13:08 / 06.05.2024
9095

Isroilga qurol yetkazishni to‘xtatgan AQSh, Xitoy rahbarining Fransiyaga tashrifi va Ukraina rahbarlarini qidiruvga bergan Rossiya - kun dayjesti

O‘tgan sutka davomida jahon sahnasida sodir bo‘lgan e’tiborga molik voqea-hodisalar va yangiliklar tafsiloti bilan odatdagidek tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan agar G‘azodagi urushdan xulosa chiqarilib, ikki davlat barpo etilmasa, mintaqani yangi urushlar va yangi ko‘zyoshlar kutayotganini ta’kidladi.

Unga ko‘ra, Eron va Isroil o‘rtasidagi taranglik yanada yirik urushning debochasi bo‘lishi mumkin. Garchi hozir vaziyat sokin ko‘rinsa-da, bu ehtimol doimo saqlanib qoladi.

«Biz Isroilni 1967 yilgi chegaralarni tan olishga chaqirishimiz kerak. HAMAS ham, falastinliklarning barchasi ham 1967 yilgi chegaralarda Falastin davlati qurilishiga rozi», — degan Fidan.

AQSh ham yahudiylar davlati uchun xavfsizlik kafolati bo‘lganda Falastin va Isroil davlatlarining birgalikda yashashi mumkin deb hisoblaydi, degan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.

Tinim bilmayotgan agressiya tufayli urushning 212-kuniga kelib, G‘azodagi qurbonlar soni 34 ming 683 kishiga yetgan. Yaradorlar 78 ming 18 kishini tashkil etmoqda. So‘nggi sutka ichida uchta ommaviy qirg‘in uyushtirilgan. 29 kishi halok bo‘lgan, 110 kishi yaralangan.

Qizil dengizdagi vaziyat

Isroilning G‘azo sektoridagi agressiyasiga javoban Yamanning qurolli kuchlari ekskalatsiyaning to‘rtinchi fazasini boshlamoqda, degan husiychilarning rasmiy vakili Yahyo Sariya.

Sariyaning tushuntirishicha, ushbu bosqichda Isroilning kemachiligiga qarshi joriy etilgan taqiqni buzgan barcha kemalarga hujum uyushtiriladi. Shuningdek, O‘rta Yer dengizidan okkupatsiya qilingan Falastinga yo‘l olgan kemalarga ham hujumlar uyushtirildi.

Sariya agar Isroil Rafahga qarshi agressiya harbiy operatsiyalarni o‘tkazsa rasmiy Sano okkupatsiya ostidagi Falastin portlariga yo‘l olgan turli davlatlarning barcha kemalarga sanksiyalar joriy etishini tasdiqlagan.

Isroilga qurol yetkazish to‘xtatildi

Jo Bayden ma’muriyati o‘tgan haftada Isroilga qurol-yarog‘lar yetkazishni to‘xtatgan, deb xabar berdi Axios portali.

Bu qaror Isroil hukumatida jiddiy bezovtalik va taajjub keltirib chiqargan. Yuklar nega to‘xtatilganini Isroil rahbariyati tushunmayapti. Oq uydagilar vaziyatga izoh berishmagan.

Shunisi ma’lumki, keyingi oylarda Jo Bayden o‘zining Isroil okkupatsiyasini qo‘llab-quvvatlashiga qarshi chiqayotgan amerikaliklarning keskin tanqidlariga duchor bo‘lmoqda.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan haftada AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Isroilga kelib Rafahga ehtimolli hujum borasida Netanyahu bilan «qattiq» suhbatlashgan. Blinken AQSh Rafahdagi «yirik harbiy operatsiya»ga ochiq qarshi chiqishi bilan ogohlantirgan.

Aksilisroil namoyishlar

Amerikadagi oliy o‘quv yurtlarida Isroilning G‘azoda sodir etayotgan jinoyatlariga qarshi talabalar va professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘tkazilayotgan namoyishlar boshqa davlatlarga ham yuqmoqda.

Avvalroq norozilik namoyishlari Meksikadagi universitetlarga ham o‘tgani xabar qilingan edi.

