangi tiplari tarqalayotgani sababli fermerlarni veterinariya talablariga rioya qilishga chaqirdi. Chorva hayvonlarini o‘z vaqtida emlash kasallikning oldini olishda eng samarali chora ekani qayd etilgan.
Foto: Kun.uz
Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Fermerlar kengashi fermerlar, dehqon xo‘jaliklari rahbarlari va chorvadorlarga murojaat bilan chiqib, 18 apreldan 18 maygacha O‘zbekistonda «Chorvachilikda sanitariya-epidemiya-gigiyena» oyligi e’lon qilinganini bildirdi.
Murojaatda qayd etilishicha, bugungi kunda dunyoda ekologik muvozanat va iqlim o‘zgarishi natijasida chorva hayvonlari orasida turli yangi kasalliklar yuzaga kelmoqda. Xususan, xorijiy davlatlarda chorva mollari o‘rtasida oqsil (yashur) kasalligi tarqalish xavfi kengaymoqda. Jahon hayvonlar sog‘ligi tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2025–2026 yillarda 48 ta davlatda ushbu kasallikning yangi SAT tiplari qayd etilgan bo‘lib, amalda qo‘llanilayotgan vaksinalar bu tiplarga qarshi to‘liq himoya qilmaydi. Shu sababli kasallik tarqalishining oldini olishda barcha fermer va chorvadorlarning mas’uliyati va faol ishtiroki nihoyatda muhim hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, xo‘jalik va fermalarda veterinariya-sanitariya tartiblariga qat’iy rioya qilish, kirish joylarida dezinfeksiya vositalarini tashkil etish, begona shaxslar va transport vositalarining kirishini cheklash, hayvonlarni saqlashda zoogigiyenik talablarga amal qilish, ularni sifatli ozuqa va toza suv bilan ta’minlash, hududni doimiy tozalikda saqlash hamda zararli jonivorlarga qarshi kurashish zarurligi bildirildi.
«Agar hayvonlarda kasallikka shubha tug‘ilsa, ularni darhol boshqalardan ajratish, veterinar kelguniga qadar izolyatsiya qilish va hech qanday dori vositalarini mustaqil qo‘llamaslik talab etiladi», – deyiladi murojaatda.
Ta’kidlanishicha, oqsil kasalligi alomatlari – yuqori harorat, og‘iz bo‘shlig‘ida va tuyoqlarda yaralar, elinda shikastlanishlar kuzatilganda zudlik bilan veterinariya vrachiga murojaat qilish shart. Bunday holatlarda binolarni dezinfeksiya qilish, hayvon mahsulotlarini hududdan tashqariga chiqarmaslik va sutni qaynatmasdan iste’mol qilmaslik lozim.
«Chorva hayvonlarini o‘z vaqtida emlash kasallikning oldini olishda eng samarali choradir. Qoramollar yiliga ikki marta (bahor va kuzda), qo‘ylar esa yiliga bir marta emlanishi zarur. Zarur hollarda 2,5–3 oylikdan katta barcha hayvonlar majburiy emlanadi va emlashdan so‘ng 15–21 kun ichida immunitet shakllanadi», – deyiladi murojaatda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Fermerlar kengashi chorva salomatligini saqlashda tozalik va veterinariya qoidalariga amal qilish eng muhim omil ekanini bildirib, fermerlar va chorvadorlardan mazkur oylik doirasida barcha profilaktik va epizootik tadbirlarni uyushqoqlik bilan amalga oshirishga chaqirdi. Kasallikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar to‘plamini ilova qildi.
Har qanday kasallik alomatlari kuzatilganda (71-202-12-00, ichki: 210, 218, 323) raqamlari orqali mutaxassislarga murojaat qilish mumkin.
Mavzuga oid
12:40 / 18.01.2025
Nemis fermerlari oqsil kasalligi katta zarar keltirishi haqida ogohlantirdi
13:16 / 09.03.2021
Qon bosimini dorilarsiz tushirishning asosiy usullari ma'lum qilindi
08:49 / 02.10.2020
Koronavirusning yuqumliligi sababi aniqlandi
09:32 / 15.09.2020