Jamiyat | 18:00 / 21.06.2021
24731
12 daqiqa o‘qiladi

“U butun umr teatr deb yashadi, yondi, kuydi” - rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev hayotiga nazar

O‘zbekiston xalq artisti, rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev shu yilning 16 may kuni 76 yoshida vafot etdi. O‘zbek san'ati darg‘alaridan biri bo‘lgan ijodkor “Maysaraning ishi”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Farmonbibi arazladi”, “Arshin mol olan”, “Qora kamar”, “Nodirabegim” kabi spektakllarini sahnalashtirib, o‘zbek teatr san'atida o‘chmas iz qoldirdi.

Kun.uz atoqli rejissyorning ibratli, mazmunli hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida xotira ko‘rsatuvi tayyorlashga ahd qildi.

“U kishining repetitsiyasi bir olam edi”

Farhod Abdullayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:

— Bahodir aka ayni kuchga to‘lgan, “pishgan” davrida, biz ular bilan ishlashimiz kerak bo‘lgan davrda ketib qoldi. Men baxtli aktyorman. Bahodir aka bilan O‘zbekiston davlat drama teatrida ancha yillar birga ishladik. “Maysaraning ishi”, “Qora kamar” va boshqa juda ko‘plab spektakllarda faoliyat olib bordik. Bahodir aka bilan dunyo kezdik: Germaniya, Shotlandiya, Irlandiya, Angliya davlatlariga bordik. Baxtim shundaki, yillar o‘tib Bahodir aka bilan yana birga ishlashga muvaffaq bo‘ldim.

Kutilmagan bir paytda meni “Diydor” teatr studiyasiga chaqirib qoldilar va: “Farhod, siz menga keraksiz, “Arshin mol olan”ni sahnalashtirmoqchiman. Siz shu asarda mix vazifasini o‘tasangiz, yoshlar sizning atrofingizda aylansa. Sultonbek rolini o‘ynasangiz, boshqalarda buni ko‘rmayapman”, dedi.

Bahodir aka meni juda yaxshi biladi. Teatrda biror aktyor kelmay qolsa, Farhodni chaqiringlar, derdi. “Kelinlar qo‘zg‘oloni”ga juda og‘ir vaziyatda, boshqa aktyorning o‘rniga kirib kelganman.

O‘sha payti Bahodir akaning o‘zi yotoqxonadan olib ketib, “Alpomish” saroyida, spektakl boshlanishidan oldin shu rolni bergan. Menda hamma rol doim tayyor turishini bilardi.

“Diydor” teatr studiyasiga kelganimda, boshqa Bahodir akani ko‘rdim. Astagina, mo‘ysafidona gapirardilar.

U kishining repetitsiyasi bir olam edi. Bahodir aka juda bosiqlik bilan, unaqamas, bunaqa, deb ohista gapirib, xatolarimizni tushuntirardi.

Mening baxtim – Bahodir Yo‘ldoshev bilan jo‘shqin paytlarida ham, donishmand bo‘lgan vaqtlaridayam ishlashga muyassar bo‘lganimdir.

“Aktyorday yashamaysizlar, derdi”

 Adiz Rajabov, aktyor:

— Qanaqadir maslahat bilan oldiga kirganingizda sizga shunday bir nasihat yoki muammongiz bo‘lsa, aniq yechimini ko‘rsatib berardi, yo‘nalish berardi. Kasbi uchun butun borlig‘ini bergan, umrini bag‘ishlagan odam u. Nima uchun aktyor rol o‘ynashi kerakligi, o‘zi umuman, bu insoniyatga nima berishini chuqur tushungan, idrok qilolgan inson edi.

Juda talabchan inson bo‘lgan. Vaqtida kelishimiz kerak edi. Talabchanlik, mas'uliyat, avvalo, o‘zimizning foydamiz uchun bo‘lgan. Vaqtida repetitsiyalarga kelish o‘zim uchun kerak ekan, degan tushunchani o‘zimiz anglab yetishimizga turtki bo‘lardilar.

O‘zimizga nisbatan talabchan bo‘lishimiz uchun ham ular zamin yaratib berardilar. Sizlar aktyorday yashamaysizlar, derdilar. Xonandalar qo‘shiq kuylashidan oldin tomog‘ini qanchalik asrasa, aktyor ham o‘zi ijro etadigan holati ta'sirida yurishi kerak.

