O‘zbekiston | 17:31 / 09.07.2023
9844
2 daqiqa o‘qiladi

O‘rta Chirchiqda saylov jarayonlari. Yangi saylanadigan prezidentdan nima kutishyapti?

O‘zbekistonliklar bugun kelgusi 7 yil uchun prezidentlikka tanlovni amalga oshirishmoqda. Kun.uz muxbiri Toshkent viloyatida bo‘lib, saylov jarayonlari qanday o‘tayotgani bilan qiziqdi.

Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi 848-saylov uchastkasida jami 2 821 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan. Ularning 95 nafari muddatidan ilgari ovoz bergan.

Saylov uchastkasi komissiya a’zosi Asola Xolmirzayevaning ta’kidlashicha, saylovchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan: “Tez tibbiy yordam” xizmati, bolalar uchun maxsus joy tashkil etilgan.

Saylovchilar Kun.uz muxbiri bilan suhbatda o‘z nomzodlaridan nimalar kutayotganliklari haqida so‘zlab berishdi. 

Dalada mehnat qilib, ketmon chopib qiyinchilik zamonlarni o‘tkazganmiz. 63 yoshdan o‘tsak ham hozirgacha o‘zimizning nonimizni o‘zimiz topib yeyapmiz. Pensiyalarimiz oshirilsa, arzonchilik bo‘lsa deymiz. Yangi saylanadigan prezidentimizdan ana shular amalga oshirilishini kutamiz”, deydi 63 yoshli saylovchi.

Ilk bor ovoz berayotgan 18 yoshli saylovchi esa saylanadigan prezident yoshlarga yanada kengroq e’tibor qaratishini kutayotganligini ta’kidladi:

Bugun men birinchi marta saylovda ovoz berdim. Kelgusida saylanadigan prezidentimizdan yoshlarga e’tibor qaratilishini, salohiyatli yoshlarga ko‘proq imkoniyat berilishini xohlayman. O‘zbekiston yoshlarining kelajagi davlat rahbariga bog‘liq. Hozir ham yoshlarga yaratilgan sharoitlar yaxshi, bundan keyin ham maktablarga alohida e’tibor berilishini istardik”.

Viloyatda saylov jarayonlari davom etmoqda.

Mavzuga oid