1 noyabrdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?
Kun.uz sayti o‘z an'anasiga muvofiq 2020 yil 1 noyabrdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.
Xorijda ishlab chiqarilgan alohida tovarlar, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) davlat xaridlaridagi ishtirokini vaqtinchalik taqiqlash va chegaralash mexanizmi kiritiladi
«Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga asosan:
- ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, ustav fondining (kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslarning umumiy qiymati BHMning 50 ming baravaridan yuqori bo‘lgan import tovarlari (ishlar, xizmatlar) xaridlarining maqsadga muvofiqligi har chorakda kuzatuv kengashlari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi;
- xorijda ishlab chiqarilgan alohida tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) davlat xaridlaridagi ishtirokini vaqtinchalik taqiqlash va chegaralash mexanizmi kiritiladi;
- davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan, xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) ro‘yxatiga kiritilmagan mahsulotlar bo‘yicha tender (tanlov) ishtirokchilari takliflarini baholashda xalqaro tajribaga muvofiq mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan import tovarlarining CIP (O‘zbekiston) narxidan 15 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda preferensiya beriladi;
- hududiy budjet buyurtmachilari tomonidan amalga oshiriladigan davlat xaridlari bo‘yicha xarid komissiyalari tarkibiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchilari majburiy tartibda kiritiladi.
Soliq kodeksi bilan berilgan ayrim imtiyozlar bekor qilinadi
«Yer resurslari va davlat mulki obektlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoniga muvofiq soliq kodeksi bilan berilgan quyidagi imtiyozlar bekor qilinadi:
a) yer solig‘i bo‘yicha quyidagilar tomonidan egallangan yer uchastkalari:
sog‘lomlashtirish hamda dam olish joylari, xususan, dam olish uylari;
aholining ommaviy dam olishi va turizm uchun joylar, agar ular tadbirkorlik faoliyati uchun ajratilgan bo‘lsa;
sanatoriy-kurort obektlari, agar ular turistik zonalarda joylashgan bo‘lsa;
b) mol-mulk solig‘i bo‘yicha sanatoriy-kurort xizmatlari ko‘rsatish uchun foydalaniladigan ko‘chmas mulk obektlari, agar ular turistik zonalarda joylashgan bo‘lsa.
Shuningdek, foydalanilmayotgan maydonlarga nisbatan yer solig‘ining oshirilgan stavkalarini qo‘llash bo‘yicha belgilangan tartib yuqorida ko‘rsatilgan yer uchastkalariga tatbiq etila boshlaydi.
Badiiy akademiya markaziy apparati xodimlarining lavozim maoshiga oylik ustamalar belgilanadi
«Tasviriy va amaliy san'at sohasi samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga muvofiq O‘zbekiston Badiiy akademiyasi markaziy apparati xodimlarining lavozim maoshiga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 100 foiz miqdorida oylik ustamalar belgilanadi.
DTM boshqaruv xodimlari lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari bir yarim baravar miqdorida qo‘llanadi
Vazirlar Mahkamasining «Test tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra DTM boshqaruv xodimlari lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari bir yarim baravar miqdorida qo‘llanadi hamda bu bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati va hududiy boshqaruv organlari xodimlariga ko‘p yillik ishlaganlik uchun har oylik ustama to‘lanadi
«Sog‘liqni saqlash sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga muvofiq Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati va sog‘liqni saqlash hududiy boshqaruv organlari xodimlariga davlat budjeti mablag‘lari hisobidan quyidagi miqdorda ko‘p yillik ishlaganlik uchun har oylik ustama to‘lanadi:
1 yildan 3 yilgacha — 0,3;
3 yildan 5 yilgacha — 0,6;
5 yildan 10 yilgacha — 0,8;
10 yildan 15 yilgacha — 1,0;
15 yildan 20 yilgacha — 1,2;
20 yildan yuqori — 1,5 (rag‘batlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda ko‘rsatilgan).
Bunda ko‘p yillik ishlaganlik uchun ustama olish huquqini beruvchi ish staji SSV tomonidan tasdiqlanadigan tartib asosida amalga oshiriladi.
Bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish vaqti xavf darajasidan kelib chiqib, 3 sutkadan 1 kungacha qisqartiriladi
«Bojxona ma'muriyatchiligini isloh etish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Prezident farmoniga ko‘ra 1 noyabrdan:
bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish vaqti xavf darajasidan kelib chiqib, 3 sutkadan 1 kungacha qisqartiriladi;
bojxona nazoratining muqobil turlarini qo‘llashni kengaytirish orqali tovarlarni bojxona hamrohligida kuzatib borish holatlari qisqartiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining xavflarni boshqarish tizimi avtomobil chegara bojxona postlarida joriy etiladi;
transport vositalarini vaqtinchalik olib kirishda tashuvchiga real vaqt rejimida elektron shaklda qayta olib chiqish muddati tugashidan oldin vaqtinchalik olib kirish muddatini uzaytirish va tegishli yig‘imni to‘lashni amalga oshirish imkoniyati taqdim etiladi;
«bojxona hududida qayta ishlash» bojxona rejimida qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasini identifikatsiyalash va baholash uslubiyati tadbirkorlik sub'yektining o‘zi tomonidan ishlab chiqiladi.
Xorijiy davlat fuqarolarining karantin sabab uzaytirilgan viza muddatlari tugaydi
O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan xorijiy mamlakatlar fuqarolarining viza muddati Koronavirusning O‘zbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 30 iyulidagi qaroriga asosan avtomatik ravishda shu yilning 1 noyabr kuniga qadar uzaytirilgandi.
Mavzuga oid
07:50 / 25.09.2024
Ikki oyda 3,1 mlrd so‘mlik davlat xaridlari qonunchilikka zid tarzda o‘tkazilishining oldi olindi
09:27 / 27.05.2024
Qonunchilik hujjatlari mohiyatini aholiga yetkazishning yangi tartibi joriy qilinadi
19:07 / 23.05.2024
Qasddan badanga yengil shikast yetkazish ma’muriy huquqbuzarlik toifasiga o‘tkaziladi
08:17 / 13.05.2024