Aktyorlar ular bilan holatga tezroq kirishib ketardi. Biror qo‘shiqni qo‘yib berardi, qaysidir g‘azalni aytib, mag‘zini tushuntirardi. Sizni to‘laqonligicha shu vaziyatga, holatga olib kirib qo‘yardi. Biror narsani hijjalab tushuntirishdan erinmasdi.

“27 yoshdayoq Xamza teatrining bosh rejissyori bo‘lgandi”

Muhabbat Abdullayeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:

— San'atda 51 yildan beri ishlayotgan bo‘lsam, Bahodir Yo‘ldoshevni 54 yildan beri tanirkanman. Nafaqat taniganman, balki yaxshi bilganman. Bahodir Yo‘ldoshevni menchalik hech kim bilmasa kerak. Uning shaxsiy hayoti, san'atdagi faoliyatida ishtirokim bor. Yo‘limiz ajralib ketadi, yana to‘qnash kelamiz. Taqdir bizning san'atdagi faoliyatimizni bir yo‘lga birlashtirgan ekan.

Shaxs sifatida juda murakkab inson edi. Hayotida juda ko‘p qarshiliklarga uchragan. Talabalik davridan buyon bilaman. Birinchi marta ispan shoiri Federiko Garsiya Lorkaning she'rlari asosida sahnalashtirilgan spektaklda ko‘rgandim. U rejissyorlik fakultetida o‘qirdi va kursdoshlari bilan shu spektaklni sahnalashtirishgandi.

O‘shanda taniy boshlaganman uni. Ozg‘ingina edi, she'rlarni maromiga qo‘yib o‘qirdi. Qayerlik bu bola desam, kattaqo‘rg‘onlik, deb aytishdi. Kursdoshim Oybarchin Bakirova bilan sevishib qolishgandi. Uni hamma qizlar yoqtirardi. Bir joyda suhbat qilib o‘tirsak, she'rlar o‘qib berardi, mahliyo bo‘lib o‘tirishardi. Oshiqlari ko‘p edi. U tanlamasdi, uni tanlashardi.

Bahodir kursdoshim Oybarchin Bakirova bilan turmush qurishdi. Oybarchinning yaqin dugonasi bo‘lganim uchun ular bilan birga ijarada turganman. Juda sho‘x edik u paytlarda. Bir kuni pulimiz bo‘lmagan vaqtda 3 so‘m pulga kartoshka olib, uni qovurib, non, vino qo‘shib olganmiz. Dasturxonga shularni qo‘yib, uchalamiz tonggacha o‘tirib, san'at, kitob haqida gaplashib chiqardik. Ularning eng yaqin do‘stlaridan bo‘lganman.

Turmush qurishganlarida ham yonlarida edim. Avval Andijonda, keyin Kattaqo‘rg‘onda to‘y bo‘ldi. Kattaqo‘rg‘onga borganimizda, Bahodirning otasi bizni judayam yaxshi kutib oldi. U samimiy, oddiy inson edi. Onasi aktrisa edi. Kattaqo‘rg‘on teatri direktori bo‘lgan.

Bahodir bilan bir vaqtda Hamza teatri (hozirgi Milliy akademik drama teatri)ga qabul qilindik: u rejissyor, men esa aktrisa sifatida. 27 yoshida teatrning bosh rejissyori bo‘lgan. Bu yoshda bosh rejissyor bo‘lish hammagayam nasib qilavermagan.

U juda g‘ayratli, ijodga berilgan edi. Umrining oxirigacha teatr, san'atga vafodor bo‘lgan. Mana shu fidoyilik.

Erta-yu kech faqat san'at haqida o‘ylardi. Mayda maishiy muammolarga boshini qotirmasdi, bozor nimaligini, non qancha turishini, nima yeyayotganigacha bilmasdi. Oldiga nima olib kelishsa, shuni yerdi. Xayol-u fikri spektakl qo‘yish bilan band edi. Judayam murakkab xarakteri bor edi, uni tushunish qiyin edi. Fikrimcha, u hech kimga haqiqiy do‘st bo‘lmagan. Yagona do‘sti teatr rassomi Georgiy Brim edi.

Bir qiziq voqeani aytib beraman. Bitta ijara uyda turardik, katta xonasi bor edi. Pechka bilan isitilardi. O‘shanda yoqishga o‘tin, ko‘mir yo‘q edi. O‘tin yiqqani ko‘chaga chiqqandik, yog‘och panjaralarni o‘g‘irlab uzib, o‘tin sifatida yoqardik. Hammayoq tutun bo‘lardi, lekin uy isimasdi. Keyin uchalamiz issiq kiyimlar bilan ko‘rpaga o‘ranvolib, ertalabgacha kitob o‘qirdik. Sevimli pesalarini chiroyli o‘qib berardi.

