Somali poytaxti Mogadishoda qurollangan jangarilar "Pitstsa xaus" restoraniga bostirib kirib, u yerda 20 dan ortiq odamni garovda ushlab turishibdi. Politsiya garovdagi odamlarning qanchasi tirikligini bilmasligini ma'lum qilgan.
Reuters axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, 14 iyunda terrorchi-xudkush minalashtirilgan avtomobilda mehmonxonaga bostirib kirgan. So‘ngra uning ortidan boshqa jangarilar mehmonxona restoraniga hujum qilib, u yerdagi odamlarni garovga olishgan.
Voqea joyida tez tibbiy yordam mashinalari va Somali xavfsizlik kuchlari navbatchilik qilmoqda.
Hukumat jangarilar hujumi oqibatida ayni vaqtda 9 kishi halok bo‘lgani, qurbonlar asosan mehmonxona xodimalari ekanligini tasdiqlagan. Hujum uchun javobgarlikni mamlakatda harakat filuvchi "Ash-Shabob" terrorchilik guruhi o‘z zimmasiga olgan.