12:16 / 24.05.2016
9268

ShHT TIV rahbarlari o‘rtasida yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo bo‘lgan davlatlarning Tashqi ishlar vazirlari Toshkent shahrida 24 may kuni bo‘lib o‘tishi belgilangan majlisni boshladi.

Ishchi yig‘ilishda O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov, Qozog‘iston TIV rahbari Yerlan Idrisov, Xitoy TIV rahbari Van I, Qirg‘iziston TIV rahbari Erlan Abdillayev, Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov, Tojikiston TIV rahbari Sirojiddin Aslov, ShHT bosh kotibi Rashid Alimov hamda ShHTning Hududiy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi direktori Yevgeniy Sisoyev ishtirok etmoqda.

Yig‘ilishda vazirlar tomonidan 23-24 iyun kunlari Toshkent shahri mezbonlik qiladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishining kun tartibi loyihasi, sammitda imzolanishi rejalashtirilayotgan hujjatlar ko‘rib chiqiladi.

Tashkilot doirasini kengaytirishda ShHT faoliyatini yanada takomillashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratish mo‘ljallanmoqda. Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida Hindiston va Pokistonni ShHTga a'zolikka qabul qilish bo‘yicha ushbu davlatlarning vakolatli vakillari bilan olib borilayotgan muzokara jarayoni ko‘rib chiqiladi.

Majlisda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, ShHTning boshqa xalqaro tuzilmalar bilan aloqalarini kengaytirish, ShHTning kuzatuvchi davlatlari va muloqot bo‘yicha sheriklarini tashkilot doirasida amaliy hamkorlikka keng jalb etish masalalari muhokama qilinadi.

Vazirlar ShHTning 15 yilligi munosabati bilan rasmiy Toshkent tayyorlagan deklaratsiya loyihasi, ShHTni 2025 yilgacha rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha loyihalarni ko‘rib chiqishadi.

Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash sohasida Shanxay hamkorlik tashkiloti oldida turgan vazifalar, ShHTga a'zo davlatlarning barqaror rivojlanishini ta'minlash, terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni qabul qilish, madaniy va iqtisodiy sohalarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga oid masalalar muhokama etilishi kutilmoqda.

Top