O‘zbekiston | 15:26 / 10.10.2022
14632
8 daqiqa o‘qiladi

Yer ostidagi mas’uliyatli kasb: metro bekati navbatchisi aslida kim?

Dunyoda biz bilmaydigan kasblar ko‘p. Masalan, metropolitenda shunday kasb egalari borki, odatda biz ularga e’tibor qaratmaymiz. E’tibor qaratsak ham ularning asl vazifasi nimadan iboratligini bilmaymiz. Bu - bekat navbatchisi.

Ba’zida shunday holatlar bo‘ladiki, yo‘lovchilarning xavfsizligi aynan shu xodimlarning tezkor harakatiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Kun.uz qariyb 10 yildan beri bekat navbatchisi bo‘lib ishlayotgan Saodat Usmonaliyeva bilan suhbatlashdi.

Saodat Usmonaliyeva «Tinchlik» metro stansiyasining doimiy bekat navbatchilaridan bo‘lib, u 1978 yilda, Toshkentda tug‘ilgan. Qahramonimiz dastlab Toshkent metropoliteniga qanday kelib qolgani, avval havo yo‘llarida ishlashni orzu qilgani haqida gapirib berdi.

«Yoshligimdan styuardessa bo‘lishni orzu qilgan edim»

Bir kuni qizim «oyi, bolaligingizda kim bo‘lishni istagansiz», deb so‘rab qoldi. O‘zi yoshligimdan styuardessa bo‘lishni orzu qilganman. Endi bu yo‘lda birgina mening xohishim kamlik qilgan bo‘lsa kerak, styuardessa bo‘lolmadim. Ota-onam ham haqiqiy o‘zbekona tarbiya egalari edi, balki bu kasbni qabul qilisholmagandir, deb o‘ylayman. Bunday vaqtda ota-ona yoningizda bo‘lishi kerak-da.

Shu bilan orada turmushga chiqib ketdim, farzandlarim katta bo‘lishdi. Uyda bekor o‘tirgan vaqtlarim edi. Xalqlar do‘stligi tomonda aylanib yurganimda, o‘sha yerda metropolitenga ishga oladigan joyi bor edi. Shu joyga ish so‘rab bordim. Faqat farroshlikka qabul qilishlarini aytishdi, xafa bo‘lib, kirishga rozi bo‘ldim baribir. Ish smenaga ajratilgani, bir kun ishlab, ikki kun uyda bo‘lganim uchun juda yoqdi. Shunday qilib, ishga ham kirib ketdim.

Ozgina muddat ishlaganimdan keyin metropolitenning tex maktabida o‘qishga taklif qilib qolishgan. Bu maktab aynan navbatchi xodimlarni o‘qitadi. Shu bilan suhbatga taklif qilindim, suhbatdan o‘tib, ma’lum muddat o‘qidik va 2013 yildan beri shu yerda bekat navbatchisi bo‘lib ishlab kelyapman.

Sevimli, ammo mas’uliyatli kasb

Kasbim styuardessa bo‘lish orzusiga yaqinligi uchun o‘zimga juda yoqadi. Formalarda, yo‘lovchilar bilan ishlash qiyinchilik tug‘dirmaydi, farzandlarimga bemalol vaqt ajrata olaman, ishim juda qulay. Kuniga 12 soat, bir oyda 15 kun yo kunduzi, yo kechasi ishlaymiz. Orada 2 kun uyda dam olaman.

Metropolitenda har bir bekatning boshliqlari bo‘ladi, navbatchi xodimlar shu boshliqlarning o‘rinbosari hisoblanadi. Boshliqlarning vazifalariga qarab, barcha mas’uliyatni yelkamizga olganmiz. Shu yerdagi hamma narsalarga biz javob beramiz. Kassaning, farroshlarning — umuman, hammaning ishini biz nazorat qilib, bu yerdagi harakatning uzluksizligini ta’minlashimiz kerak.

To‘satdan qandaydir hodisa ro‘y berishi, yo‘lovchining mazasi bo‘lmay qolishi mumkin. Shunday vaqtda biz ularga tez tibbiy yordam ko‘rsatishni, xizmat xodimlarini chaqirishni ham bilishimiz kerak.

«Oy, ty moya krasavitsa» deb konfetlar berib ketadi

Boshqalarning kayfiyati o‘zimga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ymayman. Aksincha, o‘zimniki boshqalarga, ayniqsa, yo‘lovchilarga ta’sir qilishi uchun harakat qilaman. Poyezdlarimiz kechga qolishi yoki yo‘lovchi endi tushgan paytda poyezd ketib qolishi mumkin — turli xil vaziyatlar bo‘ladi. Poyezdlarning intervali bor, yo‘lovchilarning ko‘pchiligi esa buni bilishmaydi va jahli chiqib ketaveradi. Shunda oldilariga borib, vaziyatni tushuntirishga harakat qilamiz, orada hazillashib, ularning kayfiyatini ko‘tarib olaman. Bu jarayon menda yaxshi chiqadi.

