Jahon | 21:50 / 09.02.2024
13242
9 daqiqa o‘qiladi

Bosh qo‘mondonni almashtirgan Ukraina, atom bombasi yaratish arafasidagi Eron va Nadejdinni o‘tkazmagan Rossiya - kun dayjesti

So‘nggi bir kun ichida jahonda sodir bo‘lgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestda tanishtirishda davom etamiz. 

G‘azodagi vaziyat

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azo sektoridagi vaziyat yana shiddatli ko‘rinish olishi oldidan gumanitar o‘t ochishni to‘xtatish haqida chaqiriq qildi. U Rafahda amalga oshirilayotgan harbiy amaliyotlar sektorining boshqa joylaridagi kabi kuchli bo‘lishi mumkinligi va bu aholiga katta fojia keltirish mumkinligidan ogohlantirdi.

«Isroilning amaliyotlari qanday qilib 28 ming insonning o‘limiga sabab bo‘ldi, garchi Isroil yetakchilari aholini emas HAMASni nishonga olyapmiz, deyishmoqda. Xalqaro gumanitar huquq begunoh fuqarolarni himoya qilishni taqozo etadi. G‘azo sektorida sodir bo‘layotgan bu ulkan iztiroblarni ko‘rib, unga barham berish imkoniyatim yo‘qligidan afsuslanaman», — dedi BMT Bosh kotibi.

G‘azo sektoridagi axborot byurosi xabariga ko‘ra, Isroil harbiy-havo kuchlari begunoh fuqarolar yashash xonadonlariga 66 ming tonna portlovchi moddalarni tashlab, 360 mingdan oshiq uylarni vayron qilgan. Shuningdek, fuqarolarning uylari va do‘konlaridan 130 million shekellardan ortiq pullar o‘g‘irlangan.

G‘azo sektorida Isroilning harbiy hujumlari tufayli kelib chiqqan bevosita iqtisodiy ziyon 15 milliard dollardan oshgan.

«Biz ulkan falokatga duchor bo‘ldik, bu sog‘liqni saqlash sektori doxil, 15 dan ortiq muhim sohalarni qamrab oldi. Biz xalqaro tashkilotlardan va xalqaro hamjamiyatdan bosim o‘tkazishlarini so‘rab qolamiz, shunda Isroilning bosqinchilik amaliyotlari to‘xtatiladi va genotsidli urushga chek qo‘yiladi. Biz arab va islom davlatlaridan Rafah chegara nazorat-o‘tkazish punktini doimiy, zudlik bilan va hech kechiktirmay ochishlarini qattiq talab qilamiz», — deb bayonot bergan byuro vakillari. 

Zalujniy nihoyat ishdan ketdi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy rasman Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyni lavozimidan ozod etdi va uning o‘rniga Ukrainaning sharqiy frontdagi guruhi qo‘mondoni, general-polkovnik Oleksandr Sirskiyni tayinladi.

«Bugundan Ukraina qurolli kuchlariga yangi jamoa rahbarlik qila boshlaydi. Men Rabotine yoki Avdiyivkadagi, shuningdek Bosh shtab va stavkadagi jangchilarimizning urush haqidagi qarashlari bir xilda bo‘lishini xohlayman. Turli darajadagi qo‘mondonlar bilan o‘nlab suhbatlar o‘tkazdim va general-polkovnik Sirskiyni Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni etib tayinladim», — degan Ukraina prezidenti.

Zelenskiy Zalujniyga xizmatlari uchun tashakkur bildirgan va «komandada qolish»ni taklif etgan.

Zalujniyning bo‘shatilishi aftidan Ukraina armiyasidagi kardinal o‘zgarishlar debochasi bo‘ladi. Bosh shtab boshlig‘i Sergiy Shaptala ham Zalujniy ortidan bo‘shatilishi mumkin. Bosh qo‘mondonning barcha o‘rinbosarlari ham almashtiriladi, demoqda muxolifatdagilar.

2023 yilning kuzida qarshi hujumda Ukraina sezilarli natijalarga erishmagani fuqarolik rahbariyati va jamiyat uchun sovuq dush bo‘lgan va aybdorlar axtarila boshlagan. Biroq bunday tozalash frontdagi pat vaziyat sharoitida armiyani kuchaytirishi dargumon, demoqda sharhlovchilar.

Chunki harbiy rahbariyat uchun zaxira o‘rindig‘i unchalik katta emas. Vaziyat Zelenskiy prezidentligining ilk yiliga o‘xshaydi. O‘shanda uning komandasi vazirlar mahkamasidagi o‘rinlarni zo‘rg‘a to‘ldirgandi. Biroq hozir o‘rtaga islohotlar emas, mamlakat tikilgan.

Zalujniyning iste’foga chiqarilishi sababi barbod bo‘lgan qarshi hujum masalasida AQSh bilan kelishmovchilik yuzaga kelganida, deb yozgan Politico gazetasi. Ta’kidlanishicha, Zalujniy hujumni Pentagon tavsiyalarini nazar-pisand qilmasdan tashkil etgan.

AQSh Davlat departamenti Zalujniyning iste’foga chiqarilishini Kiyevning suveren qarori deb atagan. AQSh har qanday bosh qo‘mondon bilan ishlashga tayyor, degan Oq uydagilar.

