18:13 / 02.10.2015
16388

Rossiya samolyotlari joylashgan Lataqiya aerodromidan fotoreportaj tayyorlandi

Ikki kundan buyon Rossiya harbiy samolyotlari Suriyada harbiy operatsiyani amalga oshirmoqda. Ularning asosiy bazasi Lataqiya shahri yaqinida joylashgan. “Rossiya segodnya” axborot agentligi ushbu aviabazadan fotoreportaj tayyorladi.

Rossiya mudofaa vazirligining ma'lum qilishicha, 2 kun ichida o‘ndan ortiq nishon yo‘q qilingan bo‘lib, bular orasida qo‘mondonlik punktlari, omborlar, portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchi zavodlar va aloqa yo‘nalishlari bor.
Rossiya havo kosmik kuchlarining bu yerdagi guruhi tarkibi 50ta samolyot va vertolyotdan iborat. Shu paytgacha harbiy idora vakillari operatsiyalarda Su-34, Su-24M va Su-25lar ishtirok etganini tasdiqladi.

Bundan tashqari, amaliyotlarga kosmik razvedka vositalari hamda dronlar jalb qilingan. Hmaymim aviabazasida muhandislik-aerodrom, aerodrom-texnik va boshqa ta'minot tizimlari joriy qilingan.
Zamonaviy texnika IShID pozitsiyalari bo‘ylab aniq zarbalar berish imkoniyatini yaratmoqda. “Bizning qurollarimiz eng zamonaviy va aniq. Tinch aholi va fuqarolik infrastrukturasiga ziyon yetkazilmaydi”. – deb ishontirdi idora vakili. Yer usti operatsiyalarini Suriya armiyasi amalga oshiradi.

IShID harbiy infrastrukturasi, Rossiya mudofaa vazirligi qoshidagi jamoat kengashi a'zosi Igor Korotchenkoning fikricha, 3-6 oy ichida butunlay yo‘q qilinishi mumkin. Tartus va Lataqiyadagi Rossiya qismlarida mavjud bombalar, boshqariluvchi raketalar va yoqilg‘i zaxiralari g‘alabani ta'minlab beradi.

IShIDga qarshi kurash ishini muvofiqlashtirish uchun Iroq poytaxti Bag‘dodda maxsus markaz tashkil etildi. Unda Suriya, Rossiya va Eron vakillari ishlamoqda.
Rossiya va AQSh harbiy idoralari aviatsiyaning Suriya osmonida xavfsiz uchishi masalasida muzokaralar yuritmoqda.

Top