Jahon | 13:00 / 27.05.2024
8653
10 daqiqa o‘qiladi

Asir olingan Isroil askarlari, Makronning Yevropa kelajagi to‘g‘risida bayonoti va Papua Yangi Gvineyadagi ko‘chki - kun dayjesti

O‘tgan dam olish kunlari davomida dunyoda sodir bo‘lgan muhim voqealar, hodisalar, bayonotlar va yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirib o‘tamiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroilning G‘azodagi agressiyasi qurbonlari 36 mingga yaqinlashdi, so‘nggi sutka ichida 81 kishi o‘ldirilgan.

Falastin sog‘liqni saqlash vazirligining G‘azodagi bo‘limi xabarlariga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon sektorda Isroil agressiya qurbonlari 35 ming 984 nafarga yetgan yana 80 ming 643 kishi yaralangan.

So‘nggi bir sutka ichida yana 81 kishi o‘ldirilgan va 223 kishi yarador qilingan. O‘lganlar va yaradorlar sonining keskin ortayotgani jahon afkor ommasining chaqiriqlariga qaramasdan Isroil G‘azoda zulmni yanada kuchaytirganidan dalolat beradi.

Xabarlarga ko‘ra, vayron qilingan binolar va ko‘cha yoqalarida insonlarning jasadi qolib ketmoqda. Tez yordam xizmati va fuqarolik mudofaasi kuchlari Isroil kuchlari tomonidan o‘qqa tutilayotgani sababli ularning oldiga bora olishmayapti.

Bu orada HAMAS harakati Isroil harbiylari asirga olganini e’lon qildi. Harakatning jangovar qanoti — “Izaddin al-Qassam” brigadasi jangchilari G‘azo shimolidagi Jabaliya shahrida joylashgan tunnellardan birida pistirma uyushtirib, Isroil kuchlari harbiylari guruhini asirga olishgan.

Bu haqda brigada vakili Abu Ubayda xabar bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, isroillik harbiylar orasida o‘ldirilganlar ham bor. Asirga necha kishi olingani xabar qilinmagan. Faqat operatsiya natijasida qurol-yarog‘lar ham qo‘lga kiritilgani ta’kidlangan.

Isroil armiyasining rasmiy vakili Daniel Hagari Isroil harbiylarining asir olingani to‘g‘risidagi xabarlarni rad etgan.

Makronning ta’sirli chiqishi

Germaniyaga safar qilgan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropa halok bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

“Bizda hech qachon buncha ichki va tashqi dushmanlar bo‘lmagan. Biz o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan davrda yashamoqdamiz: bizning Yevropamiz halok bo‘lishi mumkin», dedi u.

Makronga ko‘ra, birinchidan, Yevropaga urush qaytdi. Bu Rossiyaning Ukrainadagi agressiyasidir. “Lekin biz Yevropa tinchlik degani, deya ta’kidlab kelardik”, dedi u.

“Ikkinchidan, biz Yevropaning maqsadi — qit’a iqtisodiyotni karbonsizlashtirish davrida yashamoqdamiz: biz iqlim haqida, iqtisodiy o‘sish va sanoatlashtirish to‘g‘risida qayg‘urishimiz kerak.

Uchinchidan, bizda demokratiyaning qandaydir tanazzul shakli kuzatilmoqda, buni tanamizda his qilmoqdamiz. Demokratiyalarning kuchi — insonlar tanlaydigan eng yaxshi yechimni topish uchun barcha masalalarda munozaraga kirishdir. Lekin bizning o‘z demokratiyalarimizda eng murakkab onlarda tug‘ilayotgan avtoritarizmga ruju qo‘yishni ko‘rmoqdamiz. Avtoritarizm natsionalizm va boshqa unsurlar bilan sug‘oriladi, bir qarashda agar biz ham natsionalist bo‘lsak osondek tuyuladi. Lekin biz agar natsionalistlar boshqarganida Yevropamiz hozir qanday bo‘lishi mumkinligini unutib qo‘yyapmiz. Bizda Yevropani tiklash rejasi bo‘lmasdi. Bizda Yevropadagi migratsion muammolarga ta’sir qilish imkoniyati bo‘lmasdi. Bizda Yevropa yashil yo‘nalishi va karbonsizlashtirishni boshqarish imkoniyati bo‘lmasdi. Agar natsionalistlar boshqarganida biz yevropaliklar bo‘lib tashlangan bo‘lardik. Nihoyat, biz Ukrainani dastaklashdan voz kechib, barcha mamlakatlarimizdagi natsionalistlar qilayotgani singari Rossiyani qo‘llab-quvvatlardik.

Biz demokratiyaga juda ko‘nikib qoldik. Biz natsionalistlar va demokratiya dushmanlariga demokratiyadan divident olish va bir vaqtning o‘zida uni qattiq tanqid qilishga qo‘yib bermoqdamiz. Biz demokratiyani himoya qilishimiz va iyun oyining boshida bo‘lib o‘tadigan Yevropa saylovlarida bu himoyani ta’minlay oladigan partiyalarga ovoz berishimiz kerak”, — degan Fransiya prezidenti.

Rossiyaga qarshi sanksiyalar

AQSh Rossiya bilan ishlashda davom etayotgan Yevropa banklariga nisbatan sanksiyalarni qat’iylashtirish bilan tahdid qildi. AQSh moliya vaziri Janet Yyellenga ko‘ra, gap Rossiyada hamon faoliyat olib borilayotgan Yevropa banklari haqida ketmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, kredit tashkilotlari Rossiyaga “harbiy maqsadlari”ga yetishish uchun ko‘maklashmoqda.

Yyellen bu holda muayayn banklarning nomini tilga olmagan va sanksiyalar shunday tranzaksiyalar isbotlangach qo‘llanishini e’lon qilgan. Biroq Yevropa moliya tashkilotlarining Rossiyada ishlashi “juda katta risk yaratayotgani”ni ta’kidlagan.

AQSh Moliya vazirligi Avstriyaning Raiffeisen Bank International (RBI) va Italiyaning UniCredit banklarining Rossiyadan ketishini kutmoqdami degan savolga Yyellen tikka javob bermagan. «Menimcha, ularning rahbarlari u yerdagilarga ehtiyot bo‘lib ishlashni maslahat bergan bo‘lishlari kerak”, — degan vazir.

Avvalroq Raiffeisen Bank Rossiyadagi operatsiyalari tufayli Amerika moliya tizimidan uzib qo‘yilishi to‘g‘risida AQSh moliya vazirligidan yozma ogohlantirish xati olgani ma’lum qilingan edi. Reuters manbalari xuddi shunday xat UniCredit’ga ham yo‘naltirilganini aytishgan.

AQSh Moliya vazirligiga esa Ukrainadagi urush tufayli joriy qilingan sanksiyalarni aylanib o‘tishda Rossiyaga yordam berayotganlarni Amerika moliya tizimidan uzish kabi ikkilamchi sanksiya qo‘llash huquqi berilgan.

Rossiyada maosh solig‘i oshiriladi

Rossiya Davlat dumasida oyiga 150 ming rubldan ortiq maosh oluvchi fuqarolarga nisbatan soliqni oshirish taklif etildi.

Jismoniy shaxslarning daromad solig‘iga nisbatan qo‘llanadigan oshib boruvchi shkalaning pastki darajasi Rossiyadagi o‘rtacha oylik nominal ish haqining ikki barobariga teng bo‘lishi kerak, deyiladi Dumaning budjet va soliqlar qo‘mitasi tavsiyanomasida. Deputatlarga ko‘ra, bunday qaror “ko‘pchilik fuqarolar”ni soliq oshishidan himoyalaydi va mamlakat “raqobatbardoshligini saqlaydi”.

Rostat ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning fevralida Rossiyada o‘rtacha nominal ish haqi 78,4 ming rublni tashkil etgan. Shunday qilib, parlamentdagilar oyiga 150 ming rubldan ko‘proq maosh oluvchilar uchun yuklamani oshirishmoqchi. Bu yiltga 1,8 mln rubl bo‘ladi. Daromadi bundan pastlar uchun stavka avvalgidek qolaveradi.

Ayni paytda Rossiyada Jismoniy shaxslarning daromad solig‘ini hisoblash uchun ikki bosqichli shkala amal qiladi. Unga ko‘ra, yiliga 5 mln rubl daromad qiluvchilar 13 foiz soliq to‘laydi. Bundan yuqorilar esa 15 foiz. Deputatlar “bir tofiadan ikkinchisiga silliq o‘tish” va yuklamani sekin-asta oshirish uchun shkalani ko‘p bosqichli qilishga harakat qilishmoqda. Yangi qoidalar 2025 yilda kuchga kirishi kutilmoqda.

Gurjistonning rejalari

Mustaqillik kunida chiqish qilar ekan, Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Abxaziya va Janubiy Osetiyani mamlakat tarkibiga qaytarish va yevrointegratsiya kursini davom ettirishini ta’kidlagan.

«Bizning orzumiz — 2030 yilga borib abxaz va osetin birodarlarimiz va opa-singillarimiz bilan yagona va kuchli Gurjistonda birgalikda yashash. Yagona va kuchli Gurjiston 2030 yilga borib Yevropa oilasining to‘laqonli a’zosi ham bo‘lishi kerak», — deb yozgan Kobaxidze o‘z tabriknomasida.

Biroq Gurjiston va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar Rossiyadan qiyos olingan “chet el agentlari” to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishi fonida yomonlashgan. Financial Times nashri manbalari agar qonun kuchga kiradigan bo‘lsa, Yevropa Ittifoqi Gurjistonning a’zolik to‘g‘risidagi arizasini muzlatib qo‘yishi mumkinligini xabar qilishgan.

Abxaziya va Janubiy Osetiyani Gurjiston tarkibiga qaytarish masalasida ham siljish yo‘q. Bu ikki respublika 1990-yillar boshida mustaqillik e’lon qilgan. O‘shandan beri ularning mustaqilligini faqat Rossiya, Venesuela, Nikaragua, Nauru va Suriya tan olgan. 

700 kishini tuproq bosib qoldi

Papua Yangi Gvineyada tuproq ko‘chishi oqibatida 700 ga yaqin inson tuproq ostida qolib ketganligi xabar qilinmoqda.

BMTning xabar qilishicha, Papua Yangi Gvineyadagi markazida joylashgan uzoq qishloqlardan biri — Engada sodir bo‘lgan tuproq ko‘chishida 1100 dan ortiq uylar va 670 dan ortiq insonlar tuproq ostida qolib ketgan.

Tuproq ko‘chishi mingdan ziyod insonlarni o‘z uylarini tashlab qochib chiqishga majbur qilgan. Qurbonlar soni aytilayotganidan ham ko‘proq bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Papua New Guinea Post Courier nashriga mahalliy parlament a’zosi Aimos Akemning ma’lum qilishicha, tuproq ko‘chishi qurbonlari yuzlab odamlarni tashkil etishi mumkin.

Avstraliya teleuzatish korporatsiyasining dastlabki xabarlarida to‘rt kishining jasadi topilgani ma’lum qilingan edi. Mahalliy shosse ham tuproq uyumlari ostida qolib ketgani va qutqaruvchilar voqea joyiga faqat vertolyotlarda bora olishi ham qutqaruv ishlarini qiyinlashtirmoqda. Qutqaruvchilar jasadlarni topish uchun belkurak va tayoqlardan ham foydalanishga majbur bo‘lishmoqda. 

Mavzuga oid