Niqobdagi Mbappe va jar yoqasidagi Ukraina: Yevroda 21 iyun kungi o‘yinlar
Bugungi taqvimda gigantlar jangi hamda Ukraina uchun hal qiluvchi o‘yin.
Slovakiya — Ukraina: xatodan saboq chiqarilganmi? (18:00/ Zo'rTV)
Ruminiyadan uchralgan qaqshatqich mag‘lubiyatdan (0:3) keyin Sergey Rebrov jamoani tetiklashtirish uchun katta ehtimol bilan boshlang‘ich tarkibda o‘zgarishlar qiladi. Darvozada o‘tgan o‘yinda gollarga sabab bo‘lgan xatolarga yo‘l qo‘ygan Lunin o‘rnini Trubin egallashi mumkin. Shuningdek, 22 yoshli Brajkoga imkoniyat berilishi ehtimoli katta. Mikolenko jarohatidan tiklanishda davom etmoqda, shuning uchun hamon chap qanot himoyachisi pozitsiyasi muammoli bo‘lib qolmoqda. Zinchenko uning o‘rnini ishonchli bosa olmadi.
Ukrainlarni g‘alabadan boshqa hisob qoniqtirmaydi. Ular so‘nggi turda Belgiyaga qarshi o‘yinda g‘alabadan umid qilishi qiyin. Barchasi «sariq-ko‘klar» ruminlar zarbasidan qanchalik o‘ziga kela olganiga bog‘liq.
Slovakiya esa ayni vaqtda kurajni ushlagan. Bu jamoa kvartetning asosiy favoriti ustidan g‘alaba qozonishini deyarli hech kim kutmagandi. Ammo hali bayram qilishga erta.
Jamoa o‘tgan Yevrodagi xatoni takrorlamasligi kerak bo‘ladi. Uch yil muqaddam dastlabki turdagi g‘alaba ortidan ikki mag‘lubiyat qayd etilgandi va jamoaning turnirdagi ishiroki erta yakunlangandi. Bu safar slovakiyalik muxlislar sevimli futbolchilari ishga boshqacharoq yondashishi va yaxshiroq natijaga erishishiga ishonmoqda.
«Belgiya ustidan qozonilgan g‘alabadan keyingi eyforiya bir necha soat davom etdi, ammo uch ochko guruhdan chiqish uchun yetmasligi aniq. Hozircha bayram qilishga sabab yo‘q. Biz bor e’tiborni Ukraina bilan o‘yinga qaratganmiz», — degan jamoa ustozi Franchesko Kalsona.
Polsha — Avstriya: hech qanday do‘stlik yo‘q (21:00. Polsha — Avstriya / Zo'rTV)
Polyaklar va avstriyaliklar birinchi turda yulduzli raqiblarga – mos ravishda niderlandlar va fransuzlarga yutqazgandi, ammo o‘zining dadil futboli uchun maqtovlarga sazovor bo‘lgandi. Polyaklar bu o‘yinga kayfiyati ko‘tarilgan holda yetib keldi, chunki jamoa yetakchisi, birinchi turni jarohat tufayli o‘tkazib yuborgan Levandovski safga qaytishi kutilmoqda. Boshlang‘ich tarkibda Robert borligida va yo‘qligida — Polsha ikki xil jamoa bo‘ladi.
Bu o‘yinda ikki jamoaga ham g‘alaba zarur, durang ham hech kimni qoniqtirmaydi. So‘nggi turda Avstriya Niderlandiya bilan, Polsha — Fransiyaga qarshi o‘ynaydi. Bu o‘yinlarda ochko olish imkoniyati esa haddan tashqari past. Shuning uchun ikki jamoa ham bor kuchini juma kungi o‘yinlariga tashlaydi.
E’tiborli jihati, jamoalarda bir klub vakillari bo‘lgan futbolchilar bor. Bular «Lans»da o‘ynovchi Danso va Frankovski, shuningdek «Bolonya» a’zolari Skorupski va Posh. Ammo bir kunga har qanday do‘stlik unutiladi, ularning hech biri o‘z jamoadoshiga yon berishga tayyor emas.
Bu ikki jamoa Yevro-2020 saralashida bir guruhdan joy olgandi. O‘shanda Polsha safarda g‘alabaga erishgan, uyda durang qayd etilgan. Hozir esa Avstriya nisbatan kuchliroq ko‘rinmoqda.
Niderlandiya — Fransiya: Mbappe niqobda bo‘lsa ham o‘ynaydimi? (00:00 / Zo'rTV)
Juma kungi dasturn supertop jamoalar ishtirokidagi o‘yin yopib beradi. Bir kun oldingi Ispaniya va Italiya qarama-qarshiligi ortidan futbol muxlislari yana bir klassik qarama-qarshilikka guvoh bo‘lishlari mumkin. Bu gigantlar jangida o‘zaro uchrashuvlardagi ustunlik Fransiya tomonida: so‘nggi sakkiz uchrashuvdan yettitasida g‘alaba qozonilgan, jumladan, Yevro saralashida ikki g‘alaba. Ammo bu hali hech narsani anglatmaydi. Qolaversa, «Uchranglilar» safida Avstriya bilan uchrashuvda (1:0) burnini sindirib olgan Mbappe maydonga tushmasligi mumkin.
Kilianning jarohati so‘nggi kunlarda eng ko‘p muhokama etilgan mavzulardan biri bo‘ldi va o‘yin boshlangunicha bu mavzu muhimligicha qoladi. Yulduzli forvard maxsus niqobda mashg‘ulotlarga kirishdi, ammo fransuz nashrlari unga o‘ynash taqiqlangani haqida yozmoqda. Dide Desham ham bu masalada sirli gapirib, «barchasi to‘g‘ri yo‘nalishda ketayotgani»ni aytish bilan kifoyalandi.
Sardor va hujum chizig‘i yetakchisi yo‘qligi Fransiya uchun kuchli zarba bo‘lishi mumkin, lekin usiz ham Ronald Kuman jamoasiga muammolar tug‘dirish uchun kuch topiladi.
«Biz birinchi galdagi vazifani bajardik va dastlabki uchrashuvda g‘olib bo‘ldik, ammo niderlandlar ham xuddi shu ishni qilishgan. Keyingi vazifa — navbatdagi o‘yinni yutish va guruhdan chiqish masalasini hal etish. Biz o‘zimiz o‘ynay oladigan darajada yaxshi o‘ynashimiz kerak», — degan fransuzlar bosh murabbiyi.
Bu uchrashuv g‘olibi qit’aning 16 ta eng yaxshi jamoasi safiga kirish masalasini hal qiladi. Durang hisob ikki jamoani ham 1/8 finalga yaqinlashtiradi.
Mavzuga oid
14:26 / 17.10.2024
Mbappe jinsiy zo‘ravonlikda gumonlanmoqda
10:26 / 02.09.2024
Mbappe «Real»da ilk gollarini urdi, «Liverpul» «MYu»ni yakson etdi
10:24 / 30.08.2024
«Real» mavsum startida ikkinchi bor ochko yo‘qotdi
21:05 / 26.07.2024