07:42 / 18.09.2017
17382

Tramp tvitterda Klintonga “ajoyib zarba bergani” videosini joylashtirdi

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp tvitterda go‘yoki golf to‘pchasi bilan Hillari Klintonga zarba bergani videoroligini repost qildi.

Ushbu videoda Trampning golf o‘ynayotgani va Klintonning 2011 yilda samolyotga o‘tirayotganda yiqilib tushgani lavhalari birlashtirilgan. Video muallifi shuningdek Klintonning orqasiga kelib uriladigan golf to‘pchasini qo‘shgan. “Donald Trampning ajoyib zarbasi” deyilgan videoga izohda. 

Ko‘pchilik foydalanuvchilar Trampning tvitterida bunday videoning joylashtirilishini nomaqbul deb topganlar.

“Mana 45-prezident nima uchun tarixga eng yomon, eng yoqimsiz odam sifatida kirishiga yorqin misol”, deb yozgan Kerri nomli foydalanuvchi.

“Men siz bunday narsalarga nafaqat beparvo qarashingiz, balki ularni ko‘z-ko‘z qilishingizga ishona olmayman. Siz uchun juda ham uyatdaman”, deb izoh qoldirgan Cindy Stockton. 

Biroq ba'zi obunachilar Trampning retvitini “ijobiy” baholashgan.

“Xa-xa, prezidentimizda ajoyib yumor hissi bor”, deb hisoblamoqda Andra L Stock.

Avvalroq ham Tramp shunga o‘xshash roliklarni tvitterda joylashtirgandi. Misol uchun, u iyulda yuzi CNN logotipi bilan yopilgan odamning kaltaklanayotgani videosini joylashtirgandi. Shundan keyin Oq uy egasi ko‘plab tanqidlarga uchragandi.

Top