Jahon | 13:50 / 05.06.2024
6769
9 daqiqa o‘qiladi

Falastinni tan olgan Sloveniya, muzokara shartlarini qisqartirgan Zelenskiy va NATOning Yevropadagi rejalari - kun dayjesti

Jahonda o‘tgan kun davomida ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtiramiz.

Falastindagi vaziyat

Falastinning suvereniteti va mustaqilligini rasman tan olgan davlatlar yana bittaga ko‘paydi.

Sloveniya parlamentining quyi palatasi raisi parlament Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishni yoqlab ovoz berganini e’lon qildi.

Ovoz berishda qatnashgan 53 deputatdan 52 nafari Falastin mustaqilligini tan olishni yoqlab chiqqan, 90 o‘rinli Sloveniya parlamentining muxolifat bloki yig‘ilishni boykot qilgan.

«2024 yilning 4 iyunida Sloveniya rasman suveren va mustaqil Falastin davlatini tan oldi», — deya sharhlagan tarixiy voqeani mamlakat tashqi ishlar vazirligi.

Sloveniya tashqi ishlar vaziri Tanya Fayon Falastin xalqiga qilgan murojaatida Sloveniyaning bu qarori «umid va tinchlik nomasi» ekanligini ta’kidlagan.

«Biz ikki davlatning tuzilishigina Yaqin Sharqda mustahkam tinchlik o‘rnatilishiga olib kelishiga ishonamiz», — degan Fayon xonim.

Avvalroq Falastin davlatini Yevropaning uch davlati: Ispaniya, Norvegiya va Irlandiya tan olgan edi.

Endi noxush statistikaga o‘tamiz. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘linmas ma’lumotlariga ko‘ra, adolatsiz urushning 242-kuniga kelib, vafot etgan falastinliklar soni 36 ming 550 nafarga yetdi. Yaralanganlar soni 82 ming 859 nafarni tashkil etmoqda.

So‘nggi bir sutka ichida isroillik harbiylar 7 ta ommaviy qirg‘in o‘tkazib, 71 kishining o‘limi va 182 kishining yaralanishiga sababchi bo‘lishdi.

Ukraina bo‘yicha tinchlik sammiti

Ukraina Rossiya bilan kelgusidagi muzokaralar uchun Volodimir Zelenskiyning tinchlik rejasi punktlarini 10 tadan 3 tagacha qisqartirgan, deb yozmoqda Bloomberg nashri.

Shveytsariya 15-16 iyun kunlari o‘tadigan Ukraina bo‘yicha tinchlik sammiti rossiyalik mulozimlarni bo‘lg‘usi muzokaralarga jalb etish imkonini beruvchi qadamlarga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Boshqa mamlakatlarning ko‘proq va kengroq qo‘lloviga ega bo‘lish uchun Ukraina avvalboshdan e’lon qilingan masalalar sonini 3 tagacha qisqartigan. Bular:

- Yadroviy obektlarning xavfsizligi va yadroviy quroldan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik. Zaporijjya atom elektr stansiyasi Ukraina nazoratiga o‘tishi kerak va AEXA prinsiplariga mos ravishda faoliyat ko‘rsatishi lozim;

- Oziq-ovqat xavfsizligidan «qurol» sifatida foydalanmaslik kerak. Qora dengiz va Azov dengizlarida erkin kemachilik kafolatlariga erishish. Ukraina o‘z qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun uchinchi tomonlarga erkin chiqa olishi lozim;

- Barcha asirga olinganlarni ozod qilish, jumladan deportatsiya qilinganlar va noqonuniy ko‘chirilgan Ukraina bolalari va fuqarolarini qaytarish.

Bayden Ukraina urushi haqida

G‘arb Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatsa, Rossiyaga qarshi urush yo‘liga o‘tadi, degan AQSh prezidenti Bayden The Time jurnaliga bergan intervyusida. Bayden shuningdek, Ukrainani NATOga qabul qilish shart emas, degan.

Jo Bayden Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish Rossiya haqiqatan ham bu davlatga boshqa hech qachon hujum qilmasligi kafolatini anglatadi, deb hisoblaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar kelajakda o‘zini himoya qila olishi uchun Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib beradigan boshqa davlatlar bilan qanday munosabatda bo‘lsa, Kiyev bilan ham xuddi shunday munosabatda bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, Bayden o‘tmishda «Ukrainaning NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlashga tayyor emas» deb aytganini eslatgan.

Bundan tashqari, Amerika prezidenti Ukrainani Rossiya Federatsiyasiga qarshi urushda mag‘lub bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, voqealar rivoji Polsha, Bolqon yarimoroli mamlakatlari, Belarus va mintaqadagi boshqa davlatlarning beqarorlashishini nazarda tutadi.

