Bir necha kun oldin o‘tkazilgan saylov Trampning siyosiy faoliyatidagi uchinchisi bo‘ldi. U bundan avval 2016 va 2020 yillarda o‘tkazilgan saylovlarda ham o‘z nomzodini qo‘ygandi.

2016 yilda Tramp Demokratik partiya vakili Hillari Klintonni ortda qoldirib, AQSh prezidentiga aylangandi. 2020 yilda esa Jo Baydenga yutqazgandi. Bu safar Kamala Harrisni ortda qoldirdi.

Quyida Tramp haqidagi qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishtirib o‘tamiz.

Germaniyalik muhojirlar avlodi

Donald Tramp 1946 yil 14 iyunda Nyu-York shahrining Kuins tumanida tug‘ilgan. Uning qonida nemislar qoni oqadi va bir paytlar bobosi va buvisi AQShga Germaniyadan ko‘chib kelgan.

Trampning 1937 va 1942 yillarda tug‘ilgan ikki opasi, 1938 yilda tug‘ilgan akasi va 1948 yilda tug‘ilgan ukasi bo‘lgan. Hozirda uning bir opasi tirik, qolganlar hayotdan ko‘z yumgan.

Donald Tramp (chapdan birinchi) opalari, akasi va ukasi bilan.

Ota yordamida boshlangan biznes

Garchi Tramp tez-tez bir paytlar o‘zi oyoqqa turganini aytishni xush ko‘rsa-da, bu gap to‘g‘ri emas. Uning otasi taniqli tadbirkor, ancha boy odam bo‘lgan. Tramp otasining pullari bilan oyoqqa turgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1968 yilda 22 yoshli Tramp aynan otasining kompaniyasiga prezident bo‘ladi. Keyinroq otasi unga 14 mln dollar beradi va Tramp shu mablag‘ bilan o‘z biznesini boshlaydi.

Tramp asosan Nyu Yorkning Bruklin, Kvins va Steytent Aylent tumanlarida uy qurib sotish, ularni ijaraga berish bilan shug‘ullangan.

Keyinroq u Manhettenda osmono‘par binolar, mehmonxonalar, kazinolar va golf maydonchasi qurgan.

Trampning yoqtirgan o‘yini golf hisoblanadi

Bankrotlikka bir qadam

1989 yilda moliyaviy inqiroz yuz beradi va Tramp juda katta miqdorda qarzga botib qoladi. O‘shandan sal avval u Tramp-Toj-Mahal savdo-ko‘ngilochar majmuasini qurish uchun 1 mlrd dollar qarz olgandi.

Oxir-oqibat o‘sha va boshqa qarzlar yig‘ilib, 1991 yilda Tramp bankrotlik holatiga kelib qoladi. Shundan so‘ng u o‘zidagi obligatsiyalarning 50 foizini sotishga majbur bo‘ladi. Pullar qarzlarning bir qismini yopishga sarflanadi.