22:16 / 06.10.2023
12909

Mukofot olgan artistlar portalini yaratish uchun budjetdan salkam yarim milliard so‘m sarflanadi

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov davlat mukofotlarini olgan san’atkorlar haqidagi portalni yaratish uchun budjetdan salkam 500 mln so‘m mablag‘ ajratish haqida buyruq chiqardi. Portalga dastavval 10 nafar san’atkor haqida ma’lumot joylanadi. Vazir bir necha oy oldin madaniy markazlar haqidagi saytni yaratish uchun 530 mln so‘m ajratgan edi, lekin hozir bu sayt ishlamayapti.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi

O‘zbekistonda davlat mukofotlari bilan taqdirlangan madaniyat va san’at sohasi vakillari portalini ishlab chiqish uchun 488 mln so‘m ajratiladi. Bu boradagi buyruqni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 15 sentabr kuni imzolagan.

Buyruqqa ko‘ra, portalni ishlab chiqish, amaliyotga joriy etish va tizimdan foydalanish bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan va unga madaniyat vaziri o‘rinbosari Bahodir Ahmedov rais etib tayinlangan.

488 mln so‘mlik xarajat vazirlikka 2023 yil uchun budjetdan ajratilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi. Shundan, portalga ushbu tizim, mukofotlar va 10 nafar san’atkor haqidagi ma’lumotlardan iborat birlamchi axborotlarni kiritish 12 mln so‘mga baholangan.

Portalni ishlab chiqish uchun, tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq, “Madaniy hayot media marketing markazi” MChJ bilan shartnoma tuzilishi ko‘rsatilgan. Bu korxonaning 51 foiz ulushi Madaniyat vazirligiga, qolgan ulushi xususiy korxonalar – Tanovor Music Group (25 foiz) va Best Target Project (24 foiz)ga tegishli.

Tanovor Music Group Odiljonov Muhammadali Azamjon o‘g‘liga qarashli; Best Target Project'ga esa Rasulov Muhammadqodir Ilhomjon o‘g‘li va Abduvaliyev Ikromjon Vohobjon o‘g‘li teng ulushlarda egalik qiladi. Har ikki korxona 2022 yil may oyida tashkil etilgan; ular Madaniyat vazirligi bilan birgalikda egalik qiladigan Madaniy hayot media marketing markazi esa 2022 yil iyunida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Bu markaz avvalroq vazirlik buyurtmasiga asosan “Madaniyat markazlari” portali (e-madaniyat.uz)ni ishlab chiqqan. Ozodbek Nazarbekovning 25 maydagi buyrug‘i bilan bu portalni ishlab chiqishga 530 mln so‘m yo‘naltirilgan, bu borada vazirlik va markaz o‘rtasidagi shartnoma shundan 4 kun o‘tib – 29 mayda tuzilgan. E’tiborlisi, ayni paytda “Madaniyat markazlari” portali ishlamayapti.

Gazeta.uz'ning e’tibor qaratishicha, Madaniyat vazirligi “Madaniy hayot media marketing markazi” MChJ bilan 26 sentabrda yana bir shartnoma tuzgan. Unga ko‘ra, markaz 117 mln so‘mga sertifikatga ega gidlar reyestri elektr tizimini ishlab chiqishi kerak.

Top