Endi Fransiya poytaxti Parijning Sciences Po universiteti talabalari ham G‘azo xalqini global qo‘llab-quvvatlash talabalar harakatiga qo‘shilishdi.

Germaniyada esa politsiya Hamburg universitetining o‘tirib olib tinch norozilik namoyishi o‘tkazayotgan talabalariga tashlangan va namoyishni tarqatib yuborishga uringan.

Si Jinping Fransiyaga bordi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Xitoy raisi Si Jinpingning Fransiyaga tashrifi chog‘ida Xitoy bilan iqtisodiy aloqalarni qaytadan ishga tushirish va yangilashni taklif etadi.

Makron Xitoyning haddan ziyod ishlab chiqarish quvvatlari va Yevropa sanoatini kasod qilayotgan ommaviy eksport tufayli kelishishga chaqirmoqda.

Ushbu tashrif arafasida Le Figaro nashrida maqolasi chop etilgan Si Jinping Xitoy Ukrainadagi harbiy mojaroda ishtirok etmayotganini ta’kidlagan.

Si Jinping Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi tufayli yuzaga kelgan mojarodan chiqish yo‘lini topish uchun xalqaro hamjamiyat bilan birga ishlashni istayotganini bildirgan.

«Biz umid qilamizki, Yevropaga tinchlik va barqarorlik tezda qaytadi, tanazzuldan chiqishning eng maqbul yo‘llarini topish uchun Fransiya doxil butun xalqaro hamjamiyat bilan ishlash niyatidamiz», degan Si Jinping Xitoyning «mojaroda na bilvosita, na bevosita ishtirok etayotgani»ga urg‘u berib.

Ukrainadagi urush

Vashingtondagilar Ukraina 2025 yilda yangi qarshi hujum boshlashi mumkin, deb hisoblashmoqda. Bu haqda AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jyeyk Sallivan aytib o‘tgan.

Financial Times nashrining xabariga ko‘ra, AQShning yangi yordam paketiga qaramasdan «yaqin davr ichida» Sallivan jang maydonlarida «Rossiyaning yorib o‘tishlari»ni kutmoqda.

Lekin, shunga qaramasdan Vashingtonning yordami tufayli Kiyevda 2024 yil davomida «front chizig‘ini saqlab turish» imkoniyati bo‘ladi. Kelgusi yildagi urush ssenariysini ko‘rib chiqar ekan, Sallivan Ukraina «tortib olingan hududlarni qaytarish uchun oldinga intilish»ni maqsad qilishini ta’kidlagan.

Aprel oyi boshlarida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yangi qarshi hujum rejasi tuzib bo‘lingani, biroq uni amalga oshirish uchun AQShning harbiy yordami va zamonaviy qurol-yarog‘lar kerak bo‘lishini aytgan edi. Muvaffaqiyatga bo‘lgan imkoniyatlar «insonlar soni bilan emas», qurol-yarog‘lar sifati bilan o‘lchanishini urg‘ulagan edi.

Italiyaning La Repubblica nashri esa qanday shart-sharoitlar yuzaga kelganda NATO Ukrainadagi urushga qo‘shilishini hikoya qildi.

NATO davlatlari «qizil chiziqlar» o‘rnatgan va ularning bosib o‘tilishi Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroga to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok uchun sabab bo‘ladi. Shunday qizil chiziqlardan biri Rossiyaning Ukraina mudofaa chizig‘ini yorib o‘tishi va Belarusning mojaroga qo‘shilishidir. Qizil chiziqlarning boshqa biri Rossiyaning Boltiqbo‘yi davlatlari va Polshaga nisbatan provokatsiyasi yoki Moldovaga hujumidir.

Ukrainaga yordam

G7 davlatlari Rossiyaning muzlatilgan aktivlari hisobidan Ukrainaga mlrd dollarlik yordam tayyorlamoqda.

AQSh G7 ning boshqa davlatlari bilan bu borada muzokaralar olib bormoqda, deb yozadi Bloomberg.

