«Hizbulloh»ni yo‘q qilish maqsadida boshlangan Isroil operatsiyasi Livan janubidagi hududlarni tekislash missiyasiga aylanib ketdi. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rgangan CNN nashri Isroilning Livandagi operatsiyalari G‘azodagi taktikani takrorlayotganini bildirdi.

2 mart kuni, Isroil va AQSh Eronga qarshi urush boshlaganidan ikki kun o‘tgach, «Hizbulloh» Isroilga qarata raketalar otdi. Buning ortidan Isroil harbiy samolyotlari butun Livan bo‘ylab havo hujumlari uyushtirdi, askarlar janubdagi yangi hududlarni egallab oldi. Aprel oyining o‘rtalariga kelib Isroil va Livan o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzolanganiga qaramay, ushbu yerusti operatsiyalari davom etmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, yuzlab binolar — ularning aksariyati turar joylar — yo butunlay tekislab tashlangan, yoki yashash uchun yaroqsiz holga keltirilgan. Sulh e’lonidan keyin olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va videolar buzish ishlari shiddat bilan davom etayotganini tasdiqlaydi.

CNN jangovar harakatlar qayta tiklanishi bilan vayronagarchilik ko‘lamini baholash uchun Airbus tomonidan taqdim etilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini tahlil qildi.
 

Aytal-Shab qishlog‘ining avvalgi va 14 apreldagi sun’iy yo‘ldosh tasviri / Foto: Airbus

Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, Isroilning mart oyidagi hujumlarining dastlabki o‘n kunida 22 ta aholi punktidagi 523 ta bino vayron qilgan. Turar joylardan tashqari, Isroil kuchlari masjidlar, dorixonalar, kafelar va avtoservis ustaxonalarini ham yo‘q qilgan.

Aholi tomonidan olingan videolarda nazorat ostidagi portlatishlar aks etgan.