22:57 / 28.02.2021
11345

Koronavirus: Chexiya prezidenti Putindan vaksina so‘radi, Angliyada ota-onalar tekshiriladi

Chexiya prezidenti rossiyaliklar prezident Vladimir Putinga yozgan maktubida «Sputnik V» vaksinalaridan yetkazib berishni so‘radi, Angliyada esa maktab o‘quvchilarining ota-onalari haftasiga ikki marta bepul testdan o‘tkaziladi. Dunyodagi koronavirus bilan bog‘liq shu va boshqa yangiliklar kunlik obzorda keltiriladi.

Foto: Reuters

Chexiya prezidenti Putindan «Sputnik V» so‘radi
Chexiya prezidenti Milosh Zeman Rossiya prezidenti Vladimir Putindan «Sputnik V» vaksinalari yetkazib berilishi bo‘yicha ko‘mak so‘radi. «Men janob prezident Vladimir Putinga «Sputnik V» vaksinalari yetkazib berilishida yordam ko‘rsatishini so‘rab maktub yozdim. Pragadagi RF elchixonasidan olingan ma'lumotga ko‘ra, yaqin vaqtlar ichida ushbu vaksinalar partiyasi yetib keladi», degan Zeman CNN’ning Pragadagi telekanali Prima News uchun bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u bu tashabbusni Chexiya bosh vaziri Andrey Babish bilan muhokama qilgan. Bosh vazir bundan oldinroq Yevropa Dori-darmon agentligi (EMA) rossiyaliklar vaksinasini ma'qullamaguncha Chexiya hukumati uni qo‘llamasligini aytgandi. Ayni vaqtgacha agentlik bu vaksinani foydalanish uchun tasdiqlamagandi.

CNN Prima News uchun bergan intervsida Babish Chexiya hukumati endi EMA sanksiyasini kutmasligini aytgan. Shu bilan birga, Chexiya dori-darmonlar agentligi «hujjatlashtirish ishlarini o‘rganib chiqishi kerakligi»ni ta'kidlagan. «Agar ular uni ma'qullamasa, sog‘liqni saqlash vazirligi istisno qilishi mumkin... kim istasa, emlanadi», deya Babishning so‘zlarini keltirgan Reuters agentligi.

Chexiya bosh vaziri so‘zlariga ko‘ra, uning mamlakati Vengriyadan o‘rnak olishi mumkin, ushbu davlat rahbari Viktor Orban xitoyliklarning Sinopharm vaksinasi bilan emlangandi, bu vaksina ham Yevroittifoq miqyosida foydalanish uchun tasdiqdan o‘tmagan.

2020 yil dekabrida Chexiyada BioNTech, Moderna va AstraZeneca kompaniyalari vaksinalari bilan emlash ishlari boshlangandi. Birinchi bosqichda 10,6 milliondan ortiq aholiga ega mamlakatning taxminan 650 ming fuqarosi emlangan.

Chexiyada 1 martdan yangi cheklov choralari amalda bo‘ladi. Unga ko‘ra, boshlang‘ich maktablar ham masofaviy o‘qishga o‘tadi. Avvalroq o‘rta sinflar va yuqori sinf o‘quvchilari uchun ham maktablar yopilgandi.

Politsiya ko‘chalarda navbatchilik qilib, odamlar to‘planishining oldini oladi va sababsiz hududlar orasida harakatlanish taqiqlanganidan ogohlantiradi.

Chexiya - dunyoda koronavirusdan eng jiddiy jabr ko‘rgan davlatlardan biri sanaladi, bu yerda 1,2 mln kishi virusga chalingan, 20 mingdan ortiq bemor vafot etgan.

Dunyoda kasallanganlar soni 114 millionga yaqinlashdi
Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda pandemiya boshidan buyon koronavirus yuqtirib olganlar soni 113,7 million kishini tashkil qilmoqda. Kasallik qurbonlari soni 2,5 mln, 88 mln.dan ortiq kishi tuzalib ketgan.

AQSh, Hindiston va Braziliyada kasallikni boshdan kechirganlar soni 10 milliondan ortiqni tashkil qiladi.

