07:42 / 22.07.2015
11832

DWN: Putin bilan Obama munosabatlarida “iliqlik” kuzatilmoqda

Eron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvga erishish hamda Ukraina sharqidan og‘ir qurol-aslahalarning olib chiqib ketilishi Rossiya va AQSh munosabatlaridagi navbatdagi “iliqlik”dan darak beradi, deb DWN nemis nashriga iqtibos keltirgan holda yozmoqda Sputnik International nashri.

“Bir necha hafta avval amerikalik siyosatchilar Rossiyani “IShID” bilan bir qatorda dunyodagi xavfsizlikka tahdid soluvchi eng katta xavflardan biri deb atayotgan edilar. Endi Obama Eron yadroviy dasturi bo‘yicha bitim Rossiyaning ishtirokisiz amalga oshmagan bo‘lishi haqida gapirmoqda”, deb aytilmoqda maqolada.

Obama Rossiya prezidenti Vladimir Putin va muzokaralar olib borgan Rossiya jamoasini muzokaralardagi sermazmun roli uchun “deyarli do‘stona” tarzda maqtadi. Bundan tashqari, Obama “Ukrainada Rossiya tajovuzi” haqida doimo eslatib o‘tadigan o‘zining avvalgi aytgan so‘zlaridan farqli ravishda, endi Ukrainadagi vaziyatni baholashdagi “turli qarashlar” haqida gapira boshladi.

DWN nashrining qayd etishicha, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Ukrainadagi vaziyatni barqarorlashtirishga harakat qilmoqdalar va Kerrining Moskvaga bir necha oy avvalgi tashrifi bu yo‘ldagi hamkorlikka asos soldi. Biroq Moskva va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshilanishi Yevropa Ittifoqi davlatlarini tashvishga solmoqda – “bir necha oydan beri davom etayotgan Rossiyaga qarshi kurashda AQSh yo‘l-yo‘riqlariga ko‘r-ko‘rona amal qilib kelayotgan Yevropa Ittifoqi davlatlari bu vaziyatda chetga chiqib qolmoqdalar”, deb ta'kidlamoqda nashr.

Top