23:09 / 27.10.2015
8189

Damashq: saudiyalik harbiylar IShID jangarilarini Rossiya zarbalaridan qutqarib, Yamandagi urushga jo‘natmoqda

Suriya hukumatining fikricha, Saudiya Arabistoni va u boshchilik qilayotgan husiychilarga qarshi koalitsiya IShID jangarilarini Yamandagi urushga jo‘natish uchun Suriyadan olib chiqib ketmoqda, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligi.

“Razvedka ma'lumotlariga ko‘ra, 26 oktabrda Adan aeroportiga Turkiyadan 4ta samolyot keldi. Ulardan ikkitasi turk avialiniyalariga, bittasi Qatar avialiniyalariga va yana bittasi BAA avialiniyalariga tegishli bo‘lgan. Bu samolyotlarning bortlarida IShIDning 500 nafardan ko‘proq jangarisi bo‘lgan, ular Suriyadan Rossiya aviazarbalaridan qutqarish maqsadida olib chiqilgan”, deb aytdi Suriya Qurolli kuchlari vakili Ali Mayxub.

Mayxubning ta'kidlashicha, operatsiyani Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya zobitlari amalga oshirgan. Zobitlar jangarilarni Yaman va Saudiya Arabistonining turli viloyatlariga olib ketishgan.

“Jangarilar oxirgi kunlarda husiychilar bilan janglarda katta talofat ko‘rgan koalitsiyaning quruqlikdagi operatsiyalarida ishtirok etishlari kerak. Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, IShID jangarilarini Suriyadan olib chiqib ketish bo‘yicha operatsiyalar yaqin orada davom ettiriladi”, deb aytdi Mayxub.

Top