00:19 / 02.12.2016
9324

Tailandda taxtga yangi qirol o‘tirdi

Foto: © EPA/RUNGROJ YONGRIT

Tailandning marhum qiroli Pumipon Adulyadetning (Rama IX) merosxo‘ri va yagona o‘g‘li Maxa Vachiralongkorn 1 dekabrda Tailand qiroli bo‘lish taklifini qabul qildi va taxtga o‘tirdi.

Tailand televideniyesi orqali namoyish qilingan rasmiy qabulda mamlakat parlamenti raisi Pompet Vichitchonchay Vachiralongkornni taxtni egallashga chaqirdi va uning roziligini oldi. Shu tariqa, merosxo‘rning taxtga o‘tirish jarayoni yakunlandi. 

Qirol saroyidagi uchrashuvda shuningdek mamlakatning bosh vaziri Prayut Chan-Ocha,  regent Prem Tinsulanon va Oliy sud rahbari ishtirok etdi. "Men Tailand xalqi farovonligi yo‘lida taklifni qabul qilaman", deb o‘z roziligini bildirgan yangi qirol. 

Shundan keyin Vichitchonchay millatga murojaat qilib, "taxt vorisligi jarayoni to‘liq amal qilinganini" ma'lum qilgan. So‘ngra bosh vazir so‘z olib, "Tailand aholisiga endi bizda yangi qirol borligini ma'lum qilishdan xursandman", deb aytgan.

Bosh vazir shuningdek Rama X’ga toj kiydirish marosimi uning otasi jasadi krematsiya qilingandan keyin o‘tishini ma'lum qildi. Bu marosim o‘tkaziladigan sanani yangi qirolning o‘zi belgilaydi. Tailandda taxtga o‘tirish bilan toj kiydirish marosimi har doim ham mos kelmaydi. Misol uchun, marhum qirol taxtga 1946 yil o‘tirgan, biroq 4 yildan keyingina boshiga toj kiydirilgan.

Tailand hukumatining jamoatchilik bilan aloqalar departamenti yangi qirolning nomini ma'lum qildi. U taxtga o‘tirgandan keyin Maxa Vachiralongkorn Bodintxaratxeppxayavarangkun degan ism oldi. Rama X taxtga otasi vafotidan 50 kun o‘tgach o‘tirdi. Marhum qirol 13 oktabrda 88 yoshida vafot etgandi.   

 

Mavzuga oid
Top