Har doim yoshi katta, rus millatiga mansub, ajoyib shlyapalar kiyib yuradigan bir ayol bor, shu bekatdan o‘tadi, «Oy, ty moya krasavitsa» deb konfetlar berib ketadi. Men necha yildan beri shu yerda ishlasam, doim shunday kayfiyatda o‘tadilar. Keyin yana bir nechta rahmat aytadigan yo‘lovchilarimiz ham bor, ularni eshitavergan sari, ishga kelgim kelaveradi.

Platformada o‘zimni podiumda yurgandek his qilaman

Fikrimcha, agar inson kasbini yoqtirmasa, qanday sharoitda ishlasa ham charchayveradi. Agar o‘z kasbiga mehr qo‘yib yoqtirsa, charchagani ham bilinmaydi. Albatta, jismoniy charchoqlar bitta uxlab turganingizda o‘tib ketadi, kasbni yoqtirmaslik esa ruhan charchoqqa sabab bo‘ladi. Ruhan charchash esa juda yomon narsa. Undan chiqib ketish juda qiyin. Hammaga bir maslahatni berardim, yaxshi ko‘rgan ishlarini qilishsin, shunda charchashmaydi.

Masalan, men uchun yo‘lovchilar bilan ishlash, styuardessa bo‘lishni xohlaganim sababli platformada formada yurish yoqadi. Platformada yursam, o‘zimni podiumda yurgandek his qilaman.

Poyezd yo‘liga odam tushib ketsa, bekat navbatchisi nima qiladi?

Ish bor joyda, kamchiliklar albatta bo‘ladi. Kamchilik bo‘lmasa, demak, ish ko‘ngildagidek bo‘lmayapti. Metroda poyezdlarning to‘xtab qolishi texnik sabablar tufayli yuzaga keladi. Bu – baribir texnika, turli nosozliklar bo‘lishi tayin, albatta. Bu kabi holatlarni xodimlarimiz tezda bartaraf etishadi.

Odamlarning poyezd tagiga tushib ketishi, endi bu — boshqa masala. Fikrimcha, ruhan sog‘lom odam unday ishni qilmaydi. Ha, tajribamizda bunday voqealar bo‘lgan. Bir marta bir yo‘lovchi o‘zini juda g‘alati tutgan, qarasam ko‘zlari olazarak, xotirjam emas. Poyezdlar o‘tsa ham chiqmayapti. Bunday vaqtda biz odatda ichki ishlar xodimlariga murojaat qilamiz, ular o‘sha inson bilan gaplashib, aslida unda nima holat bo‘layotganini so‘rashadi.

Agarda poyezd yo‘liga yo‘lovchi tushib ketsa, birinchi bo‘lib dispetcherga relslardagi elektr tokini o‘chirish xabarini beramiz. Tok o‘chganidan keyin, maxsus nimcha (jiletka)ni kiyib, ichki ishlar xodimi bilan pastga tushamiz va yo‘lovchini olib chiqamiz. Bu jarayonda militsiya xodimi jalb qilinadi, baribir. Agarda poyezd intervali kam bo‘lsa, fuqaroga kirib kutadigan joyini tushuntiramiz. Ungacha, albatta, poyezdni to‘xtatamiz. Mana shu jarayondagi barcha ishlarni bekat navbatchisi bajaradi. Shuning uchun ko‘p narsalar bizga bog‘liq.

Odatda navbatchi xodim va mashinist o‘rtasidagi muloqotlar maxsus signallar orqali kechadi. To‘xtatish, eshikni ochib-yopish, sekinroq yur, o‘tib ket kabi gaplarning ma’nosini beradigan signallarimiz bor. Shuning uchun qo‘limizdagi maxsus moslama doim biz bilan birga bo‘lishi kerak. 

Yo‘lovchilarga murojaat

Bir narsani tan olish kerak, Toshkent metropolitenining arxitekturasi va intereri juda chiroyli. Sanitar holati ham yaxshi. Ammo shunday yo‘lovchilarimiz bor, shuni asrash o‘rniga, turli chiqindilarni olib kirishadi. Metro chiqindi tashlaydigan joy emas-ku! Yoki o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, metro bekatlaridagi har bir ustunning yoniga axlat idishlarini qo‘yib chiqsak, xunuk ko‘rinmaydimi? Yo‘lovchilar kirib-chiqishining ham o‘ziga yarasha qonun-qoidalari bor, eshikdan kiraverishda hammasi yozilgan. Yo‘lovchilardan mana shularga amal qilishlarini so‘ragan bo‘lardim.

Mavzuga oid