17:00 / 07.08.2020
47904

Test sinovlari 2 sentyabrda boshlanadi

OTMlarga kirish imtihonlari 2 sentyabrdan boshlab, 2 hafta davomida o‘tkaziladi. Bu haqda Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

DTM boshqarma boshlig‘i Barno Rajabovning so‘zlariga ko‘ra, avgust oyida test sinovlari o‘tkaziladigan joylarni jihozlash (stol-stullar, tablolar qo‘yish, videokuzatuv o‘rnatish va h.k.) ishlari amalga oshiriladi.

Test sinovlari ochiq stadionlarda, kuniga 2 smenada tashkil etiladi. Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyevning ma'lum qilishicha, test sinovlarini o‘tkazish uchun respublikadagi 155ta stadion o‘rganib chiqilib, ulardan 40ga yaqini tanlab olingan.

Ob-havo sharoitidan kelib chiqib, imtihonlar kunning qulay vaqtida o‘tkazilishi, lozim bo‘lgan hollarda abituriyentlar soyabonlar bilan ta'minlanishi ma'lum qilindi.

  • Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 avgust kuni 2020 yilda oliy ta'lim muassasalariga qabulni tashkil qilish va 2020/2021-o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgan edi. Unda yopiq binolar epidemiologik talabga javob bermasligi, ijtimoiy masofaga rioya qilingan taqdirda imtihonlar vaqti anchaga cho‘zilib ketishini inobatga olib, test sinovlarini Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlaridagi stadionlarda tashkil etish yuzasidan topshiriq berilgan.
Mavzu
Qabul-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top