Jahon | 13:40
3503
9 daqiqa o‘qiladi

«Hizbulloh»ning halok bo‘lgan matbuot kotibi, Ukrainaga ruxsat bergan Bayden va Trampdan norozi musulmonlar - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroilning G‘azoga hujumlari davom etmoqda. G‘azodagi Falastin hukumati sektorning shimoliy va markaziy qismlaridagi 6 ta yirik hujum natijasida 96 kishi halok bo‘lganini xabar qilmoqda.

Jumladan, Bayt Lahiyadagi Mesru mavzesidagi binolar va turar joylarga qilingan hujum natijasida 72 nafar tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, bu binolarda majburan ko‘chirilgan falastinliklar qo‘nim topgan bo‘lgan.

G‘azodagi urushning 408-kuniga kelib, qamal qilingan eksklavda Isroil hujumlari tufayli qurbon bo‘lganlar soni 43 ming 846 kishini tashkil etmoqda. Yana 103 ming 740 kishi yaralangan.

Isroilning Livanga hujumlari tufayli qurbonlar soni 3841 nafar, 14 ming 786 kishi yaralangan. So‘nggi sutka ichida 29 kishi qurbon bo‘lgan, yana 122 kishi jabr ko‘rgan.

«Hizbulloh» matbuot kotibi o‘ldirildi

Isroilning Livan poytaxti Bayrut shahridagi aholi zich yashovchi hududdagi binoga bergan zarbasi oqibatida «Hizbulloh» harakatining jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi rahbari Muhammad Afif o‘ldirilgan. Bu haqda Reuters Livan davlat xavfsizlik xizmatidagi ikkita manbaga tayanib xabar bermoqda.

Isroil armiyasi hozircha bu borada izoh bermagan, hattoki zarba yoki evakuatsiya haqida ijtimoiy tarmoqda bildirishnoma ham e’lon qilmagan.

Zarba Bayrutning janubiy qismidagi Ras ul-Naba’ tumaniga to‘g‘ri kelgan, bu yerda Isroil hujumlarida jabr chekkanlar boshpana topishgan. Manbalarga ko‘ra, aviazarba Suriya sotsial-milliy partiyasi ofisi joylashgan binoga berilgan.

Al-Jadeed telekanali efirida partiyaning Livandagi yetakchisi Ali Hijoziy Afif ham shu binoda bo‘lganini tasdiqlagan. Keyinroq uning halok bo‘lgani ma’lum qilingan.

Ukrainaga yopirilma zarba

Yakshanba kuni Rossiya 120 dan ortiq raketa va 90 ta dron bilan Ukraina shaharlariga keng ko‘lamli yopirilma zarbalar seriyasini uyushtirgan. Bu so‘nggi uch oydagi eng yirik zarba bo‘ldi. Zarba natijasida Ukraina energiya tizimi jiddiy talafotlar ko‘rgan.

Ukraina kelayotgan sovuq kunlar oldidan o‘zining energetika infratuzilmasiga yangi zarbalarni anchadan buyon kutayotgandi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga Rossiyaning bu zarbasi raketalar va dronlar soni bo‘yicha eng yiriklaridan biri bo‘lganini ta’kidladi: «Rossiya tinch shaharlar, uxlayotgan insonlar va kritik infratuzilma ustiga raketa yog‘dirdi», — degan u.

Tungi zarbalar natijasida poytaxt Kiyev, shuningdek, Mikolayiv, Dneproteptrovsk, Odessa, Lviv, Volin oblastlaridagi energetika obektlari zarar ko‘rgan.

Ukraina bilan chegaradosh Polsha ham raketalar o‘z hududiga yaqinlashganda havo hujumidan mudofaa tizimlarini shay holatga keltirgan.

Ukrainaga ko‘lami bo‘yicha shunday zarba so‘nggi marta 26 avgust kuni berilgan edi.

Rossiya-Ukraina urushi boshlanganiga yaqin kunlarda 1000 kun bo‘ladi. Ruslar Ukrainaning janubiy sharqiy qismida butun Donbassni egallab olish uchun bosqinni davom ettirmoqda. Ukraina qo‘shinlari esa Rossiyaning Kursk oblastining bir qismini kelgusidagi muzokaralar chog‘ida foydalanish uchun egallab turibdi.

Bayden Ukrainaga ruxsat berdi

AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga ATACMS raketalari bilan Rossiyaning ichkari qismiga zarba berishga ruxsat bergan. Bu haqda The New York Times nashri amerikalik mulozimlarga tayanib xabar bermoqda.

Bayden prezidentlik vakolati tugashiga ikki oy qolganda mazkur qarorga kelgan va bu Rossiyaning shimoliy koreyalik harbiylarni urushga jalb qilganiga javob sifatida talqin qilinmoqda.

Nashrning manbalariga ko‘ra, uzoq masofaga zarba berish mumkin bo‘lgan qurollardan dastlab Kursk oblastini egallagan ukrain askarlarini himoyalash va shimoliy koreyalik harbiylarni yo‘q qilish uchun foydalaniladi.

Hozircha Oq uy bu ma’lumotni tasdiqlamagan va tarqalayotgan xabarlarga izoh bermayapti.

