15:54 / 23.05.2020
22186

Hayitda ta'ziya bo‘lgan xonadonga borib, yarasini yangilash kerak emas

Kun.uz muborak Ramazon oyi munosabati tashkil etib kelayotgan turkum suhbatlarning navbatdagisida choshgoh namozini o‘qish tartibi, karantin davrida hayitni nishonlash va bayramdagi ba'zi odatlar haqida so‘z boradi. Bu mavzuda ma'lumot olish uchun Toshkent shahridagi «Xo‘ja Ahror Valiy» jome masjidi imom-xatibi Isomiddin domla Ahrorovga murojaat qildik.

Dunyo musulmon davlatlaridagi vaziyat. Ulamolarning hayit namozi bo‘yicha fatvolari

Hozir butun dunyoda koronavirus tarqalib, barcha xalqlar, mamlakatlarni larzaga solib turgan bir payt. Shunday damlarda hayit bayrami yaqinlashib kelmoqda. Xalqimiz Ramazon oyi kabi hayit bayramini ham intiqlik bilan kutadi.

Xo‘sh, hayit bayramini qanday o‘tkazishimiz, hayit namozini qanday o‘qimog‘imiz kerak? Bu borada muqaddas dinimizda keraklicha ma'lumot berilgan.

Agar dunyo miqyosida qaraydigan bo‘lsak, hayit namozlarini o‘qish ba'zi holatlardan kelib chiqib bo‘ynimizdan soqit bo‘ladi, deb ulamolar fatvo berishgan. O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi muftiy hazratlari Ramazon hayiti namozini o‘qish bo‘yicha bayonot bilan chiqish qildilar. Bayonotda ham shu narsaga alohida to‘xtalib, keraklicha tushuntirish berildi.

 Isomiddin domla Ahrorov

2020 yilgi Ramazon hayiti (Iydul fitr) namozini pandemiya davrida jamoat bo‘lib o‘qish imkoniyati mavjud emasligi musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qiladi. Shuningdek, uyda ehtiyoti peshin o‘qishga fatvo berildi.

Hayit namozini uyda ado etmoqchi bo‘lgan inson ulamolarimiz fatvosiga asosan, choshgoh, ishroq namoziga o‘xshagan nafl ibodatlarini yakka tartibda o‘qishi mumkin.

Choshgoh (zuho) namozini o‘qish tartibi

Zuho namozi ikki rakatdan sakkiz rakatgacha o‘qilishi mumkin. Eng afzali to‘rt rakatdan o‘qishdir. Ya'ni, hayit kuni bomdod namozini o‘qib, quyosh chiqqanidan so‘ng nafl (choshgoh) namozini o‘qishga niyat qilinadi. U to‘rt rakatdan iborat bo‘ladi.

Birinchi rakatda niyat qilib, «Sano» duosi o‘qigandan so‘ng Fotiha o‘qiladi. Keyin biror zam sura o‘qiladi. Rukuga boriladi, sajda qilinadi. Shu tartibda to‘rt rakat o‘qiladi. Bu namoz yolg‘iz ado etiladi. Turmush o‘rtoq, aka-uka, qarindoshlar ham bu namozni yolg‘iz, ya'ni alohida-alohida o‘qishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Karantin davrida hayit bayramini nishonlash

Muqaddas dinimiz har bir masalaga urg‘u berib, uning yechimini bergan. Hadislarda inson o‘ziga ham, o‘zgaga ham zarar berishi mumkin emasligi aytilgan. Ayniqsa pandemiya davrida inson o‘zining va o‘zgalar hayotini xavfga qo‘yish ehtimoli yuqori. Bugun karantin talablariga amal qilish ham davrimiz, ham muqaddas dinimizning talabi.

Hayit kunlarida yoshi ulug‘lar, bemorlar, beva-bechoralar, boquvchisini yo‘qotganlarni yo‘qlash ham ibodat hisoblanadi. Har bir oilaga hayit shukuhi kirib borishi kerak. O‘zimizning xonadonimizda hayit bo‘lsa-yu, o‘zganing xonadonida xayit bo‘lmasa, durust bo‘lmaydi. Ammo bu borada karantin qoidalariga amal qilish kerak.

Texnologiya rivojlangan bugungi davrda internet orqali yaqinlarni yo‘qlash, ko‘nglini ko‘tarib, shirin so‘zlar bilan ularga xursandchilik ulashish ham hayit kunlarida go‘zal amal hisoblanadi, ham karantin qoidalariga amal qilgan bo‘lamiz.

Hayit kunlaridagi odatlarda karantinga amal qilish lozim

Xalqimizda hayit kunlari yangi kelin tushgan xonadonlarga boriladi. Ta'ziya bo‘lgan xonadonda azalar davom ettiriladi. Bunda juda ehtiyot bo‘lmoq lozim. Odamlar to‘planmasligi kerak, «borayotgan joyimda kasal yo‘q» degan fikr to‘g‘ri emas. Karantin qoidalari ancha yumshadi. Lekin bu hamma narsa mumkin degani emas. Hayit kunlarida o‘zimizning va o‘zgalarning hayotini xavfga qo‘ymaylik.

Hayitda ta'ziya bo‘lgan xonadonga borib, yarasini yangilash kerak emas

Ba'zi odamlarimiz xayit kunida ta'ziya bo‘lgan xonadonlarga borishadi. Lekin xayit bayramida ularning yarasini yangilash kerak emas. Chunki u xonadon boquvchisini yo‘qotgan, farzand otadan, farzandlar onadan yoki ota-ona farzandidan ayrilgan bo‘lishi mumkin. Kimdir uning xonadoniga ko‘ngil so‘rab kelsa, uning yarasi yangilanib qoladi. Ana shu holatdan saqlanishimiz lozim. Hayit bayram bo‘lishi va katta xursandchilik bilan o‘tishi kerak.

Top