21:50 / 14.07.2019
43891

Foto: Nefrit ko‘li havzasida noqonuniy o‘rnatilgan «choyxona» olib tashlandi

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan Burchimulla davlat o‘rmon xo‘jaligiga mansub O‘ring‘och soy havzasida qonunga xilof ravishda o‘rnatilgan topchanlar olib tashlandi. Bu haqda qo‘mita o‘z Facebook sahifasida ma'lum qildi.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi

«O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan Burchimulla davlat o‘rmon xo‘jaligiga mansub O‘ring‘och soy havzasida tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish olib borildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra quyidagilar ma'lum qilinadi. 

O‘zbekiston Respublikasining «O‘rmon to‘g‘risidagi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi 2018 yil 16 apreldagi O‘RQ-475-son qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi «O‘rmon to‘g‘risida»gi Qonunining 45 hamda 46 - moddalariga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi 2017 yil 11 maydagi PQ-2966-son qaroriga muvofiq Burchimulla davlat o‘rmon xo‘jaligi ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida Urungach soy havzasidagi kichik ko‘lning qirg‘oq oldi hududini Bo‘stonliq tumani, Takayong‘oq qishlog‘ida yashovchi fuqaro Chotkarayev Ulan Turdibayevichga 2019 yil 21 maydagi 1/A-son shartnomasiga, shuningdek, Bo‘stonliq tumani, Iskandar qo‘rg‘oni, Purxonov, 11/1-uyda yashovchi fuqaro Qudratullayev Bexruz Qutlimuradovichga 2019 yil 20 iyundagi 3-son shartnomaga muvofiq ijaraga topshirgan.

O‘z navbatida mazkur fuqarolar tomonidan jami 10ta topchan o‘rnatilgan bo‘lib, shulardan 5tasi Urungach soy kichik ko‘lining qirg‘oq oldi mintaqasiga joylashtirilgani aniqlandi.

Bu bilan, O‘zbekiston Respublikasining «Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida» qonuni talablari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasidagi suv omborlari va boshqa suv havzalari, daryolar, magistral kanallar va kollektorlarning, shuningdek, ichimlik suv va maishiy suv ta'minotining, davolash va madaniy-sog‘lomlashtirishda ishlatiladigan suv manbalarining suvni muhofaza qilish zonalari haqidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida» 1992 yil 7 apreldagi 174-son qarori talablari buzilishiga olib kelgan bo‘lib, mazkur topchanlar joyidan oldirilib, ko‘l suviga har xil chiqindilar tashlab suv ifloslantirilgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga asosan, fuqarolarning har biriga nisbatan ma'muriy jarimalar belgilanib, kelgusida ushbu holat qayta sodir etmasligi bo‘yicha ogohlantirildi», deyiladi qo‘mita matbuot xizmati xabarida.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi
Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi

Bundan avvalroq internetda O‘zbekistonning eng noyob tabiiy maskanlaridan hisoblangan O‘ring‘och ko‘li bo‘yida ayvonlar qurilib, choyxona va qayiqda sayr qilish xizmatlari yo‘lga qo‘yilgani atrof-muhit himoyachilari va ekosayyohlar noroziligiga sabab bo‘layotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi.

Dengiz sathidan 1227 metr balandlikda joylashgan noyob ko‘l havzasida suv nefrit (kristall) tusida jilolanadi va aynan shuning uchun bu ko‘l xalq orasida Nefrit ko‘li deb ham ataladi. 

Mavzuga oid
Top