O‘zbekiston | 11:00 / 26.04.2021
4835
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada 18 ming gektar yer yoshlarga beriladi

“Yoshlar bandligini ta'minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida Farg‘ona viloyatining barcha tumanlarida “Yoshlar daftari” dagi ishsiz yoshlarga yer ajratib berilmoqda.

 Viloyat bo‘yicha jami  18 ming gektar yer maydonlarini “Yoshlar daftari” dagi yoshlarga ajratilib, ushbu ajratib berilgan yer maydonlariga sabzavotlar, poliz ekinlari, kartoshka hamda dukkakli ekinlar ekilmoqda.

Farg‘ona viloyatida “Yoshlar daftari” ga kiritilgan ishsiz yoshlarning bandligini ta'minlash, ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish va turmush sharoitini yanada yaxshilash borasida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

Xususan, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan  qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qilish istagida bo‘lgan ishsiz yoshlarga dehqonchilik uchun yer ajratib berish ishlari davom etmoqda.

Uchko‘prik tumani misolida buni yaqqol ko‘rish mumkin. “Boboshbek fermer xo‘jaligi”, “Mullayev Muqimjon Ziyosi”, “Abrorbek quvonch nuri” fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi ekin maydonidan 4 gektar yer «Boboshbek», «Yakkatut», «Katta kenagas» mahallalarida istiqomat qiluvchi 40 nafar ishsiz yoshga 20 sotixdan ajratib berildi.

Shu yerning o‘zida soha mutaxassislari tomonidan yoshlarga ertangi ekinlar turlari, ularni ekish va parvarishlash agrotexnikasi haqida batafsil tushunchalar berildi. 

– Yetti yildan beri Rossiya va Qozog‘istonda yollanma ishchi bo‘lib mehnat qilardim, – deydi Doston Nuraliyev. 

Bugun bizga 20 sotixdan yer berishdi. Bu yerdan unumli foydalanib, kartoshka va sabzavot mahsulotlari yetishtirmoqchiman. Bir yil davomida shu yerda mehnat qilsam, chetga chiqib ish izlab yurishimga zarurat qolmaydi.

Hozirga qadar tumanda mahalla fuqarolar yig‘inlarining tavsiyasi va ishchi guruh a'zolarining “xonadonbay” o‘rganishlari asosida hududlardagi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari tomonidan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz, migrantlikdan qaytgan va ijtimoiy ko‘makka muhtoj  bo‘lgan 17 mingdan ziyod  nafar yoshga dehqonchilik uchun yer ajratib berilmoqda.

Yoshlarimizga yer berish ishlari davom etmoqda!

Farg‘ona viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi

Mavzuga oid