O‘zbekiston | 10:17 / 28.02.2021
10446
4 daqiqa o‘qiladi

«Huquqlarimiz qo‘pol ravishda buzilmoqda» – Jizzaxdagi advokatlar muammolari

24 fevral kuni Adliya vazirligi, Oliy sud, Bosh prokuratura, DXX, Ichki ishlar vazirligi vakillari ishtirokida advokatlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Jizzaxdan turib ishtirok etgan advokat Husan Quvvatov viloyatdagi ichki ishlar idoralarida advokatlarning huquqlari qo‘pol ravishda buzilayotganini aytib, qator holatlarni sanadi.

«Hozir IIV vakili ichki ishlardagi advokatlar xonalarida kameralar yo‘q dedi. Biroq Jizzax shahridagi vaqtincha saqlash hibsxonasidagi advokatlar xonasida haligacha kamera turibdi.

Qonunda yozilgan: advokat vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanayotgan himoyasi ostidagi shaxsning oldiga orderini, guvohnomasini ko‘rsatib, biror bir mansabdor shaxsning ruxsatisiz kirishga haqli. Qolaversa, Vaqtincha saqlash hibsxonalari to‘g‘risidagi nizomda advokat himoyasi ostidagi shaxs bilan audio, videoyozuv kuzatuvlari bo‘lmagan joyda xoli uchrashishga haqli deb yozilgan. Bundan tashqari, advokatga himoyasi ostidagi shaxs bilan uchrashish jarayonida mobil telefon, fotoapparat, diktofondan foydalanish imkoniyati yaratiladi, deyilyapti. Shahar hududida bu masalada muammo yo‘q, lekin tumanlarga boradigan bo‘lsak, navbatchi militsiyaga telefon qilib, undan keyin advokatning kirish-kirmasligi masalasi hal qilinadi.

Advokatni himoya qilish chindan zarur bo‘lsa, «Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida»gi qonun ishlashi kerak. Ichki ishlar idoralarida bu narsaga umuman e'tiborsiz qaraladi.

O‘zimga nisbatan bo‘lgan noqonuniy harakatga oddiy bir misol keltirsam: himoyam ostidagi shaxs bilan uchrashishga qarshilik qilib, 60 yoshga yaqinlashgan, og‘ir jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan shaxsni ichki ishlar xodimlari majburlab ichki ishlar idorasiga olib ketishdi. Mijozim [Jinoyat kodeksi] 169-moddasi 2-qismi bilan ayblanib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanyapti. U aybiga iqror bo‘lsa, zararni qoplab bermoqchi bo‘lsa...

U ham mayli, tergovchi menga koridorga chiqib turing, deyapti. Men undan «Xonangdagi kamera videoga olyaptimi, ovozni yozadimi?» deb so‘rasam, yozadi, dedi. Koridorga chiqib tursam, «ugolovniy rozisk»ni (jinoyat qidiruv bo‘limi) boshlig‘i, u hatto tergov guruhining a'zosi ham emas, «Qamoqqa olasan», deyapti. Sherigi esa «Advokati falonchi, ertaga muammo qiladi» desa, unga javoban «Advokatini onasini falon qilay» degan so‘zlarini o‘z qulog‘im bilan eshitdim.

Ariza yozdim, oxiri videoyozuvni ko‘tarishdi, lekin u yerda ovozi yo‘qmish. Men diktofon yozuvini beryapman, inobatga olinmayapti. Keyin bu xodim o‘zining yonidagi xodimni haqorat qilibdi, deb unga nisbatan hayfsan intizomiy jazosini berilyapti. Qani bu yerda advokatning sha'ni va qadr-qimmati?», deydi jizzaxlik advokat Husan Quvvatov.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ushbu masalalar, xususan, kamera va haqorat holatlari alohida o‘rganilishiga va'da berdi. 

Mavzuga oid