10:00 / 08.02.2017
14343

«Navoiy kon-metallurgiya kombinati» rahbari suzish federatsiyasi raisligiga saylandi

Navoiy shahrida O‘zbekiston suzish federatsiyasining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda 2013–2016 yillar davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Federatsiya rahbariyati hamda bosh murabbiylarning hisoboti tinglandi

MOQ matbuot xizmati xabarida o‘tgan to‘rt yil davomida suzish, suv polosi, sinxron suzish va suvga sakrash turlari bo‘yicha mamlakat sportchilari ko‘plab xalqaro turnirlarda, Osiyo o‘yinlari va qit'a chempionatlarida vatan sharafini himoya qilib, sovrindorlar safidan o‘rin egallashgani, shu bilan birga O‘zbekistonda ham qator ichki va xalqaro musobaqalar yuqori saviyada tashkil qilinib, yangidan-yangi iqtidorlar safi kengayib borayotgani ta'kidlangan. 

Konferentsiyada O‘zbekiston suzish federatsiyasi raisi, Senator Quvondiq Sanaqulov so‘zga chiqib, 2013-2016 yillar davomida suv sport turlari bo‘yicha erishilgan muvaffaqiyatlar bilan birga, murabbiylar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar, ularni bartaraf etish choralari hamda istiqboldagi rejalar xususida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Federatsiya rahbari o‘z nutqida suv sporti turlarini mamlakatimizda yanada rivojlantirish, ayniqsa kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlar orasida ommaviylik darajasini yuksaltirish masalasiga alohida urg‘u berdi.  

«Bizning oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri butun Respublikamiz bo‘ylab seleksiya ishlarini yanada kuchaytirish, viloyat va tumanlardagi suv sport turlari bo‘yicha faoliyat ko‘rsatib kelayotgan mutaxassislarning tajriba va mahoratini oshirish yo‘lida doimiy ravishda murabbiylik va hakamlik seminarlarini tashkil etish, shuningdek, mamlakatimizdagi mavjud suzish havzalarini yil davomida uzluksiz faoliyat ko‘rsatishi va mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha Madaniyat va sport ishlari vazirligi va viloyat hokimliklariga takliflar kiritishimiz zarur. Fursatdan foydalanib 2013-2016 yillar davomida federatsiyaga ko‘rsatgan fidokorona yordami uchun «O‘zmetkombinat» AJ rahbariyatiga alohida minnatdorchilik bildiraman», - dedi Q.Sanaqulov. 

Yig‘ilishda joriy yilning sentabr oyida Toshkent shahrida suv sport turlari bo‘yicha 9-Osiyo chempionati bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgani va mazkur sport tadbiri yurtimizda ilk bor o‘tkazilishini inobatga olgan holda, unga har tomonlama samarali tayyorgarlik ko‘rish va sportchilarimiz tomonidan yuqori natijalarni qo‘lga kiritish maqsadida, Osiyo chempionatida ishtirok etadigan terma jamoamiz a'zolarini qat'iy nazoratga olish, sportchilar va murabbiylar uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berish lozimligi ta'kidlab o‘tildi.  

2016 yili Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlariga suzish sport turida 6 ta, sinxron suzishda esa 2 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritish rejalashtirilgan edi. Biroq, yakunda ikkita litsenziya qo‘lga kiritildi. Bu borada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi va 2020 yili Tokio shahri (Yaponiya)da o‘tkaziladigan navbatdagi Olimpiadaga litsenziyalarni qo‘lga kiritish borasida maqsad va vazifalar belgilanib olindi.

Konferentsiyada suzish Federatsiyasi rahbariyatining yangi tarkibi ham saylandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston suzish federatsiyasi raisi lavozimiga «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DK bosh direktori Quvondiq Sanaqulov, federatsiya bosh kotibligiga esa Alisher G‘aniyev bir ovozdan saylandi. «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DK bosh direktori o‘rinbosari Saiaxrol Gulyamov va «O‘zmetkombinat» AJ bosh direktori Alik Nurutdinov rais o‘rinbosarlari etib saylandi. Bundan tashqari federatsiyaning Rayosati (11 kishidan iborat) va nazorat-taftish komissiyasi (3 kishidan iborat) a'zolari tarkibi saylandi. Qizg‘in bahs va munozalarga boy tarzda bo‘lib o‘tgan majlis so‘nggida federatsiyaning Rayosatiga suv sport turlari bo‘yicha bosh murabbiylarning egallab turgan lavozimiga loyiqligini tanqidiy ruhda ko‘rib chiqish vazifalari topshirildi.

Top