AQSh Zalujniyning iste’fosiga qaramasdan, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin hozircha yangi qo‘mondon Sirskiy bilan gaplashmagan. 

UNESCOʼdan Ukrainaga yordam

BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti — UNESCO Ukrainaga Yaponiya homiyligida madaniyat va ta’limni rivojlantirish uchun 14,6 million dollar ajratadi.

«Bugun UNESCO bosh direktori Odri Azule va tashkilotning Yaponiyadagi doimiy vakili Takehiro Kano Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun 14,6 million dollarlik moliyaviy kelishuvni imzoladilar», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ushbu mablag‘lar «Ukrainada madaniyat, ta’lim va OAVni tiklashga» qaratilgan. UNESCO shuningdek, «madaniy merosga yetkazilgan zararni kuzatish va baholashni kuchaytiradi», — deb xabar berdi tashkilot. 

Eronning atom bombasi

Eron bir hafta ichida o‘zining ilk yadroviy qurolini ishlab chiqarish uchun yetarli uranga ega. Oy davomida esa Eron oltita atom bombasi ishlab chiqarishi mumkin, deyiladi Amerikaning fan va xalqaro xavfsizlik institutining yangi dokladida.

Ekspertlar tadqiqotida aytilishicha, «Eronning yadroviy qurol borasidagi salohiyati hozir har qachongidan xavfliroq, g‘arb davlatlari bilan munosabatlari esa eng past darajada». Dokladga ko‘ra, Eron «ayni damgacha 60 foizgacha boyitilgan uranining faqat bir qismidan foydalanib, bir hafta ichida uranni qurol uchun yaroqli darajada boyitib, yadroviy qurol yarata olishi mumkin».

Agar Eron ularga yadroviy obektlariga kirishga ruxsat bermasa, AEXA bu ilgarilashni aniqlashi juda qiyin bo‘ladi, deyiladi dokladda. 

30 yillik ishni kuydirgan xato

Yevropaning eng nufuzli meditsina universitetlaridan biri bo‘lgan Shvetsiyadagi Karolin institutida noyob hodisa yuz berdi.

O‘nlab yillar davomida yig‘ilgan leykemiya namunalari texnik nosozlik sababli yo‘qotilgan. Stokholmda o‘tkazilgan tadqiqotlar uchun olingan bu namunalar Karolin institutida suyuq azot bilan ta’minlangan muzlatkichda saqlangan.

22-23 dekabr kunlari –190 daraja haroratda ishlaydigan tizim ishdan chiqqan. Ertasi kuni universitet suyuq azot yetkazib beruvchi tizimda texnik muammo paydo bo‘lganidan so‘ng namunalar foydalanib bo‘lmas holga kelganini ma’lum qilgan.

Institutning janubiy kampusi dekani Matti Sallberg sovitkichning buzilishi oqibatida bemorlardan yaqin 30 yil mobaynida yig‘ilgan, kelgusidagi tadqiqotlar uchun zarur leykemiya namunalari yo‘qotilganini ta’kidlagan.

Shved ommaviy axborot vositalari bildirishicha, ishdan chiqqan namunalarning umumiy narxi 500 million shved kronasiga teng bo‘lgan.

Istanbul aholisi o‘smay qoldi

Turkiyaning eng yirik shahri Istanbul aholisi so‘nggi 100 yil ichida ikkinchi marta kamaydi.

Turkiya statistika instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda 10 ta viloyat aholisi kamaygan bo‘lib, Istanbul ushbu viloyatlar orasida birinchi o‘rinni egallagan.

2022 yilda shahar aholisi 15 mln 907 ming 951 kishi bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yilda bu raqam 252 ming 27 kishiga kamayib, 15 mln 655 ming 924 kishiga tushgan. So‘nggi marta shahar aholisi 2020 yilda 56 ming 815 kishiga kamaygan edi.

Mamlakat aholisining 18,33 foizini tashkil etgan holda, Istanbul kvadrat kilometrga 3013 kishi bilan aholi zichligi bo‘yicha hamon birinchi o‘rinni saqlab kelmoqda. 

Rossiyada mustaqil nomzod o‘tmadi

Rossiyada Markaziy saylov komissiyasi Boris Nadejdinning prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun yuborgan imzolarida kamchiliklar aniqlagan va uning nomzodini saylov ro‘yxatiga kiritmadi. Nomzod bu qarorga Oliy sudga shikoyat qilishini ma’lum qilmoqda va bu saylovlarda ishtirok etishini siyosiy faoliyatidagi eng muhim vazifa sifatida ko‘rmoqda. 

Xitoy bozori uchun noxushliklar

Xitoy aksiya birjalaridan mablag‘larning ko‘chib ketishi jarayoni davom etmoqda. Yaponiyaning «Nikkei» nashri xabariga ko‘ra, 2024 yil boshidan buyon sarmoyadorlar birjadan 1,7 trillion dollar miqdorida mablag‘larini olib chiqqan. Bu voqealar investorlarning Xitoy iqtisodiyotiga nisbatan umidlarini yo‘qotayotgani va ular o‘z mablag‘larini AQSh, Yaponiya hamda Hindiston fond bozorlari tomon yo‘naltirayotganini ko‘rsatmoqda. 

Mavzuga oid