Jahon | 14:38 / 21.08.2019
16619
2 daqiqa o‘qiladi

Moldovada o‘zbekistonliklarga YeI chegarasini noqonuniy ravishda kesib o‘tishda yordam bergan jinoiy guruh qo‘lga olindi

Foto: Nokta

Moldovada noqonuniy migratsiya tarmog‘i fosh etildi, u Osiyo davlatlari fuqarolariga soxta hujjatlar bilan Yevropa ittifoqi chegarasini kesib o‘tishda yordam berib kelgan. Bu haqda Moldovaning Nokta nashri ushbu mamlakat Korrupsiyaga qarshi kurash mahkamasiga tayanib xabar qildi.

Mahkama ma'lumotlariga ko‘ra, uyushgan guruhga Moldovaning ikki fuqarosi rahbarlik qilgan, ulardan biri sobiq chegara politsiyachisi ekani aytiladi. Guruh Moldova Respublikasi hududida Osiyo davlatlari fuqarolarining vaqtincha istiqomat qilishini ta'minlagan. Shuningdek, u shaxsni tasdiqlovchi soxta hujjatlarni taqdim etib, kishilarni Prut daryosi orqali Ruminiya tomoniga olib o‘tish bilan shug‘ullanib kelgan.

Ko‘rsatilgan xizmatlar uchun har bir migrantdan 2000 yevrodan pul olingan. Ruminiya hududiga o‘tib bo‘lingandan keyin pul to‘langan.

Chegara politsiyasi va Xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bir vaqtning o‘zida amalga oshirilgan harakatlardan so‘ng, davlat chegarasi yashil sektorida, Ruminiya va YeI chegara tumanlariga bevosita yaqin joyda uyushgan guruh a'zolari, shuningdek, Yevropa ittifoqi chegarasini noqonuniy ravishda kesib o‘tishni rejalashtirgan bir qator chet el fuqarolari qo‘lga olindi.

20 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan xorijiy fuqarolar Bangladesh Xalq Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasidan ekani xabar qilindi. Noqonuniy migratsiya tarmog‘i tashkilotchilari bo‘lgan Moldova fuqarolari 72 soatga hibsga olingan.
 
Surishtiruv davomida aniqlanishicha, ba'zi chet el fuqarolariga bir necha davlatlarga, shu jumladan Yevropa ittifoqiga kirish taqiqlangan bo‘lgan. 

Mavzuga oid