Jamiyat | 23:53 / 22.02.2020
20754
4 daqiqa o‘qiladi

Topayotganim faqat kun o‘tkazishimga yetadi - Moskvadagi patensiz muhojirlar qayerda ishlaydi?

Foto: TASS /Vasiliy Kuzmichenok

Rossiyaga mehnat migranti sifatida borsangiz, birinchi navbatda hal qilishingiz kerak bo‘lgan masalalar – patent va registratsiya.

Patent sizga rasman ishga joylashish imkonini beradi. Registratsiya esa – rus politsiyasi so‘raydigan asosiy hujjatdir.

Patent uchun imtihon topshirish kerak (bu haqda navbatdagi maqolalarimizda batafsil to‘xtalamiz). Patent berilishi muddati har xil, o‘rtacha bir oy deyish mumkin. Ungacha esa rasman ishlash mumkin emas. Lekin buni kutishga kimdadir imkoniyat bor, kimdadir esa yo‘q. 

Rossiyaga xizmat safarimiz davomida Moskvada patensiz ishlayotgan vatandoshlarimizning ish jarayoni bilan ham tanishdik.

Hujjatsiz ham ishlash mumkin bo‘lgan ish joylari kam emas. Biz shunday imkoniyatni beruvchi tipografiyada bo‘ldik.

Tipografiyada asosan ayollar, talabalar, og‘ir ish qila olmaydigan vatandoshlarimiz ishlayotganiga guvoh bo‘ldik. Bundan tashqari, kunduzi asosiy ishida ishlab, kechasi ishlash uchun keladiganlar ham bor. Ish ikki smenada tashkil etilgan.

Ish haqi

Ikkinchi smenadagilar 20:00dan tonggi soat 8gacha ishlashadi. Kunlik ish haqi – 1500 rubl (225 ming so‘m atrofida), ammo uning hammasini ham uyga olib keta olmasligingiz mumkin.

Gap shundaki, mehnat migrantlariga ish topishda ko‘maklashuvchi ko‘plab vatandoshlarimiz bor. Ular ijtimoiy tarmoqlar va Telegram`da o‘zlarining kanal va guruhlarini ochib, e'lonlar berishadi (Afsuski, ularning hammasi ham yolg‘on gapirmaydi, deb ayta olmaymiz).

Masalan, bir vatandoshimiz tipografiya bilan kelishuv qilib, korxonani ishchi kuchi bilan ta'minlaydi. Ya'ni patensiz fuqarolarimiz ularga murojaat qiladi. U esa manzilni aytib, keyin oyligini olib beradi.

Tipografiyada kunlik ish haqi 1500 rubl, qo‘lga olishingiz 1200-1300 rubl. Ish haqini har 10-15 kunda ishni topib bergan o‘rtadagi odam tarqatadi va o‘zining xizmat haqqini olib qoladi.

Telefon ishlatsangiz, jarima to‘laysiz

Biz ham tipografiyaga kechki smenada ishga chiqdik. Ishlash asnosida vatandoshlarimiz bilan suhbatlashdik. Ularning ko‘pchiligida patent yo‘q. Asosan ayollar va talabalar kechki smenada ishga chiqishadi. Talabalar o‘qishdan keyin kelishadi. Ayollar esa patenti yo‘qligi va oylik maosh kamligi sababli o‘zining asosiy ishidan chiqib, kechki smenada ishlashadi.

Ish vaqtida telefon ishlatsangiz, jarima to‘laysiz. Ishingizni kameralar orqali kuzatib turishadi.

«Ish og‘ir emas. Topayotganim esa faqat kun o‘tkazishimga yetadi»

Vodiylik bir ayol bilan suhbatda bo‘ldik. Uning aytishicha, ikki nafar yosh farzandini onasiga tashlab Rossiyaga kelgan. Patent qilishga mablag‘i yo‘qligi sabab ariza bermagan. Lekin ijarada turish va oziq-ovqatga pul kerakligi uchun noqonuniy bo‘lsa ham ishga chiqqan.

«Bir tanishimga ishonib kelgandim. Lekin u aytgan ish o‘xshamadi. Endi qaytib keta olmayman. Patentga ham pulim yo‘q. Farzandlarimni uyga tashlab kelganman. Shuning uchun patensiz bo‘lsa ham ishga chiqishga majburman.

Ish og‘ir emas. Lekin topayotganim faqat kunim o‘tishiga yetarkan», deydi 30-35 yoshlardagi ayol.

Biz belgilangan ish vaqtining oxirigacha qolmadik, vaqt allamahal bo‘lganda kvartiramizga qaytdik. Tipografiyada qolganlar esa ertalabgacha ishlashadi... Shundan so‘ng talaba o‘qishiga, musofir ayollarimiz o‘zining asosiy ishiga ketishadi.

Rahmatillo Isroilov.

Mavzuga oid