19:50 / 15.08.2021
77973

Ashraf G‘ani va boshqa rahbarlar qochdi, toliblar Kobulga kirishni boshladi

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani maxsus samolyotda Tojikistonga yo‘l olgan. Bu ma'lumotni bir-biridan mustaqil bir necha manba tasdiqladi. Bu vaqtda «Tolibon» o‘z jangchilariga Kobulga kirishga ruxsat berdi.

Foto: Getty Images

Tolo News telekanali ma'lumotiga ko‘ra, Ashraf G‘ani prezidentlik saroyini tark etib, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Hamidulla Muhib va prezident administratsiyasi rahbari Mahmud Fazli bilan birgalikda Tojikistonga uchgan. Ular bu yerdan uchinchi mamlakatga uchib ketishni rejalashtirgan.

Manbalar xabariga ko‘ra, Ashraf G‘ani ketishidan oldin iste'foga chiqishga rozi bo‘lgan.

Sobiq bosh vazir, so‘nggi prezidentlik saylovlarida Ashraf G‘aniga raqobat qilgan, hozirda Oliy milliy yarashuv kengashi raisi bo‘lgan Abdulla Abdulla prezident mamlakatdan qochib ketganini tasdiqlab, Afg‘oniston xalqiga va milliy xavfsizlik kuchlariga murojaat qilgan.

Shuningdek, 2001-2014 yillarda mamlakat prezidenti bo‘lgan Hamid Karzay ham murojaat bilan chiqib, barchani ziddiyatni hal qilish uchun hokimiyatni tinch yo‘l bilan o‘tkazishga chaqirgan. U hukumat harbiylari va toliblarga murojaat qilib, tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan. Karzay mamlakatni tark etish niyatida emasligini bildirgan.

RIA Novosti xabariga ko‘ra, Afg‘onistondagi boshqaruv vaqtinchalik kengashga o‘tadi, uning tarkibidan Abdulla Abdulla va Hamid Karzay ham o‘rin olgan. Keyin bu kengash hokimiyatni toliblarga topshiradi.

Avvalroq bir necha vazirlar, shu jumladan mudofaa vaziri mamlakatni tark etgandi. OAVda vitse-prezident Amrullo Saloh ham xorijga ketgani xabar qilingan.

So‘nggi kunlarda Afg‘oniston hukumatining shimoldagi so‘nggi tayanchi Mozori Sharifni mudofaa qilgan o‘zbeklar yetakchisi, marshal Abdurashid Do‘stum va tojiklar yetakchisi Ato Muhammad Nur O‘zbekiston hududiga chekingani ma'lum bo‘lgandi.

RIA Novosti xabariga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston tomoni afg‘onistonlik marshal bilan muzokaralar olib bormoqda.

Toliblar Kobulga kirmoqda

«Tolibon» o‘z jangchilariga shaharga kirishga ruxsat berdi. 

EPA / Scanpix / LETA

Tashkilot bayonotiga ko‘ra, bundan maqsad shahar hududida zo‘ravonlik va talonchilik holatlari ro‘y berishining oldini olish hisoblanadi - ayni vaqtda politsiya va xavfsizlik kuchlari Kobulni nazorat qilishni to‘xtatgan.

Shu bilan birga, toliblar Kobul yaqinidagi Puli-Charxi qamoqxonasi mahbuslarini ozodlikka chiqarib yuborgan. Endilikda turli jinoyatlar bilan qamalgan shaxslar poytaxt tomon harakatlanmoqda.

Yakshanba kuni Bagrom aviabazasi hududidagi harbiy qamoqxona ham qo‘lga olingandi. Bu yerda «Tolibon» tarafdorlari va boshqalardan tashqari IShIDning sobiq jangarilari ham saqlangan.

«Tolibon»ning va'dalari

«Tolibon» harakati rasmiy vakili Suhayl Shahin BBC uchun bergan intervyusida rejalar haqida aytib o‘tdi. 

  • harakat inklyuziv afg‘on hukumatini – Afg‘oniston Islom Amirligini tuzishga harakat qilmoqda, unda barcha afg‘onlar ishtirok etishi mumkin;
  • Ayollar huquqlari hurmat qilinib, ta'lim olish va ishlash imkoniyatlari ta'minlanadi. Barcha ayollar hijobda yurishi majburiy bo‘ladi. «Tolibon» ayollar uylaridan yolg‘iz o‘zlari, erkaklar hamrohligisiz chiqishiga kafolat bergan;
  • OAV erkin faoliyat yuritishiga ruxsat beriladi, lekin insonlarning sha'ni va qadr-qimmatini kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • qatl, toshbo‘ron va jinoyatchining biror a'zosini kesish kabi siyosiy jazolar sud orqali hal qilinadi;
  • odamlarning mol-mulki va hayoti xavfsizligi ta'minlanadi, G‘arb kuchlari bilan hamkorlik qilgan afg‘onlar jazolanmaydi.
Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top