“Katta miqdorda gonorar olsa, shogirdlariga tarqatvorardi”

Akbarxo‘ja Rasulov, aktyor:

— Mol-dunyoga qiziqmasdi. Alloh bergan umrni boricha yashashni istardi. Katta gonorarlar berilganida ham shogirdlariga tarqatvorardilar. O‘zim buning guvohi bo‘lmaganman, lekin juda ko‘pchilikdan eshitganman.

Teatrimiz oldida go‘shtli non yopilardi. O‘sha nondan sotib olib, kichik bo‘lagini yerdi-da, qolganini deraza oldiga ushatib qo‘yardi. Birinchi marta ko‘rganimda hayron bo‘lganman. Non ushoqlarini yeyish uchun qushlar kelarmikin, deb o‘ylab qoldim. Birozdan keyin ssenariyga quloq solgan aktyorlarday qushlar uchib keldi. Shu voqea doim yodimda qoladi. Bu holat ular Alloh yaratgan jonzotlarni qanchalik qadrlashini anglatib turardi.

Bir inson olamdan o‘tsa, oldin to‘yiga bormagan bo‘lsayam, albatta, janozasiga borardi.

Oldiga birinchi marta kelgan talabaga ketgin, bu yerda o‘qimagin, derdilar. Bu ishdan qaytarardilar. San'atni astoydil sevadigani bo‘lsa, keyin qabul qilardi. Chunki san'at yo‘li og‘irligini o‘zlari yaxshi bilardi. Bu narsani chin dildan xohlamagan odamga ravo ko‘rmasdi.

Ular bilimsizlikka, ma'naviyatsizlikka qarshi edi. Jamiyatda o‘qimishli qatlam ko‘proq bo‘lishini, odamlar o‘z hayoti va atrofdagilarnikiga befarq bo‘lmasligini xohlardi.

“Bir kunda kamida 50 bet kitob o‘qish kerak, derdi”

Shuhrat Rizayev, adabiyotshunos:

— Bahodir aka bilan o‘rtamizda 1988-1989 yillarda yaqin munosabatlar paydo bo‘la boshladi, shaxsan tanishdim. Lekin men Bahodir akani ancha oldindan bilardim. Chunki uning spektakllarini ko‘rgandim. 70-yillarda avvalgi Hamza teatrida rassom Georgiy Brim bilan gurillab ijod qilgan. O‘sha paytda qo‘yilgan spektakllar butun O‘zbekiston madaniy hayotida burilishlar yasay olgandi.

Bahodir aka tinimsiz o‘qirdi. “Har kuni qo‘lingga nima tushsa, 50 varaqdan kam bo‘lmagan nimadir o‘qigin. Teatr rejissyori barcha mavzularga doir spektakllar qo‘yishi mumkin. Shuning uchun istalgan mavzudagi kitobni o‘qiyvergin”, derdi. Bahodir aka har kuni hamma narsani o‘qishga harakat qilardi. Albatta, tanlab, saralab o‘qirdi, ko‘proq badiiy adabiyot o‘qirdi.

Birinchi o‘zbek dramaturgi Alisher Navoiy bo‘ladi, bilib qo‘y, derdi. Navoiy Shekspirdan kam bo‘lmagan buyuk dramaturg edi. Xullas, butun umr Navoiyga cheksiz muhabbatini saqladi.

“Bahodir Yo‘ldoshev teatri” nomli kitob yozganman. 70 yoshga kirganida shu kitobni chiqardim. Undan oldin Bahodir aka haqida ijodiy portret qildik. Bahodir akaning ko‘p spektakllariga maqolalar yozdim, kitob bo‘lib chiqdi. Shu ma'noda men o‘zimdan mutlaqo qoniqmayman. Shu vaqtgacha Bahodir aka haqida ko‘p gaplarni aytmaganman, aytolmaganman. Xotirjam holatda biror narsa yozish niyatim bor.

Rejissyor aktyorlardan bir necha baravar baland bo‘lishi kerak. Chunki u aktyorlarning ko‘rmagan nuqtalarini ko‘roladigan odam. Chunki o‘zini batamom aktyorlarga singdirishi kerak, chunki o‘ylagan o‘ylarining hammasini go‘zal shaklda olib chiqib beradiganlar – aktyorlardir, derdi.

Muhabbat Ma'mirova,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Sherzod Egamov.

Mavzuga oid