Angliyada maktab o‘quvchilari ota-onalari bepul test qilinadi
Angliyada voyaga yetmagan maktab o‘quvchilari koronavirusga qarshi ekspress-testlar to‘plamlari bilan ta'minlanadi. Mamlakatda 8 martdan maktablarni qaytadan ochish rejalashtirilmoqda - bu koronavirus tarqalishiga qarshi joriy etilgan cheklov choralarini bekor qilishning birinchi bosqichi doirasida amalga oshiriladi.

Maktabda o‘qiydigan bolalari bor oilalarga bir haftada ikki marta bepul test to‘plamlari yetkazib beriladi. Shuningdek, ish faoliyati maktab ta'limi bilan bog‘liq odamlar ham testlarni olishi mumkin.

Britaniya sog‘liqni saqlash tizimi bu kasallanganlarni tez aniqlash va virus keng tarqalishining oldini olishga xizmat qilishiga umid bildirmoqda.

Belgiyada qamoqxonalarda karantin
Belgiyaning Namyur qamoqxonasida mahbuslarga kameralarni tark etish taqiqlandi, mahbuslarning yarmidan ko‘pining Covid-19'ni aniqlash uchun topshirgan testi musbat natija bergan.

Qamoqxonada jami 132 kishi saqlanadi. Axloq tuzatish muassasasining 115 xodimidan 60 nafarida ham koronavirus chiqqan. Shu bilan birga, faqat birgina mahbusni shifoxonaga yotqizishga zarurat tug‘ilgan.

Qamoqxona ma'muriyati vakili vaziyatni juda jiddiy deb atagan. Mahbuslar sayr qilish va dush qabul qilish imkoniyatidan vaqtincha mahrum bo‘lgan. Ammo ularga har kuni issiq ovqat va gigiyenik vositalar berib boriladi.

Shuningdek, mahbuslarning yaqinlari bilan uchrashuvlari ham bekor qilindi. Shu tufayli qamoqxona eshigi oldida mahkumlarning qarindoshlari to‘planishi kuzatilmoqda.

Fransiya va Yangi Zelandiyada mahalliy lokdaunlar

Fransiyaning ikki shahri - Nitssa va Dyunkerkda - kasallanganlar soni keskin o‘sishi munosabati bilan lokdaun joriy etildi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Olive Veran avvalroq Dyunkerkeda kunlik kasallanish ko‘rsatkichi keskin o‘sgani, shahardagi har 100 ming aholiga 100 bemor to‘g‘ri kelayotganini aytgandi, bu esa mamlakatning o‘rtacha ko‘rsatkichidan to‘qqiz baravar ko‘proqdir.

Mamlakat bosh vaziri Jan Kasteks shu kabi muqobil choralar koronavirus infeksiyasi tarqalishi tezlashgan yana 20ta aholi punktiga qo‘llanishi mumkinligini ma'lum qilgan.

Yangi Zelandiyaning yirik shahri - Oklendda hukumat koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish uchun kamida bir haftaga lokdaun joriy etdi.

Yakshanba kunidan 1,7 mln kishi yashaydigan Oklendda uydan faqat ishga yoki oziq-ovqat olib kelish uchun chiqish mumkin bo‘ladi. Shaharga kirish va shahardan chiqish taqiqlangan.

Maktablar va birinchi navbatda zarur bo‘ladigan mahsulotlar sotilmaydigan do‘konlar yopildi.

Mamlakat bosh vaziri Jasinda Ardern koronavirus infeksiyasi yana tarqala boshlaganining asosiy sababi sifatida o‘zini ihotalash rejimida yashashi kerak bo‘lgan, ammo bunga rioya qilmagan ayrim fuqarolarni keltirdi.

Yangi Zelandiya o‘tgan yil bahorida koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini ololgan kamdan kam davlatlardan biri bo‘lgandi. Pandemiya boshidan buyon 5 million kishi yashaydigan ushbu mamlakatda Covid-19 tufayli atigi 26 o‘lim qayd etildi.

Mavzuga oid
Top