Oq uydagilar Italiyada iyun oyida bo‘lib o‘tadigan sammit chog‘ida bu borada kelishuv imzolanishiga erishmoqchi. Muzokaralar juda og‘ir o‘tmoqda va kelishuv bir necha oylarga cho‘zilib ketishi mumkinligi ma’lum qilinmoqda. Kutilishicha, AQSh Yevropa Ittifoqiga bosim qilib, ularning Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini ishlatishga bo‘lgan e’tirozlaridan voz kechtirmoqchi.

AQSh moliya vaziri Janet Yyellen Ukrainaga shu hisobdan qo‘shimcha 50 mlrd dollar ajratish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilayotganini tasdiqlagan.

«Biz buni muhokama qilyapmiz. Idealda, AQShning yakka o‘zi bu ishga qo‘l urmasligi uchun, G7 ning barcha davlatlari ishtirok etishini xohlar edik», degan u.

Zelenskiy qidiruvga berildi

Rossiyada Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy qidiruvga berildi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi Ukrainaning joriy prezidenti Volodimir Zelenskiy va sobiq prezidenti Petro Poroshenkoni qidiruvga bergan. Ularning har ikkisi Jinoyat kodeksi moddalari bo‘yicha qidirilmoqda, lekin aynan qaysi moddalar ekani ma’lum qilinmagan.

Avvalroq Rossiya politsiyasi Ukrainaning boshqa siyosiy arboblari —Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksandr Litvinenko, sobiq adliya vaziri Pavel Petrenko, Ukraina xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari Valentin Nalivaychenko; sobiq moliya vaziri Oleksandr Shlapak; sobiq ichki ishlar vaziri Arsen Avakov, Milliy bankning sobiq rahbari Stepan Kubivni qidiruvga bergan edi.

Rossiya anneksiya qilgan Qrimdan saylangan senator Sergey Tsekov avvalroq Rossiya politsiyasi Zelenskiyni «Donetsk va Belgorod kabi Rossiyaning tinch shaharlarini o‘qqa tutish uchun buyruq bergani» va «NATO bilan birgalikda birodarkushlik urushini boshlagani» uchun qidirayotganini aytgan edi.

Rossiyaga qarshi sanksiyalar

AQSh nihoyat Rossiyaning ojiz joyini paypaslab topganga o‘xshayapti — suyultirilgan tabiiy gazga nisbatan sanksiyalar neftga qarshi sanksiyalardan yaxshiroq ta’sir qilmoqda.

Rossiya iqtisodiyoti g‘arb davlatlari tomonidan joriy etilgan sanksiyalarga bardoshli bo‘lib chiqdi, biroq suyultirilgan tabiiy gaz eksporti Moskvaning ojiz joyi ekani ma’lum bo‘ldi, deb yozgan Bloomberg nashri.

Bir yilda 20 mln tonna suyultirilgan tabiiy gaz yoqilg‘isi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan va Rossiyada eng yirik korxonaga aylanishi lozim bo‘lgan «Arktik SPG-2» loyihasi bir necha oydan buyon mahsulot yetkazib berishga tayyor, ammo AQSh sanksiyalari tufayli turib qolgan.

Rossiya neftga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni «yashirin flot» yordamida muvaffaqiyatli aylanib o‘tmoqda, biroq suyultirilgan tabiiy gaz eksporti bilan bu nayrang ketmaydi. Suyultirilgan gazni tashish texnologik jihatdan murakkab va ko‘plab maxsus kemalarni talab qiladi. Butun dunyoda bunday kemalar bor-yo‘g‘i 700 ta, holbuki neft tashuvchi kemalar soni 10,5 barobar ko‘p — 7500 ta. «Arktik SPG-2» uchun esa mutlaqo yangi tipdagi kemalar talab qilinadi va ular Arktika muzlarini yorib harakatlanishi ham kerak.

Bloomberg tomonidan savolga tutilgan treyderlar toki sanksiyalar saqlanib tursa «Arktik SPG-2» hech qachon to‘liq quvvat bilan ishlay olmasligini aytishgan. NOVATEK esa loyihada gazni minimal qazib olishga tushirib, yozni kutmoqda, o‘shanda muzlar eriydi va suyultirilgan gazni oddiy gaz tashuvchi kemalarda ham tashisa bo‘ladi. 

Top