O‘zbekiston | 12:12 / 22.04.2024
2367
3 daqiqa o‘qiladi

AQShning ESN dasturi O‘zbekistonda 18 ming nafar ingliz tili o‘qituvchisini tayyorladi

Ingliz tilida so‘zlashuvchi millat (English Speaking Nation – ESN) dasturi doirasida O‘zbekiston bo‘ylab 18 000 dan ortiq ingliz tili o‘qituvchisi o‘qitilib, bu orqali mamlakatning o‘rta maktab o‘quvchilari uchun ingliz tili ko‘nikmalari kuchaytirildi hamda yuqori sifatli ta’lim ta’minlandi. 

Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

AQSh elchixonasi xabariga ko‘ra, to‘rt yil davom etgan, qiymati 7 million dollar bo‘lgan ushbu dastur shanba kuni Toshkentda bayramona yopilish marosimi bilan yakunlandi.

2019 yil noyabr oyida AQShning Toshkentdagi elchixonasi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda ishga tushirilib, Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari tomonidan amalga oshirilgan ushbu qo‘shma tashabbus O‘zbekistondagi ingliz tili o‘qituvchilariga o‘z o‘quvchilarining til bilish malakasini oshirish uchun eng samarali o‘qitish metodologiyasi bilan ta’minlashga qaratilgan.

Mazkur kompleks dastur O‘zbekiston bo‘ylab o‘rta maktablarning 18 000 dan ortiq ingliz tili o‘qituvchisiga intensiv malaka oshirish imkoniyatlarini taqdim etdi. 452 nafar o‘qituvchi TESOL dasturi bo‘yicha yuzma-yuz o‘tkazilgan 140 soatlik kurs orqali xalqaro miqyosda tan olingan sertifikatlarga ega bo‘ldi. 66 nafar o‘qituvchidan iborat guruh esa 2024 yil 16 mart kuni TESOL kurslarini muvaffaqiyatli tamomladi.

Bundan tashqari, 693 nafar ingliz tili o‘qituvchisi o‘z hamkasblarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida butun mamlakat bo‘ylab ekspert o‘qituvchilar tarmog‘ini shakllantirib, trener va murabbiy bo‘lish uchun 60 soatlik ixtisoslashtirilgan kursda qatnashdi. Bu yuqori malakali o‘qituvchilar ESN dasturi doirasida O‘zbekistonning har bir mintaqasidan 18 000 dan ortiq o‘qituvchini o‘qitdi. O‘qituvchilarning yakuniy guruhi 2024 yil mart oyida ushbu treninglarda qatnashdi, natijada dasturda o‘qitilganlarning umumiy soni 18 000 nafardan oshdi.

«O‘qituvchilarning xabar qilishlaricha, mazkur dastur ularga o‘z darslarini to‘g‘ri rejalashtirishda yordam bergan hamda o‘z maktab jamoalarida yetakchi bo‘lishlarida qo‘llab-quvvatlagan. Maktab direktorlari ham o‘qituvchilarning innovatsion ta’lim usullarini e’tirof etishmoqda. O‘quvchilar esa ingliz tilida ko‘proq gaplashmoqda va til ko‘nikmalarini tobora rivojlantirib bormoqda», - dedi AQSh elchisi Jonatan Henik.

Dastur davomida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda maslahat berish, TESOL sertifikatlarini olgan o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish, yillik malaka oshirish kurslariga ESN dasturlarini ham kiritish va o‘qituvchilarga kasbiy rivojlanishga qaratilgan mahorat darslari va kurslarni yakunlash uchun darslardan ta’til berishda muhim rol o‘ynadi.

Mavzuga oid