Putin bu tahdidni 21 sentabr kuni Rossiyadagi «qisman safarbarlik» haqidagi bayonotida yana bir bor aytib o‘tdi.

«Meduza» nashri Rossiya yadro siyosati bo‘yicha ekspert, Kanadadagi Kuins universiteti Xalqaro va mudofaa siyosati markazi ilmiy xodimi Maksim Starchak bilan Putin haqiqatan ham yadroviy zarba berishga qaror qilishi mumkinmi va buning oqibatlari qanday bo‘lishi haqida suhbatlashdi.

— Yadro qurollari tajovuzkor va yon bosishga tayyor bo‘lmagan odamlar qo‘liga tushib qolsa, dunyoda ularni tiyib turish va qandaydir nazorat qilishga qaratilgan tizim bormi? Prinsipial jihatdan bunday tizimni yaratish mumkinmi?

— Yo‘q, degan bo‘lardim. Nazariy jihatdan, Putin deyarli hamma narsani qila oladi. Yadroviy davlat maqomi harbiylarning jazosiz qolish imkoniyatini ochib beradi.

Kafolatlangan tarzda bir-birini yo‘q qilish doktrinasi bor. Unga ko‘ra, tomonlardan biri boshqasiga nisbatan yadro qurolini qo‘llasa, ulardagi yadro kallaklari soni o‘xshash bo‘lsa, javob zarbasiga, ya’ni hujumchining ham, himoyachining ham butunlay yo‘q qilinishiga olib keladi.

SSSR va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar shu asosda qurilgan va endi u Rossiya Federatsiyasi va AQSh o‘rtasidagi harbiy xavfsizlikning asosi hisoblanadi. Agar tomonlar yadroviy salohiyati bo‘yicha teng bo‘lmasa ham, javob zarbasini berish tahdidi yadroviy mamlakatga qarshi tajovuzning oldini oladi. Misol tariqasida AQSh va KXDR munosabatlarini keltirish mumkin.

Ammo bu yadroviy qurolga ega davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda shunday. Agar yadroviy davlat yadro quroliga ega bo‘lmagan davlatga yadroviy hujum uyushtirmoqchi bo‘lsa, buni to‘siqsiz amalga oshirishi mumkin. Ha, bunday xatti-harakat xalqaro miqyosda qoralanadi, lekin amalda hech qanday to‘siq yo‘q.

Shu bilan birga, yadro quroliga ega bo‘lmagan NATO davlatlari alyans nizomining 5-moddasi bilan himoyalangan (biriga hujum – hammaga hujum). Boshqa mamlakatlar ikki tomonlama kanallar orqali yordamga umid qilishi mumkin. Xususan, Qo‘shma Shtatlarning Yaponiya va Janubiy Koreya bilan o‘zaro mudofaa bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvi bor. Rossiya KXShT a’zosi bo‘lgan davlatlarning ham xavfsizligini ta’minlashi kerak.

Boshqa hollarda hech narsa yuz bermaydi. Har tomonlama diplomatik bosim o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Aftidan, Putinga nafaqat G‘arb, balki Hindiston va Xitoy, ShHTga a’zo boshqa davlatlar ham bosim o‘tkazmoqda, buni Samarqanddagi sammit ko‘rsatdi. