12:00 / 04.01.2017
12002

Assanj: “Obama Rossiyaga xavfli xakerlik mashinasi yorlig‘ini yopishtirmoqchi”

Foto: RIA "Novosti"

AQSh prezidenti Barak Obama Rossiya kuchli xakerlik mashinasiga aylanib borayotganini isbotlash harakatida. U Donald Tramp AQShdagi prezidentlik saylovlarida WikiLeaks tashkiloti yordamida g‘alaba qozongani borasidagi yolg‘on tasavvurni uyg‘otishni maqsad qilgan. Bu haqda WikiLeaks asoschisi Julian Assanj Fox News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Assanj Rossiya prezidenti Vladimir Putin, uning vakillari, Tramp va uning yordamchilari bilan qachondir uchrashgani borasidagi savolga rad javobini berdi.

“U (Obama) Rossiya AQShdagi saylovlarni buzgani borasidagi taxminlarni bildirmoqda. Uning ko‘rsatishicha, Rossiya tobora kuchayib borayotgan xakerlik mashinasidir. Bunga dalil-isbotlar esa keltirilmagan”, - ta'kidlab o‘tdi Assanj. Uning fikricha, Obama “to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapirmaydi, balki WikiLeaks tomonidan taqdim etilgan hujjatlar – bu Trampga prezident bo‘lib saylanishida yordam berish maqsadida o‘ylab topilgan fitna, deb hisoblaydi”.

Sayt asoschisi Rossiyaning AQSh Demokratik partiyasi milliy qo‘mitasining elektron yozishmalarining oshkor bo‘lishiga aloqador ekanini keskin rad etdi. “Bizning manba Rossiya hukumati va qandaydir boshqa davlat emas”, - deya ta'kidlab o‘tdi u.

Ma'lumot uchun, WikiLeaks saytida 2016 yilning iyulida Demokratik partiya a'zolarining o‘zaro yozishmalari taqdim etilgandi. Unda xodimlar Hillari Klintonni AQShdagi prezidentlik saylov kampaniyasi vaqtida qo‘llab-quvvatlashning va shu bilan bir qatorda, uning asosiy raqobatchisi Berni Sandersni badnom qilishning turli usullarini faol ravishda muhokama qilishganini ko‘rish mumkin. 

AQSh milliy razvedkasi direktori devoni va milliy xavfsizlik vazirligi kiberhujumlar ortida Rossiya turganini ma'lum qilishgan. Kremlda esa Moskvaning bu holatga aloqadorligi rad etildi.

Assanjning so‘zlariga ko‘ra, uning tashkiloti The New York Times gazetasi bilan solishtirganda “keng ommaga ko‘plab hajmdagi ma'lumotni taqdim eta oladi”. “Ular qisqacha ma'lumot bilan cheklanishdi”, - dedi u.

Sayt asoschisi uning so‘zlari “AQShning The New York Times, Britaniyaning The Guardian, Fransiyaning Le Monde hamda Ispaniyaning El Pais gazetalarining halol va professional xodimlariga qaratilmagan”ini aytib o‘tdi. “Albatta, biz hammani bir xil deb hisoblamaymiz. Biroq bizda hurmatli gazetalar bilan muammolar yuzaga kelmoqda”, - qo‘shimcha qildi u.

Mavzuga oid
Top