Yo‘llar keng bo‘lishi tirbandlik muammosida yechim bo‘la oladimi?
Xorij safariga borgan har qanday odam o‘z mamlakati va u yerdagi shart-sharoitlarni o‘zaro taqqoslaydi. Turkiyaga safarim chog‘ida menda ham shunday imkon paydo bo‘ldi. Masalan ikki mamlakat yo‘llarini biroz bo‘lsa ham solishtirib ko‘rdim.
Yo‘l tor bo‘lishi kerakmi yoki keng?
Istanbul shahriga kirib kelganimizda, faqat metrobus va tramvay qatnaydigan, alohida yo‘lak tashkil qilingani, undan ortgan tor yo‘lda esa avtomobillar harakatlanayotganiga guvoh bo‘ldik. Ko‘pchilik kabi men ham katta shaharlarda avtomobil yo‘llari kengaytirilsa, tirbandlikning oldi olinadi, deb o‘ylardim.
Yirik megapolis – Istanbulda esa vaziyat boshqacha. Yo‘llar O‘zbekistondagi yo‘llar bilan taqqoslaganda ancha tor, qatorlar soni kam. Shu yerda savol tug‘iladi: shaharsozlik talabiga ko‘ra yo‘llar keng bo‘lishi kerakmi yoki aksincha?
Yo‘lsoz mutaxassis Shuhrat Mirxo‘jayev bu haqda batafsil ma'lumot berdi: «Har qanday yo‘l kengligi yo‘lning harakat jadalligiga bog‘liq. Uniyam chegarasi bor. Shahar yo‘llarini keskin kengaytirish, albatta, harakat xavfsizligini oshirmaydi, aksincha yomonlashishiga olib kelishi mumkin. Nima uchun? Masalan, piyodaning yo‘ldan o‘tish tezligi va davomiyligi ko‘proq bo‘ladi. Keng yo‘lni kesib o‘tish tor yo‘lga nisbatan piyodadan ko‘proq vaqt talab qiladi. Oqibatda svetoforning qizil chirog‘i uzoqroq yonib, yo‘lda tirbandlik kelib chiqadi. Shu sabab shaharlarda yo‘lni keskin kengaytirish transport vositalari harakatiga doim ham ijobiy ta'sir ko‘rsatmaydi.
O‘zbekistonda yo‘l tasmalari kengligi kamida 3,5 metr deb belgilangan. Lekin zamonaviy me'yorlarga asosan, yo‘l tasmalari kengligini 3 metr qilish bo‘yicha tajribalar o‘tkazyapmiz. Masalan, Toshkent shahridagi Farg‘ona yo‘lida shu tajriba qo‘llangan. Nima uchun yo‘l tasmalari kengligi qisqartirildi? Sababi, eng katta transport vositasining kengligi 2.25 metrga to‘g‘ri keladi. Demak, 3 metr tasma ichida harakatlanish ularga muammo tug‘dirmaydi.
Agar yo‘l tasmasi torroq bo‘lsa, transport vositasi haydovchisi asosiy e'tiborini yo‘lga qaratadi va o‘zining chegarasida harakatlanadi. Bundan tashqari, 3 ta tasmaning har biri 3.5 metrdan 3 metrga qisqartirilsa, 1.5 metr yo‘lni tejab qolgan bo‘lamiz. Eng muhimi, bu orqali harakat ishtirokchilari erkin harakatlanishi va ularning xavfsizligini ta'minlagan bo‘lamiz. Aslida, yo‘lni kengaytirish bilan tirbandlikning oldini olib bo‘lmaydi. Yo‘llardagi harakatni tartibga solish orqaligina tirbandliklarga barham berish mumkin.
Me'yoriy hujjatlarga asosan, O‘zbekiston shaharlarida bir tomonlama avtomobil yo‘li maksimum 6 qatorli qilib qurilishiga ruxsat berilgan. Ushbu me'yorlar sobiq ittifoq me'yorlari asosida ishlab chiqilgan. Toshkent shahrida bir tomonlama 6 qatorli yo‘l yo‘q. Toshkent shahrida bir tomonlama yo‘l eng ko‘pi bilan 4 qatorli qilib qurilgan. Qo‘shimcha qatorlari bilan 5 qatorli bo‘lishi ham mumkin.
Shaharda transport tirbandligini oldini olishning eng samarali usuli jamoat transportini rivojlantirishdir. Biz havas qiladigan mamlakatlarda jamoat transport juda rivojlangan. Hozircha O‘zbekistonda bunday emas. Shu sababli ko‘pchilik shaxsiy avtomobilida harakatlanishni ma'qul ko‘radi.
Veloyo‘laklarni shakllantirish ham juda yaxshi yechim. Hozirgi kunda Toshkent shahrida 100 km.ga yaqin veloyo‘laklar shakllantirildi. Lekin undan foydalanadiganlar juda kam. Odamlarda velosipedlarda ishga, o‘qishga borish madaniyati shakllansa, veloyo‘laklar infratuzilmasi, xavfsizligi to‘liq ta'minlansa, tirbandliklar ancha kamayardi», deydi mutaxassis.
Radar bo‘lmasa ham qoida buzolmaysiz
O‘zbekistondagi kabi Turkiyada ham harakat xavfsizligini ta'minlovchi YPX xodimlari ishlaydi. Ular ma'lumotlarni onlayn rasmiylashtiradi. Har safar to‘xtaganimizda, haydovchimiz chek qog‘ozini xodimga ko‘rsatdi. Haydovchi chekni o‘rindig‘iga yaqinroq joyga o‘rnatilgan tezlikni qayd etuvchi maxsus qurilmadan chiqarib berdi. Aytishicha, ushbu qurilma avtomobilning qaysi paytda, qayerda va qancha tezlikda harakatlanganini qayd qilib boradi. Bu qurilma har bir avtomobilga o‘rnatilib, radar o‘rnatilmagan hududda ham avtomobil harakatlanish tezligini nazorat qilish imkonini beradi. Ya'ni, haydovchi qoidani buzishiga hech qanday imkoniyat yo‘q. Bu esa yo‘llarda qoidabuzarliklar va ehtimoliy yo‘l-transport hodisasi xavfini keskin kamaytirishi aniq.
Tartibga ko‘ra, YPX xodimlari haydovchini to‘xtatganda, u tezlikni qayd qiluvchi qurilmadan chek chiqarib taqdim qiladi. Chekda aks etgan harakat tezligi belgilangan me'yordan oshirilgan bo‘lsa, xodim haydovchini jarimaga tortish uchun planshetida elektron dalolatnoma rasmiylashtiradi. Aks holda, haydovchi qo‘yib yuboriladi.
Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri,
Montaj ustasi Nuriddin Nursaidov.
Mavzuga oid
12:19 / 25.11.2024
«Barcha ijro organlarini Yangi Toshkentga ko‘chiramiz» - Shavkat Mirziyoyev
11:00 / 26.09.2024
Bishkekda davlat xizmatchilariga shaxsiy avtomobilda ishga borish cheklandi
16:57 / 17.09.2024
Toshkent metrosida poyezdning nosoz holati sabab mega tirbandlik yuzaga keldi
10:00 / 02.06.2024