00:33 / 27.06.2015
3316

Samvel Babayan «Paxtakor» bosh murabbiyi sifatida oxirgi o‘yinini o‘tkazdi

23 iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan Samvel Babayan bosh murabbiy sifatida «Paxtakor»ni so‘nggi bor maydonga olib chiqdi. Bu haqda «Sport» telekanali sharhlovchisi Zafar Imomxo‘jayev «Paxtakor» – «Nasaf» (3:1) uchrashuvi jonli efiri vaqtida ma'lum qildi.

Toshkentning «Paxtakor» klubi Oliy Liga 14-turi doirasida 26 iyun, juma kuni Toshkentda Qarshining «Nasaf» jamoasini qabul qilib, 3:1 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi.

O‘yindan so‘ng Samvel Babayan «Paxtakor» futbolchilari bilan birga jamoa ishqibozlariga minnatdorchilik bildirdi, jamoa muxlislari Babayanni «Babayan, omad tilaymiz» yozuvi tushirilgan bannerlar bilan kuzatib qo‘yishdi.

Avvalroq Samvel Babayan «Paxtakor»dagi vazifasidan ozod etilib, O‘zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi etib tayinlangani haqida xabar berilgan edi. Babayan bilan qancha muddatga shartnoma imzolangani ma'lum qilinmagan, biroq uning oldiga JCh-2018 final bosqichiga chiqish vazifasi qo‘yilgan.

Manba: uff.uz

Top