O‘zbekiston | 11:40 / 29.12.2020
3368
2 daqiqa o‘qiladi

2021 yilda 900 nafar chin yetim yoshlarni uy-joy bilan ta'minlashga 50 milliard so‘m ajratiladi 

2021 yilda birinchi marta budjetdan 900 nafar chin yetim yoshlarni uy-joy bilan ta'minlashga 50 milliard so‘m ajratiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomada ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, ehtiyojmand oilalarning farzandlari, chin yetim, nogironligi bo‘lgan va davolanishga muhtoj bolalarga alohida mehr-muruvvat ko‘rsatish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi.

“Hozirgi kunda respublikamizda alohida e'tiborga muhtoj 18 yoshgacha bo‘lgan 150 ming nafar farzandlarimiz bor. Ularning ta'lim olishi, aniq bir kasbni egallashi uchun ko‘maklashish, og‘ir kasallikka chalinganlarni davolash, chin yetimlarga hayotda o‘z o‘rnini topishga yordam berish, uy-joy bilan ta'minlash – nafaqat vazifamiz, avvalo, insoniy burchimizdir”, - dedi prezident.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilda birinchi marta budjetdan 900 nafar chin yetim yoshlarni uy-joy bilan ta'minlashga 50 milliard so‘m ajratiladi.

“Umuman, bunday ezgu ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish uchun Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondini tashkil etib, unga budjetdan 100 milliard so‘m yo‘naltirsak, o‘ylaymanki, sizlar ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaysiz. Bu mablag‘lar yil davomida ko‘paytirib boriladi.

Bu tashabbus umumxalq harakatiga aylanishi, saxovatpesha hamyurtlarimiz ushbu xayrli ishga munosib hissa qo‘shishiga ishonchim komil.

Oliy Majlis palatalari Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini qonun darajasida mustahkamlab, bu borada faollik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizni rag‘batlantirishni ham nazarda tutishi maqsadga muvofiq.

Shuningdek, Bolalar Ombudsmani to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishning ham vaqti-soati keldi”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid