23:23 / 23.06.2023
24218

«Qrimga qurolli bosqin bo‘lmagan» - Obama 2014 yilgi voqealarga baho berdi 

AQSh sobiq prezidenti 2014 yilda Rossiya Qrimga bosqin qilmaganini aytdi, shuningdek, Rossiya bilan faol hamkorlik qilgan Angela Merkel yonini oldi.

Foto: CNN

AQSh sobiq prezidenti Barak Obama 2014 yilda Rossiya Ukraina tarkibiga kiruvchi Qrimni anneksiya qilgani va shu tariqa xalqaro huquqni qo‘pol ravishda buzgani bilan bog‘liq voqealarga baho berdi. 

CNN telekanaliga bergan intervyusida u Ukraina 2014 yilda «bugun biz gapirayotgan Ukraina emas»ligini ta’kidladi. 

«Qrimga qurolli bosqin bo‘lmaganining sababi bor. Chunki Qrimda rusiyzabonlar ko‘p edi va Rossiya ifodalagan qarashlarga ma’lum darajada xayrixohlik bor edi. Hatto Oliy Rada vakillari ichida Rossiyaga xayrixohlar bor edi. Ukrainadagi siyosat murakkabroq edi», dedi Obama. 

Shuningdek, Obama Germaniya kansleri sifatida Rossiya bilan faol hamkorlik qilgan Angela Merkel yonini oldi. 

«Men va o‘zim juda hurmat qiladigan Merkel ham Putinning Donbass va Ukrainaning qolgan qismiga bosqinini davom ettirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun vahima ichida bo‘lgan boshqa ko‘plab yevropaliklarni sanksiyalar kiritishga ko‘ndirishimizga to‘g‘ri keldi. Ukraina qanday bosqichda ekani va Yevropadagi kayfiyat qanday ekani inobatga olinsa, biz sarhadlarni saqlab qola oldik. Shundan keyin Ukraina o‘ziga xosligini, Rossiyadan alohida ekanini angladi va bosqinchilarni quvib chiqarish qat’iyati paydo bo‘ldi», deb qo‘shimcha qildi Obama. 

Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Obamaning shov-shuvli bayonotiga munosabat bildirdi. U amerikalik siyosatchini Ukraina hududlarini Rossiya tomonidan bosib olinishini «legallashtirgani» uchun qoraladi. 

«Hayratdaman. Muhimi, nega? Agar Barak Obama Rossiyaning 2014 yilda Qrimni anneksiya qilishini ... «qonuniy va asosli» deb ochiq e’lon qilsa, bugungi kunda Yevropada Rossiyaning keng ko‘lamli tajovuzi kuzatilayotgani, yuz minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan yirik bosqinchilik urushi ketayotgani ajablanarli emas. Va «xalqaro huquq» ham deyarli amalda mavjud emasligi, xalqaro institutlar tajovuzkorga urushni targ‘ib qilish uchun o‘z tribunasidan foydalanishga imkon berayotgani, biznes esa shunchaki biznes ekani, unga Rossiyani tark etish shartmasligi, Rossiya raketalari uchun chiplarni ommaviy sotish mumkinligiga hayron qolmasa ham bo‘laveradi», deb yozdi u. 

Shu bilan birga, u Rossiyaning hozirgi rejimi urushdan oldinga «G‘arb siyosati»ning ko‘rinishi ekanini ta’kidladi. 

«Balki, yangi bahonalarni o‘ylab topishdan ko‘ra, jiddiy xatolarni tan olishni boshlash vaqti kelgandir?», dedi Podolyak. 

2014 yil fevralida Rossiya qo‘shinlari Qrim hududiga bostirib kirib, 16 mart kuni u yerda noqonuniy referendum o‘tkazdi. O‘zini Qrim hukumati deb e’lon qilganlar bayonotiga ko‘ra, referendum ishtirokchilarining 96,77 foizi Qrimning Rossiya tarkibiga qo‘shilishi tarafdori ekanini ma’lum qildi. 

Ukraina Oliy Radasi 2014 yil 20 fevralda Qrimning vaqtinchalik bosib olinishi boshlanganini rasman e’lon qildi. O‘shanda G‘arb davlatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etib, yarimorolni Rossiyaniki deb tan olishdan bosh tortgan edi.

Mavzuga oid
Top