— O‘zbekiston TIV delegatsiyasi Afg‘onistonga qaysi maqsadlar bilan bordi?

— Afg‘oniston masalasi tarixan ham, hozir ham O‘zbekiston uchun juda muhim. Faqatgina qo‘shnilik omili emas, balki Afg‘oniston bilan hamkorlik qiladigan bir nechta sohalarimiz bor va bu hamkorlikni saqlab turish bizning strategik manfaatlarimizga to‘g‘ri keladi.

Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Afg‘onistonga tashrifida bir nechta masalalarni muhokama qildi. Birinchisi Transafg‘on temiryo‘li, ikkinchisi savdo-iqtisodiy, madaniy, humanitar masalalar, uchinchisi O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan suv, Qo‘shtepa kanali masalasi muhokama qilindi.

Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yozilgan bayonotda haddan tashqari umumlashtirishlar bor. Iqtibos keltirsak: “Muzokaralar chog‘ida o‘zaro hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari muhokama qilindi. Iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratildi”, deyilgan. Ichidan o‘zing xohlaganingni bilib olaver, degan yondashuvga o‘xshaydi. “Tolibon” tomoni bayonotida esa uchrashuvda ko‘tarilgan masalalarni birma-bir sanab o‘tgan. “Tolibon” hukumati o‘rnatilganiga ko‘p bo‘lmadi, tan olinmagan ham, lekin O‘zbekiston mustaqil bo‘lganiga 30 yildan oshgan, tashqi siyosatga javobgar institutlarning yoshi ham shunga yarasha. Shunga qaramay, bunday munosabat, bunga ikkita holat asosiy sabab deb o‘ylayman: birinchisi haddan ortiq suhbatdagi fikrlarni yashirish; ikkinchisi esa intellektual dangasilik. Falon-falon masalalar muhokama qilindi, biz bunday pozitsiya bildirdik deb bayonot berish kerak bo‘layotgan jarayonlarga mas’uliyatni zimmasiga olib. “Tolibon” tomoni shunday qilgan.

“Tolibon” birinchi navbatda ikkala delegatsiya qanday masalalarni ilgari surganini aytgan. Xususan, Afg‘oniston tomoni ikki tomonlama hamkorlik, savdo-sotiq, transport masalasini ilgari surgan. “Tolibon” bilan diplomatik aloqalarni yangilash masalasi haqida aytilgan. Bu degani “Tolibon” Afg‘onistondagi hukumat sifatida o‘zining rasmiy vakilini Toshkentda tan olinishini nazarda tutuvchi fikrni ilgari surgan. Keyin afg‘on biznes vakillari va haydovchilarga viza berish masalasi ko‘tarilgan. Bundan tashqari, elektr energiyasidagi uzilishlar. Fevral oyida kuchli qor yog‘ishi, aholining elektrga bo‘lgan ehtiyoji ortishi natijasida uzilishlar bo‘lgan, shu masala ham muhokama qilingan.

O‘zbekiston tomoni nimalarni ilgari surgani ham aytilgan. Tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasida xavfsizlik ta’minlanganidan mamnunligini bildirgan. O‘zbekiston tomoni Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida ko‘rishini bayon etgan. Bu rostdan ham muhim nuqta, qo‘shilaman bunga. Biz Afg‘oniston bilan hamkorlikni chuqurlashtirib, transport koridorlari, geoiqtisodiy, tashqi savdoni kengaytirish masalalarini qo‘yadigan bo‘lsak, birinchi navbatda Afg‘oniston bilan yaxshi munosabatlarni yo‘lga qo‘yish kerak. Tarixiy jihatdan ham, madaniy, humanitar jihatdan ham Afg‘oniston Markaziy Osiyoning ajralmas qismi.