12:38 / 23.11.2017
12950

Xavfli qilmishning intihosi

Ayni yoz chillasida AQShning Virjiniya shtati, Aleksandriya shahriga ishlab kelish uchun yo‘l olgan Anvar Xurramov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ko‘p o‘tmay restoranlardan biriga oshpaz bo‘lib ishga joylashadi. Ish joyiga yaqin bo‘lgan uydan ijaraga joy ham topadi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Ishdan bo‘sh paytlarida qo‘l telefonini titkilab, internetga qiziqib qoladi. Oqibatda diniy ta'limotlarga qiziqib, tarmoq orqali turli ma'lumotlar olishni boshlaydi. Shu tariqa uning uyali telefon apparatining xotirasiga internetning “Telegram” ijtimoiy tarmog‘idan olingan, Islom dinini noto‘g‘ri talqin qiluvchi turli ma'lumotlar to‘planadi.

A.Xurramov ana shunday materiallarni 2017 yil 16 yanvar kuni Toshkent xalqaro aeroportida bojxona nazoratidan yashirib, yurtimizga olib kirmoqchi bo‘lganida qo‘lga olinadi. Ushbu ish yuzasidan A.Xurramovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv va tergov ishlari boshlab yuborildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan berilgan xulosaga ko‘ra, Anvar Xurramovdan olib qo‘yilgan uyali telefon apparati xotirasida noma'lum shaxslar tomonidan islom dinini g‘arazli maqsadlarda noto‘g‘ri talqin qiluvchi hamda diniy aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi ma'ruzalar mavjud ekanligi aniqlandi.

Yakkasaroy tuman sudi tomonidan Anvar Xurramovga uch yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

 

Mavzuga oid
Top