Jamiyat | 12:22 / 03.08.2021
16988
3 daqiqa o‘qiladi

O‘rtacha maosh 800 yevrogacha – Serbiyadagi o‘zbek yigiti hikoyasi (foto)

- Serbiyaga ko‘chib kelganimizga uncha ko‘p bo‘lmadi. Aniqrog‘i 2 oy. Hozir poytaxt Belgradda kurer sifatida ishlab kelyapman, deydi Shohrux Qodirov.

Birlashgan Arab Amirligi

Serbiyaga kelishdan oldin Dubayda bir yil ishladim. Birlashgan Arab Amirliklaridan bu yerga kelishimga bir nechta sabablar bor. Birinchi o‘rinda dunyo kezishga bo‘lgan ishtiyoq, garchi Serbiya Yevropa Ittifoqiga kirmasa ham Yevropada joylashgan. Bu orqali qolgan qit'a davlatlariga oson borish imkoni mavjud. Nasib qilsa, ishdan ta'til vaqtlari albatta, yana bir nechta qo‘shni davlatlarga sayohat qilib kelish niyatidaman.

Ikkinchi sabab aynan Serbiyaning o‘zi. Bu bizning xalqimiz uchun anchagina notanish davlat. Ya'ni o‘zbekistonliklar Serbiya haqida ko‘p ham bilishavermaydi. Shaxsan o‘zim ham oldin bu davlat haqida deyarli ma'lumotga ega bo‘lmaganman. Umuman Serbiyada yashash va ishlash men uchun juda qiziq tuyildi.

Hozirgacha Serbiya haqida taassurotlarim yaxshi. Serblar juda ochiqko‘ngil, yordamga har doim tayyor, mehribon xalq ekan. Poytaxt Belgrad o‘zining 100 yil oldin qurilgan binolarini qanday bo‘lsa, shunday saqlab qolgan.

Lekin yangi qurilish ishlari ham faol olib borilmoqda. Buni suratlarda ham ko‘rishingiz mumkin.

Bu yerda 30 ga yaqin o‘zbek yigiti ishlaymiz. Har kuni ertalab 9:00 dan ish vaqtimiz boshlanadi. Kun davomida o‘rtacha 20 tagacha buyurtmani manzilga eltib beramiz. Asosan oziq-ovqat, kiyim-kechak va shu kabi mahsulotlar. Haftada 1 kun dam olish kuni. Bu shanba yoki yakshanba kunga to‘g‘ri kelmaydi. Men uchun odatda dushanba dam olish kuni.

Bu yerda restoran, kafelar juda ko‘pligi uchun chet elliklar asosan shu sohalarda ish topishi osonroq bo‘lsa kerak. Oyliklar juda ham baland emas. Taxminan 400-800 yevro atrofidagi oylik o‘rtacha maosh hisoblanadi, chunki bu yerda yashash narxi deyarli O‘zbekistondagi sharoit bilan bir xil, ba'zi narsalar hatto arzonroq. Oylik xarajatlarni ham deyarli O‘zbekiston bilan bir xil qilib qiyoslashingiz mumkin.

Shohrux Qodirov
Serbiya

Mavzuga oid