00:18 / 19.12.2016
5963

Pokiston Bollivud filmlariga nisbatan joriy etilgan taqiqni bekor qildi

Foto: Reuters

Pokiston kinoteatrlarida hind filmlariga nisbatan joriy etilgan taqiq bekor qilindi. 19 dekabrdan e'tiboran pokistonliklar bemalol hind kinolarini tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqida Gulf News nashri xabar berdi

Manbaga ko‘ra, 30 sentabrda Pokiston kinoteatrlari uyushmasi Hindistonda pokistonlik aktyorlarga nisbatan joriy etilgan taqiqlovga javoban mamlakatda Bollivud filmlarining namoyishi to‘xtatilishi haqida e'lon qildi. Hindiston, o‘z o‘rnida, Jammu va Kashmirga uyushtirilgan harbiy hujum sabab ana shunday chorani qo‘llagan. Ta'kidlash joizki, hujum natijasida 19 nafar harbiy o‘ldirilgan. 

Pokistondagi kinoteatrlar egalari shanba kuni hind filmlari namoyishi butkul emas, vaqtinchalik to‘xtatilgani haqida ma'lum qilishdi. 

Bollivud filmlari Pokistonda sevib tomosha qilinadi. Shuni ta'kidlash joizki, kinoteatrlar qo‘yilgan taqiq natijasida sezilarli yo‘qotishlarga duch kelishdi. 

Hind filmlari 1965 yildagi urushdan keyin ilk marta 2008 yilda, ya'ni 43 yillik tanaffusdan so‘ng Pokiston kinoteatrlariga qaytgan. 

 

Top