Reuters manbalarining xabar qilishicha, uzoq masofaga zarba bera oluvchi qurollarni Ukraina yaqin kunlarda Kursk oblastidagi nishonlarga qarshi ishlatadi.

Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin uzoq masofaga ucha oluvchi yuqori aniqlikdagi g‘arb qurollaridan foydalanish Rossiya tomonidan NATOning urushda to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etishi sifatida talqin qilinishini aytgan edi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa bunday raketalardan foydalanishga ruxsat tekkani borasida shunday degan:

«Zarbalar so‘zlar bilan berilmaydi. Bunday narsalar anons qilinmaydi. Raketalarning o‘zi gapiradi, albatta. Rossiyani tinchlikka so‘zlar bilan emas, qurol bilan majburlash kerak», degan Zelenskiy.

AQShning saylangan prezidentining o‘g‘li kichik Donald Tramp Ukrainaga ATACMS raketalari bilan Rossiyaning ichki qismiga zarba berishga ruxsat berganlarni aqldan ozganlar deb atagan.

Rossiya va KXDR askarlari

Garchi Ukrainaga ATACMS raketalaridan Rossiyaning ichki hududiga zarba berish uchun foydalanishga ruxsat shimoliy koreyalik askarlarning urushga jalb qilinishiga javoban berilgani aytilayotgan bo‘lsa-da, KXDR askarlarni kamaytirish o‘rniga yanada ko‘proq jo‘natishi mumkin.

Agar Rossiya bilan Shimoliy Koreya munosabatlari yanada jips bo‘lsa, KXDR Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida yordam berish uchun 100 ming askar jo‘natishga tayyor. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar qilmoqda.

Nashrning insayderlari ma’lumotlariga ko‘ra, buncha miqdordagi kuchlarni jo‘natish birdaniga emas, bosqichma-bosqich va rotatsiya orqali amalga oshiradi. Manbalarning ta’kidlashicha, Shimoliy Koreya bo‘linmalari allaqachon Kursk oblastida nazarga tushgan, bu esa KXDRning Sharqiy Yevropadagi urushga jalb qilinganini anglatadi.

KXDRning Ukraina urushida ishtiroki masalasi bugun Braziliyada start oladigan G20 sammitida ham muhokama qilinadi. Germaniya kanslari Olaf Shols eskalatsiyaning oldini olish uchun Xitoy raisi Si Jinpingni Moskva va Pxenyanga ta’sir o‘tkazishga chaqirishni mo‘ljallamoqda. Pekin hozircha bu vaziyatga ochiq munosabat bildirgani yo‘q.

Avvalroq AQSh va Janubiy Koreya razvedkasi KXDRning 12 mingga yaqin askari Rossiyada bo‘lib turganini tasdiqlagan edi. The New York Times KXDR askarlari bilan birga Ukraina bilan chegara oldida 50 minglik qo‘shin turgani haqida xabar qilgandi. Bu guruh bir qismini avgust oyidan buyon Ukraina qurolli kuchlari egallab turgan Kursk oblastida qarshi hujum boshlashga tayyorgarlik ko‘rayotgani aytiladi.

Musulmonlar Trampdan xafa

Prezidentlik saylovlarida Donald Trampni qo‘llagan amerikalik musulomonlar va islom jamoat arboblari Tramp vazirlar devonini Isroil okkupatsiyasini ochiqdan ochiq qo‘llaydigan insonlardan tuzayotgani tufayli «chuqur taassufda» ekanini ma’lum qilishgan.

«Tramp bizning sharofatimiz tufayli g‘alaba qozondi va biz uning davlat kotibligiga va boshqa lavozimlarga tanlayotgan odamlaridan norozimiz», — degan filadelfiyalik investor, Pensilvaniyada Abandon Harris kampaniyasini boshqargan va «Musulmonlar Tramp uchun» harakati hammuassisi Rabiul Choudhuri.

Donald Tramp Isroilning ashaddiy tarafdori respublikachi senator Marko Rubioni davlat kotibi etib tayinlagan. Fox News telekanali boshlovchisi, Isroilning okkupatsion urushini XI asrdagi salib yurishlariga qiyoslagan Pit Hegsetga esa mudofaa vaziri lavozimini bergan. AQShning Isroildagi elchisi lavozimi esa G‘arbiy sohilni butunlay bosib olib, Isroilga qo‘shib yuborishni qo‘llab-quvvatlovchi Mayk Hakabiga berilgan.

G‘azodagi qurbonlarni muxokama qilgan BMTni «antisemitizm urug‘ini sochuvchi» deb atagan respublikachi vakil Eliz Stefanik esa AQShning BMTdagi elchisi etib tayinlangan.

«Biz nihoyatda norozimiz. Aftidan, bu ma’muriyat o‘ta isroilparast, urushni istovchi kishilardan yig‘ilayotganga o‘xshaydi. Bu esa prezident Trampning tinchlik yo‘lidagi va urushga qarshi harakatlari barbod bo‘lganini anglatadi», — demoqda amerikalik musulmonlar. 

Mavzuga oid