Jahon | 14:06 / 26.09.2024
10353
3 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada sud 56 yil avvalgi qotillik uchun o‘limga hukm qilingan erkakni oqladi

Ivao Hakamada o‘lim jazosini eng uzoq kutgan inson sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgandi.

Foto: Reuters

Yaponiya sudi 88 yoshli Ivao Hakamadani oqladi. U 1968 yilda to‘rt kishilik oilani o‘ldirishda ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilingandi. Uning himoyachilari o‘n yillar davomida apellyatsiya shikoyatlarini kiritib keldi. 2014 yilgacha Hakamada o‘lim jazosiga mahkumlar kamerasida saqlangan, shundan so‘ng ozod etilgan va qayta sud jarayoni boshlangan. Kyodo xabar berishicha, sud uning aybini tasdiqlovchi dalillar soxtalashtirilganini aniqladi.

Ivao Hakamada — sobiq professional bokschi. Sport karerasini tugatgandan so‘ng, u miso (an’anaviy yapon ziravori) ishlab chiqarish fabrikasiga ishga kirgan. 1966 yil 30 iyunda uning boshliqlaridan birining uyida yong‘in sodir bo‘ldi. Hakamada o‘tni o‘chirishda yordamlashgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda u boshlig‘i, uning rafiqasi va ikki farzandining pichoqlangan jasadlarini topgan. Shuningdek, kimdir uydan taxminan 200 ming iyena o‘g‘irlagandi.

Erkak hibsga olinib, qotillikda ayblandi. 20 kunlik so‘roq-savol davomida u aybini tan oldi, ammo sud bunga qiynoqlar sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Hibsga olinganidan bir yil o‘tgach, fabrikadagi miso saqlanadigan idishlarning birida qon izlari bo‘lgan kiyim topiladi. Izlar qurbonlarning qon guruhlari bilan mos kelgan. Sud erkakni o‘lim jazosiga hukm qildi, 1980 yilda Yaponiya Oliy sudi bu hukmni tasdiqladi. Shundan so‘ng Hakamadaning himoyachilari 2014 yilgacha apellyatsiya shikoyatlari berib kelishgan. 2011 yilda Ivao Hakamada o‘lim jazosini eng uzoq kutgan inson sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi.

2014 yil mart oyida okrug sudi ishni qayta ko‘rib chiqishni boshlagach, Ivao Hakamada ozodlikka chiqarildi. Keyinchalik o‘tkazilgan ekspertiza natijasida topilgan qonga belangan kiyimda Hakamadaning DNKsi yo‘qligi aniqlandi. 2024 yil may oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi sud majlisida prokurorlar hamon o‘lim jazosini talab qilishda davom etdi. Biroq sud Hakamadaning qotillikka iqror bo‘lishi kabi ayblovchi dalillarni ham soxtalashtirilgan deb topdi.

Mavzuga oid