Jahon | 22:41 / 28.12.2020
23998
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyada koronavirus yuqtirish bo‘yicha kunlik rekord qayd etildi. Futbol o‘yinlari qoldirilmoqda

Koronavirusning mutatsiyaga uchragan yangi turi keng tarqalgan Britaniyada epidemiologik holat og‘irlashdi.

Ortda qolgan bir kun davomida Britaniyada koronavirus yuqtirganlar soni 41,3 nafarga ko‘paygan. Bu pandemiya boshidan buyon qirollikda qayd etilgan eng yomon ko‘rsatkich hisoblanadi. Oldingi rekord 23 dekabr kuni qayd etilgan va o‘sha kuni 39,2 ming nafar britaniyalikda koronavirus aniqlangandi. Qirollikda 19 dekabrdan buyon kunlik o‘sish 30 mingdan kamaymayapti.

Ortda qolgan bir kunda Britaniyada 357 kishi koronavirus sabab vafot etdi. Bu bir kun oldingiga qaraganda 39 nafarga ko‘proq degani. Pandemiya boshidan buyon Britaniyada 71,1 ming kishi koronavirus qurboni bo‘ldi. Britaniya virus yuqtirganlar soni bo‘yicha Yevropada faqat Italiyadan ortda qolmoqda. Hozirgacha qirollikda 2,32 million kishida virus aniqlangan.

Epidemiologik holat yomonlashgani futbol bo‘yicha Angliya chempionati o‘yinlariga ham ta'sir qilmoqda. APL 16-turidan o‘rin olgan «Everton» hamda «Manchester Siti» jamoalari o‘rtasidagi Liverpulda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan o‘yin qoldirildi. Rasmiy bayonotda sabab sifatida «Manchester Siti» futbolchilarida virus yuqtirganlar soni ko‘payib ketgani keltirilgan. Ikki kun avval manchesterliklardan Kayl Uoker va Gabriel Jyezusda virus aniqlangandi.

Mavzuga oid