Lochinbek Toshpo‘latov kim?
Lochinbek Toshpo‘latov 2020 yildan 2025 yil 19 iyulga qadar Buxoro shahar IIB tergovchisi, 2025 yil 19 iyuldan 9 sentbyargacha Peshku tumani IIB profilaktika inspektori, 9 sentabrdan 30 dekabrga qadar esa Romitan tumani IIB profilaktika inspektori lavozimida ishlagan. Buxoro viloyati IIB tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruviga ko‘ra ichki ishlar xodimi sha’niga putur yetkazuvchi harakatlar sodir etgani sababi bilan 2025 yil 30 dekabrda xizmatdan bo‘shatilgan.
U ayni paytda “yo‘qolib qolgan”: unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruvga berilgan. Kun.uz avvalroq Lochinbek Toshpo‘latov Buxoro shahrida ko‘p qavatli turar joy majmuasi qurib sotuvchi qurilish firmasiga nisbatan olib borilgan tergovda dalillarni soxtalashtirgan bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.
Lochinbek Toshpo‘latov o‘ziga nisbatan nohaqlik bo‘layotgani, bu ishlar ortida viloyat prokurorining o‘rinbosari Aliakbar Po‘latov va viloyat prokuraturasi tergov bo‘limi boshlig‘i Otabek Muzaffarov turganini aytgan.
Lochinbek Toshpo‘latovning qidiruvga berilgani Kun.uz’ning “Best building company” MChJ bilan bog‘liq surishtiruvidan so‘ng aniq bo‘lgandi. Ushbu MChJning ilk ta’sischisi Umidjon Nurullayev aynan Lochinbek Toshpo‘latovning g‘ayriqonuniy tergovi natijasida nohaq ayblanganini aytgan.
Yo‘qolgan taqinchoqlar
Bosh prokuratura Kun.uz’ga Lochinbek Toshpo‘latov va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilib, hozirda tergovi davom etayotgan jinoyat ishi tafsilotlari haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, Lochinbek Toshpo‘latovga nisbatan 2025 yil 29 dekabrda Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qayd etilishicha, fuqaro Bobur Raupov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-kismi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va boshqa moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Lochinbek Toshpo‘latov ish yurituvida bo‘lgan. 2024 yil 24 aprelda ushbu jinoyat ishi bo‘yicha fuqaro R.Sh.ning Buxoro shahridagi uyida tintuv o‘tkazilgan. Lochinbek Toshpo‘latov tintuv jarayonida bayonnomaga asosan olingan 1 juft tilla sirg‘a, 1 dona tilla uzuk, 5 dona bank plastik kartalari, 3 dona fleshka xotirasini belgilangan tartibda saqlash uchun topshirmagan. Oqibatda ularning yo‘qolishiga sababchi bo‘lgan.









