19:35 / 24.03.2021
26178

Endi budjet mablag‘i talon-toroj bo‘lsa, prokurorlar ham javobgar bo‘ladi – prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini joriy yilda amalga oshirish masalalarini muhokama qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi vaqtida endi budjet mablag‘i talon-toroj bo‘lsa, mutasaddilar qatorida prokurorlar ham javobgar bo‘lishini ma'lum qildi.

«Har bir hokim o‘z hududi aholisiga murojaat bilan chiqadi va dasturda belgilangan vazifalarni, prezident talabini yetkazadi. Bu murojaatda o‘sha hokim o‘z mas'uliyati, javobgarligini aniq belgilab oladi.

Tuman va shahar hokimining iqtisod, qurilish va mahalla masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘z dasturlari doirasida zarur mablag‘lar va amalga oshirishi lozim bo‘lgan ishlarni aniq hisob-kitob qilib, mahalla raisi bilan birga, hududiy kengashlarda himoya qiladi.

Mahalliy kengashlar har bir mahalla kesimida ijtimoiy soha, ichimlik suvi, yo‘l-transport va infratuzilma obektlari «manzilli dasturi»ni tasdiqlaydi. Bunda, dasturlar doirasida mahalla raislari va aholining «ijtimoiy hamkorligi»ni ham nazarda tutish zarur.

Ya'ni davlat yangi yo‘l qurib bersa, uning atrofiga daraxt ekish, qazib berilgan ariq va zovurlarni keyinchalik tozalash, qurilgan binolarning butun saqlanishini ta'minlash bo‘yicha mahalla aholisi o‘ziga majburiyat oladi.

Umuman, viloyat, tuman va shahar hokimlari aniq bilib olsin – loyiha-smeta hujjatlarisiz qurilish ishlarini boshlash man etiladi.

Ramatov viloyat hokimlari bilan birga, 10 kun muddatda dasturga kiritilgan barcha qishloq va mahallalarda qurilish ishlarini boshlashi zarur.

Umuman olganda, Ochilboy Ramatov va Jamshid Qo‘chqorov bu boradagi ishlarni 11 trillion so‘mlik ipoteka dasturlari ijrosini ta'minlash bilan birga tashkil etib, jami 30 trillion so‘mlik loyihalarni yakuniga yetkazishga shaxsan javob beradi. Ramatov sifatiga, Qo‘chqorov puliga. Endi «o‘g‘irlab ketdi» degan gap ketmaydi.

Sektor rahbarlari belgilangan chora-tadbirlar ijrosini tashkil etib, yagona onlayn tizimga ma'lumotlarni kunlik kiritib boradi va har oyda ishlar ahvoli bo‘yicha mahalliy kengashlarda hamda ommaviy axborot vositalari orqali aholiga hisobot beradi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Akmalxo‘ja Mavlonov bundan buyon respublika va mahalliy budjetdan ajratilayotgan juda katta mablag‘larni manzilli, talon-toroj qilmasdan har bir so‘m qanday samarali ishlatilishini prokuratura tizimi, tuman va shaharlar prokurorlarining yordamchilari tomonidan qanday nazorat etilishini tushuntirib beradi.

Meni bir savol qiynaydi – nega shuncha chora-tadbirlarga qaramay o‘g‘riliklar, budjet mablag‘larini talon-toroj qilish kamaymayapti.

Endi budjet mablag‘i talon-toroj bo‘lsa, mutasaddilar qatorida, prokurorlar ham javobgar bo‘ladi», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top