NATOning Rossiya bilan «urush xavfi ostida» qolishi ehtimoli haqida so‘ralganda, Bayden G‘arb Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatsa, shunday yo‘lga tushib qoladi, deb javob berdi. «Ammo bunday bo‘lmaydi», deb ta’kidlagan u.

So‘nggi haftalarda AQSh Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qancha yangi majburiyatlarni e’lon qildi. Aprel oyida AQSh Kongressi bir necha oylik muhokamalardan so‘ng Kiyevga 61 mlrd dollarlik harbiy yordam ko‘rsatishni ma’qullagan edi. AQSh Mudofaa vazirligiga ko‘ra, keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Vashington Kiyevga 50 mlrd dollardan ortiq harbiy yordam bergan.

Bundan tashqari, bir necha kun avval Vashington Kiyevga Rossiyadagi nishonlarga zarba yo‘llashga norasmiy tarzda ruxsat bergani ma’lum bo‘ldi. Ammo bu ruxsat Xarkivni himoya qilish uchun chegaradagi hududlarga tegishli.

NATOning Yevropadagi rejalari

Rossiya bilan urush ehtimolini nazarda turib, NATO AQSh qo‘shinlarini Yevropaga joylashtirish rejasini ishlab chiqmoqda, deb yozadi The Telegraph nashri.

Quruqlikdan bir necha yangi yo‘laklar yaratilmoqda, ular vaziyat tug‘ilishi bilan Rotterdam portiga amerikalik harbiylarni tushirib, Niderlandiya va Germaniya hududidan temiryo‘l orqali Polshaga tashishni nazarda tutuvchi asosiy yo‘lak o‘rniga ishga tushadi.

Bu ishlar alyansning oliy rahbariyati g‘arb davlatlari yaqin 20 yil ichida Rossiya bilan mojaroga tayyor turishlari lozimligi to‘g‘risidagi ogohlantirishlar fonida ro‘y bermoqda.

NATOning moddiy-texnika ta’minoti bosh boshqarmasi boshlig‘i, general-leytenant Aleksandr Solfrankning aytishicha, Niderlandiya, Germaniya va Boltiqbo‘yi mamlakatlaridagi portlar Rossiyaning raketa hujumlari oldida eng ojiz nuqtalar hisoblanadi. Alyans o‘zining sharqiy qanotini qoplash uchun zarur bo‘lgan havo hujumidan mudofaa tizimining 5 foizigagina ega ekanligi to‘g‘risidagi ogohlantirishlardan so‘ng, qo‘mondonlik o‘zining moddiy-texnika markazlarini himoyalash imkoniyatlaridan tashvishga tushib qolgan.

«Rossiyaning Ukrainadagi hujumlarini baholar ekanmiz, Rossiya Ukraina logistika bazalariga hujum qilganini qayd etdik. Bu hol agar mojaro ro‘y beradigan bo‘lsa ulkan moddiy-texnika bazalariga birinchi navbatda hujum uyushtirilib, ular yo‘q qilinishini anglatadi. Havo hujumidan mudofaa tizimiga kelsak, u hech qachon yetarli bo‘lmagan. Men havo hujumidan mudofaa tizimi yetarli bo‘lgan vaziyat qanday bo‘lishini tasavvur ham qila olmayman», — degan Solfrank.

Tayvan mojarosi

AQSh prezidenti Jo Bayden agar Xitoy hujumiga duchor bo‘lsa, AQSh harbiylari Tayvanga kiritilishini inkor etmadi. Unga ko‘ra, amerikalik harbiylarning Tayvanda joylashtirilishi ma’lum bir vaziyatga bog‘liq.

«Men Si Jinpingga avvalgi prezidentlar tomonidan erishilgan kelishuvlarni aniq qilib tushuntirdim. Biz Tayvanning mustaqil davlat bo‘lishiga intilmayapmiz, lekin Xitoy birtomonlama tartibda uning statusini o‘zgartirmoqchi bo‘lsa Tayvanni himoyalamasdan tashlab ham qo‘ya olmaymiz», — degan Bayden.

Baydenga ko‘ra, ayni paytda AQSh orolga qurol-yarog‘ yetkazishda davom etmoqda va mintaqadagi vaziyat bo‘yicha o‘z hamkorlari bilan maslahatlashuvlarni davom ettirmoqda.

Jurnalistlarning Tayvanda Amerika harbiylarini joylashtirish masalasi yuzasidan aniqlashtiruvchi savoliga javob berar ekan, AQSh yetakchisi Vashington mamlakatning aynan harbiy kuchlaridan foydalanishini inkor etmasligini aytib o‘tgan.

«Yerusti qo‘shinlari, harbiy havo kuchlari, harbiy dengiz kuchlarini yoyish o‘rtasida farq bor», degan Bayden.

Bayden AQSh harbiylarining Filippin va Yaponiyada joylashgan harbiy bazalardan mintaqaga zarar berishi ehtimoli bormi, degan savolga javob berishdan bosh tortgan.

Mavzuga oid