O‘zbekiston | 09:51 / 07.07.2024
28599
3 daqiqa o‘qiladi

Angrenda mashinani soatiga 157 km tezlikda boshqargan ayolga chora ko‘rildi

Ayol qoidabuzarligi qayd etilgan videoni Instagramʼdagi sahifasiga joylagan va yo‘llarda bolalar ko‘p o‘layotgani haqidagi e’tirozlarga “U bolachalarning taqdiri onasining qornida yozilib bo‘lgan”, deb javob bergan.

Foto: Videodan kadr

Avvalroq Kun.uz’da Instagramʼdagi sahifasiga ism-sharifi Madina Shamsutdinova deb yozilgan ayol Equinox mashinasini Angren shahri Gurum mahallasi ko‘chalarida soatiga 156 km tezlikda boshqargani va holatni videoga olib Instagramʼdagi sahifasiga joylagani haqida xabar berilgandi.

Video ostidagi izohlarda Instagram foydalanuvchilari ayolga tanbeh berib, mashinalarning tez yurishi oqibatida bolalar halok bo‘layotganini yozganda u “U bolachalarning taqdiri onasining qornida yozilib bo‘lgan”, deb javob bergan.

Xabar saytda e’lon qilingandan ko‘p o‘tmay ayol o‘z sahifasidan Equinox mashinasida tez yurgani va telefondan foydalangani tasvirlangan videolarni o‘chirib tashladi.

Toshkent viloyati IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, Equinox mashinasi va uni juda katta tezlikda boshqargan ayol topilgan. Unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan ma’muriy bayonnoma tuzilgan.

YHXB o‘z Telegram kanalida e’lon qilgan videoda ayol mashinani aholi punktlarida soatiga 157 km tezlikda boshqarish mumkin emasligini bilmasligini ta’kidlagan.

YHXB e’lon qilgan videoda ayolning haydovchilik guvohnomasi bo‘lganmi yo‘qmi oydinlik kiritilmagan. Mabodo ayolda haydovchilik guvohnomasi bo‘lsa, O‘zbekistonda aholi punktida mashinani qanday tezlikda boshqarishni bilmaydigan shaxsga uni kim va qachon qanday tarzda berganini ham tekshirib ko‘rish kerak.

O‘zbekistonda transport vositalariga:

  • Toshkent, viloyat va tuman markazlarida maksimal harakatlanish tezligi 60 km/soat;
  • boshqa aholi yashash punktlarida 70 km/soat;
  • aholi punkti bo‘lmagan boshqa yo‘llarda 100 km/soat;
  • shaharlararo qatnaydigan avtobus va yuk mashinalariga 90 km/soat;
  • boshqa avtobuslar, tirkamali yengil avtomobillar, mototsikllar, ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillariga tezlikni 80 km/soatdan oshirmasdan;
  • tirkamali yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 70 km/soatdan oshirmasdan harakatlanish ruxsat etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 1 iyul kuni Navoiy viloyati Xatirchi tumanida 2-sinf o‘quvchisi piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotganida uni juda katta tezlikda harakatlangan mashina turtib o‘tib ketadi.

Qizcha piyodalar yo‘lakchasiga yiqilgan paytda uni soatiga 142 km tezlikda ketayotgan BYD mashinasi bosib o‘tib ketadi. Oqibatda, og‘ir tan jarohatlari olgan qizcha voqea joyida halok bo‘lgan.

Xatirchidagi halokat tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi ortidan juda ko‘p faollar qoidalarni buzib harakatlanadigan, odam bosib o‘ldiradigan haydovchilarga nisbatan jazolar keskinlashtirilishi lozimligini aytib chiqishdi. Ayrim blogerlar esa respublika YHXBBni tarqatib yuborish kerakligini ham yozishdi.

Mavzuga oid