Jahon | 08:05 / 05.05.2026
4155
2 daqiqa o‘qiladi

12 mingta surat: NASA Artemis-II missiyasining to‘liq fotoarxivini e’lon qildi

Astronavtlar sayohati endi eng mayda tafsilotlarigacha hujjatlashtirilgan.

Foto: NASA

NASA yaqinda Artemis-II missiyasi davomida olingan fotosuratlarning to‘liq to‘plamini e’lon qildi. 12 mingdan ortiq yuqori sifatli fotosuratlar ommaga taqdim etildi. Kadrlarda Orion kemasi, Oy, sayyoramiz va havosiz fazoning maftunkor manzaralari aks etgan.

Ekspeditsiya muhim voqea bo‘ldi: so‘nggi 50 yil ichida birinchi marta odamlar Oyga yo‘l oldi, garchi hali uning yuzasiga qo‘nmagan bo‘lsa ham. To‘rt nafar astronavt Yer yo‘ldoshi atrofida murakkab trayektoriya bo‘ylab uchib, kosmosda 10 kun vaqt o‘tkazdi. Space Launch System raketasida uchirishdan tortib okeandagi qutqaruv operatsiyasigacha bo‘lgan butun yo‘l endi eng mayda tafsilotlarigacha hujjatlashtirilgan.

Uyga qaytish haqiqatan ham ekstremal edi: Orion kapsulasi atmosferaning zich qatlamlariga soatiga taxminan 40 ming kilometr tezlikda kirdi. Yaxshiyamki, hammasi silliq kechdi va qutqaruv xizmatlari Tinch okeanida ekipajni o‘z vaqtida topib oldi. NASA mutaxassislari allaqachon keyingi bosqichga – Artemis-III missiyasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda, biroq bu ham hali Oy yuzasiga odam qo‘nishini nazarda tutmaydi.

Fotosuratlarning barchasini NASA rasmiy veb-saytida ko‘rish mumkin. Ammo shuni yodda tutingki, resurs smartfonlar uchun optimallashtirilmagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid