Jahon | 14:20 / 13.11.2024
4709
10 daqiqa o‘qiladi

Bayrutga berilgan zarbalar, sionist vazirning istagi va Qirg‘izistondagi hibsga olishlar - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Yaqin Sharqdagi vaziyat

Isroilning G‘azodagi markaziy va shimoliy tumanlarga bergan zarbalari natijasida yana insonlar halok bo‘ldi. Falastinning WAFA agentligi xabarlariga ko‘ra, G‘azo shahrining Al-Jyela ko‘chasidagi uyga berilgan aviazarba natijasida 3 kishi halok bo‘lgan.

Shuningdek, sektorning markaziy qismidagi «Nusayrat» qochqinlar lagerining g‘arbidagi Ar-Rahmat tumanidagi uy vayron qilingani sababli 3 kishi o‘ldirilgan, 11 kishi yaralangan.

Shimoldagi Bayt Xanun tumanidagi ikki uyga zarba berilishi sababli yana ikki kishi o‘ldirilgan.

403 kundan buyon davom etayotgan qirg‘in oqibatida G‘azodagi qurbonlar soni 43 ming 665 kishiga yetdi. 103 mingdan ziyod inson yaralangan.

Isroil harbiy havo kuchlari Livan poytaxti Bayrut shahri janubiga ham uchta aviazarba bergan.

Livanning NNA agentligining xabariga ko‘ra, «Hizbulloh» harakatining o‘chog‘i hisoblanuvchi Dahiya tumani Isroil aviatsiyasi nishoniga aylangan.

Dahiyadagi Hurayk mavzesiga Isroil armiyasining rasmiy vakili Avihay Adraining tahdidlaridan so‘ng darhol hujum uyushtirilgan. Avvalroq Adrai X ijtimoiy tarmog‘ida Bayrutdagi Dahiya mavzesida 11 ta nishonni belgilab post qoldirgan edi.

Sionist vazirning istagi

Isroilning ekstremist va ultrao‘ng millatchi moliya vaziri Betsalel Smotrich AQSh prezidenti etib Donald Trampning tayinlanishi «Isroil davlati uchun muhim istiqbollarni ochishini»ni ma’lum qilgan.

Donald Tramp avvalgi prezidentligi chog‘ida Suriyadan bosib olingan Jo‘lan tepaliklarini Isroilniki deb atab, Quddusni Isroil poytaxti deb tan olgan va AQSh elchixonasini ham Quddusga ko‘chirgan edi. Endi esa Smotrich Trampning yordami bilan Falastinning G‘arbiy sohildagi qismi to‘liq anneksiya qilinishi mumkinligi haqida og‘iz ochgan. U «Diniy sionizm» partiyasi yig‘ilishida chiqish qilar ekan, 2025 yilda G‘arbiy sohilni anneksiya qilishni va’da qilgan va Falastinning bu qismi ustidan suverenitet o‘rnatish uchun zarur ko‘rsatmalar berganini aytgan.

Xalqaro hamjamiyat 720 ming yahudiy istiqomat qiladigan Sharqiy Quddus va G‘arbiy sohildagi yahudiy manzilgohlarini noqonuniy va tinchlikka raxna soluvchi deb biladi.

Biroq Trampning avvalgi ma’muriyatidagi ikki mulozim Isroilning yuqori martabali vazirlarini Tramp ikkinchi muddati chog‘ida G‘arbiy sohilning Isroil tomonidan anneksiya qilinishi qo‘llamasligini aytgan.

AQShning Suriyaga zarbalari

AQSh Markaziy qo‘mondonlik kuchlari (CENTCOM) Suriyadagi Eron bilan bog‘liq guruhlarning to‘qqizta obektiga hujum uyushtirgan. Zarbalar so‘nggi sutka ichida Suriyada joylashgan Amerika personaliga nisbatan amalga oshirilgan bir nechta hujumlarga javoban o‘tkazilgan.

Qo‘mondonlikning tarqatilgan xabarlariga ko‘ra, mazkur zarbalar Suriyada IShIDga qarshi kurash doirasida joylashtirilgan AQSh va koalitsiya kuchlariga nisbatan guruhlarning kelgusidagi hujumlarining oldini olish maqsadida uyushtirilgan.

Zarbalarga izoh berar ekan, CENTCOM rahbari general Maykl Kurilla AQShning bunday voqealarga nisbatan kuch bilan javob berish qat’iyatini ta’kidlab o‘tdi.

«Bizning signalimiz aniq-tiniq: Biz AQSh va koalitsiya bo‘yicha hamkorlarimizga qilinayotgan hujumlarga jim qarab tura olmaymiz. Biz kelgusida ham personalimiz va koalitsiya bo‘yicha hamkorlarimizni himoyalash uchun choralar ko‘ramiz va o‘ylovsiz amalga oshirilgan hujumlarga javob beramiz», degan Kurilla.

NATO bosh kotibi Ukraina haqida

NATO bosh kotibi Mark Ryutte Ukrainadagi mojaro «trayektoriyasini» o‘zgartirishga chaqirdi. Ryutte G‘arbni Ukrainaga yordamni oshirish va mojaroning «trayektoriyasini o‘zgartirish» zarurligini ta’kidladi.

«Rossiya Shimoliy Koreya, Eron va Xitoy bilan hamkorlik qilib, nafaqat Yevropaga tahdid soladi, balki Hind-Tinch okeani va Shimoliy Amerikada tinchlik va xavfsizlikka tahdid soladi. «Biz transatlantik ittifoqimizni mustahkam saqlashimiz kerak. Biz duch kelayotgan eng muhim muammo, shubhasiz, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdir», — dedi u Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan birga o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Ryutte, ukrainaliklar «2022 yildan beri eng og‘ir qishga tayyorgarlik ko‘rayotganini» va AQSh bilan Yevropa Ittifoqi «uzoq yo‘lni bosib o‘tish» majburiyatini tasdiqlashi kerakligini aytdi.

«Biz Ukrainani kurashda qo‘llab-quvvatlashdan ham ko‘proq narsani qilishimiz kerak. Rossiya uchun oqibatlarni og‘irlashtirish va Kiyevga «mojaroning trayektoriyasini o‘zgartirish uchun zarur bo‘lgan yordam» ko‘rsatilishi kerak», dedi NATO bosh kotibi.

Shu bilan birga, Ryutte ikkinchi muhim vazifa bu yanada xavfli dunyoda NATO mudofaasini kuchaytirish ekanini ta’kidladi.

«Tezroq harakat qilish uchun bizga kuchli transatlantik mudofaa hamkorligi kerak. Mudofaaga ko‘proq sarmoya kiritish lozim. Mudofaaga qancha ko‘p mablag‘ sarflasak, kelajakdagi mojarolar xavfini shunchalik kamaytiramiz», — dedi u.

Germaniyada muddatdan avval saylovlar

Germaniya bundestagida muddatidan oldin o‘tkaziladigan saylovlar sanasi ma’lum bo‘ldi. U 2025 yilning 23 fevralida bo‘lib o‘tadi. Saylovlar sanasi muxolifat va hukmron partiya vakillari bilan kelishilgan. Endi uni Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer tasdiqlashi kerak.

Qayd etilishicha, muddatidan oldin o‘tkaziladigan saylovlar sanasi, shuningdek, Germaniya kansleri Olaf Shols tomonidan Germaniya moliya vaziri Kristian Lindner ishdan bo‘shatilgani va uning ortidan Erkin demokratik partiyasidagi safdoshlari o‘z xohishiga ko‘ra iste’fo bersa-da, amaldagi hukumat koalitsiyasidan chiqmaslikka qaror qilgan «Ittifoq 90»/«yashillar» partiyasi bilan kelishilgan.

Shols jamoatchilik bosimi tufayli o‘z hukumatiga ishonch masalasini 15 yanvar kuni bundestagda ovozga qo‘yishi kutilmoqda. Hozircha bu rasman tasdiqlanmagan.

Muddatidan oldin o‘tkaziladigan saylovlar sanasi bo‘yicha yakuniy qarorni Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer qabul qilishi kerak.

6 noyabr kuni Olaf Shols moliya vaziri va Erkin demokratik partiya raisi Kristian Lindnerni hukmron partiyalar raislari va ularning parlamentdagi fraksiyalari rahbarlarini o‘z ichiga olgan koalitsiya qo‘mitasidagi mojarolar avj olganidan so‘ng ishdan bo‘shatgan edi va hukmron «svetofor» koalitsiya barbod bo‘lgan edi. 

Rossiyada migrantlar uchun yangi qoidalar

Rossiyada migrantlar uchun uy-joy ijarasi qoidalari kuchaytiriladi. Endi migrantlarga uy-joy ijarasini shartnoma asosida va faqat bir yil muddatga berish taklif qilinmoqda.

LDPR fraksiyasi Rossiya hukumatiga shuni nazarda tutuvchi qonun loyihalari paketini yubordi.

Partiya yetakchisi Leonid Slutskiyning ta’kidlashicha, Moskvada arzon segmentdagi uy-joylarning 85 foizida migrantlar istiqomat qiladi.

«Rezina» kvartira tashkil qilgan ijarachini ham, migrantlarni ham jazolash kerak. Uy-joyni ko‘plab qarindoshlar, do‘stlar va vatandoshlarga qayta ijaraga berishni taqiqlash lozim. Qonunni buzsa – jarima!» deb yozgan u.

Slutskiy so‘zlariga ko‘ra, LDPR qabulxonasiga chet ellik ijarachilarning xatti-harakatlari ustidan ko‘plab shikoyatlar kelib tushmoqda. Uning fikricha, axloq qoidalariga rioya qilmaydigan xorijlik ijarachilarning yonida yashash rossiyaliklar uchun muammo tug‘diryapti.

«Odamlar farzandlari uchun ham, o‘zi uchun ham qo‘rqmoqda. Bunday kvartiralarning egalarini topish juda qiyin, politsiya chaqirish esa migrantlarning tajovuzkorligini yanada kuchaytiradi», deb yozdi deputat.

Rossiyada migratsiya siyosatining keskinlashuvi «Krokus Siti Holl»da sodir etilgan teraktdan so‘ng boshlandi. Avgust oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin noqonuniy migrantlarni chiqarib yuborishning huquqiy rejimini o‘rnatish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi.

U 2025 yil fevralidan kuchga kiradi.

Qirg‘izistondagi hibsga olishlar

Qirg‘izistonda hokimiyatni egallashga tayyorgarlik ko‘rgan yetti kishi qo‘lga olindi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxslar orasida Qirg‘iziston fuqarolaridan tashqari, chet elliklar ham bor.

Holat yuzasidan ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

17 noyabr kuni Qirg‘izistonda mahalliy kengashlar uchun deputatlar saylovi bo‘lib o‘tadi.

«Bishkek shahri yaqinida sport o‘yinlari, shuningdek, turli musobaqalarni o‘tkazish rejalashtirilgan edi. Shu bahonada ular (qo‘lga olingan shaxslar) zo‘ravonlikka chaqirish, konstitutsiyaga zid talablarni ilgari surish va saylov kuni hokimiyatni egallab olish uchun vaziyatni beqarorlashtirishni maqsad qilgan», — deyiladi IIV xabarida.

Tintuv davomida ular yashagan joydan jangovar granata, to‘pponcha, uchta kvadrokopter, shuningdek, «olomonga ichirish uchun ming shisha aroq», bir tonna guruch va ot topilgan.

Qirg‘iziston hukumati 2024 yil boshidan beri hokimiyatni egallashga uchinchi marta urinilayotgani to‘g‘risida xabar berdi. Yanvar oyida respublika prezidenti Sadir Japarov davlat to‘ntarishining oldi olinganini ma’lum qilgandi. Iyulda esa mamlakat maxsus xizmatlari tomonidan tartibsizliklar uyushtirish va hokimiyatni egallashni niyat qilgan bir guruh shaxslar ushlangan edi.

Mavzuga oid