O‘zbekiston | 13:28 / 30.07.2022
11983
6 daqiqa o‘qiladi

“Yong‘in doim kutilmaganda boshlanadi” - olov ichida 14 yil ishlagan o‘t o‘chiruvchi

Nurali Narinbetov – o‘t o‘chiruvchi, u 14 yildan beri shu sohada ishlab keladi. Bu vaqt oralig‘ida sohasi bilan bog‘liq turli voqea-hodisalarni boshdan kechirgan, qiyin va qaltis vaziyatlarga tushgan.

Dastlab faoliyatini Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumaniga qarashli 14-harbiylashtirilgan yong‘in xavfsizligi otryadida boshlagan qahramonimiz, hozirda Yunusobod tumanidagi 17-yong‘in qutqaruv qismida ishlamoqda.

“Sohaga ishqim borligi sabab shu yergacha keldim”

— Maktabni bitirayotgan davrlarimizda mahallamizda yong‘in sodir bo‘lgan. Shu yong‘inni o‘chirish uchun maxsus mashina o‘tib ketganida nima bo‘lganiga qiziqib borganmiz. Qarasak, uy yonayotgan ekan, shunda o‘t o‘chiruvchilarga yordamlashib, qarashganmiz. O‘shandan buyon shu kasbga ishqim tushib qolgan. Mana shu ishqim, qiziqishim sabab shu yergacha yetib keldim-da.

Faoliyatimizga ham 14 yil bo‘lyapti, Xudo xohlasa. Mana shu vaqt oralig‘ida hech jonimga tekkan yoki ishdan sovib, ketishni xohlagan vaziyatlarim bo‘lmagan. Ish jarayonida bunday xayollar bo‘lmaydi, chunki o‘zim yaxshi ko‘rib shu sohaga kirganman. Ishdan tashqari, balki, shunday o‘y-fikrlarni o‘tkazishimiz mumkin.

“Barcha o‘t o‘chiruvchilarni kutadigan birinchi holat – o‘limni ko‘rish”

— Boshida, ishga kirgan vaqtda barcha yong‘in o‘chiruvchilarni kutadigan narsa – o‘lim holatini ko‘rish. Chunki armiyadan keyin bu ishga kiradigan bo‘lsa, xodimlar juda yosh bo‘ladi. Mana shunda ularga birinchi marta o‘limni ko‘rish salbiy ta’sir qilishi mumkin. Qo‘rqish hammada bo‘ladi, doim bo‘lgan.

Tajribamda 100 foiz kuyib, o‘lgan insonlarni uchratmaganman. Tutundan dimiqib o‘lgan insonlarni ko‘rganman. Balki, shu sababli menga oddiy tuyulishi mumkin. Qolaversa, keyin-keyin mahallalardagi janozalarga borib, mayitlarni ko‘ravergach qo‘rqishni ham esdan chiqardik. Ammo hamkasblarim orasida buning aksini ko‘rganmiz. 2-3 kungacha o‘ziga kelolmay yurganlari bo‘lgan. Biz undaylarga dalda berganmiz.

Keyingi holatlarda, masalan, o‘lim aniqlansa, o‘sha hamkasbimizni joyga kirgizmaslikka harakat qilamiz. Shunchaki, o‘ziga kelib olishi uchun ham vaqtinchalik ko‘rsatmasdan turar edik.

“Qish arafasida ko‘plab odamlar uyini o‘zi bilganicha isitadi”

— Yoz faslida tamaki mahsulotlarini chekib, bilib-bilmay yerlarga tashlayverishadi, ba’zilari quruq o‘tning ustiga ham otadi. Otdimi, bo‘ldi, undan keyin yong‘in boshlanadi. Shuningdek, kuzdan qishga o‘tar vaqtda tez sovib ketishi hisobiga ko‘pchilik xonadonlar hamma narsani o‘zi bilmagan holda ishlatadi. Ular orasida mumkin bo‘lmagan holatlar ham uchraydi va oqibatda yong‘in kelib chiqadi.

Bir xil vaqtlarda 5-6 talab yong‘in sodir bo‘lishi, ba’zida esa umuman bo‘lmasligi ham mumkin. Yong‘inni boshqarib bo‘lmaydi, u belgilanmagan joydan chiqadi, falon joyda sodir bo‘ladi deb hech kim aytolmaydi.

“Ko‘chalarda mashinalar yo‘l bermaydi”

— Markaziy dispetcherlikdan qism dispetcherlik xizmatiga xabar kelib tushganidan keyin maxsus guruh bilan 1 daqiqaning ichida (1 daqiqadan oshishi mumkin emas) darvozadan chiqib ketamiz. Vaqtida yetib borishga harakat qilamiz, ammo yo‘llardagi tirbandliklar bunga to‘sqinlik qiladi.

Ilgari sirena, “migalka” yongan mashinalarga yo‘l berish kerakligi haydovchilik guvohnomani olayotgan vaqtimizdayoq o‘rgatilardi, hozir bilmayman shundaymikan, avtomobillar yo‘l bermaydi. Shu o‘rinda avtomobil haydovchilariga maslahatim bor. Nafaqat o‘t o‘chiruvchi mashina, balki tez tibbiy yordamni ham ko‘rdingizmi, ularga yo‘l bering. Bu orqali kimningdir hayotini saqlab qolish mumkin.

Soxta qo‘ng‘iroqlar uchramaydi. Sababi texnika rivojlanib ketgan, soxta qo‘ng‘iroqlar uchrab qolsa, zudlik bilan aniqlanadi. Men endi ishga kirgan vaqtlarimda uchrar edi, chunki u vaqtlarda telefon endi chiqqan, uncha rivojlanmagan paytlar edi. Hozir hammayoqda internet, soniyada soxta qo‘ng‘iroqlarni aniqlash mumkin.

“Ko‘pchilik vaziyatimizdan bexabar”

— Ko‘pchilik 101 ga qo‘ng‘iroq qilganidan keyin o‘t o‘chiruvchilar darrov yetib keladi deb o‘ylaydi. Ularning qilgan qo‘ng‘irog‘i birinchi markaziy dispetcherlik xizmatiga, so‘ng qism dispetcherligiga tushadi va shu xizmat bizni chiqazib yuboradi. Xabarlar har xil joylardan beriladi, ba’zilari uchun 20 km masofani bosib o‘tish lozim. Tirbandliklar bo‘lib qolishi, yo‘l bermaslik holatlari ham uchrashi mumkin. Mana shu jarayonda xalq “pojarniy” kechib kelyapti, deb o‘ylaydi. Lekin ular vaziyatlardan bexabar. Borganimizdan keyin hammasi jahl bilan turishadi. Shunda biz ularni tinchlantirishga harakat qilamiz.

“Bu holat hanuzgacha ko‘z oldimdan ketmaydi”

— Bitta katta uy yongan. Shunda ikkita mashinamiz ikki xil tomondan kirganmiz. Qutqaruvchi hamkasbimiz uyning tomiga chiqib, dastakni olib kelganida tom tushib ketgan pastga. Yong‘in o‘chiruvchimiz tom bilan pastga tushib ketgan… Jamoadoshimni qutqarish uchun o‘zimni ichkariga urganman, lekin dastagiga osilib chiqib kelgan. Xayriyat, hamkasbim kuymagan.

Shu yerda o‘lim ham bo‘lishi mumkin edi, jon shirin-da baribir. Shu-shu, hanuzgacha bu holatlar ko‘zimning oldidan ketmaydi.

Intervyuni to‘liq holda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid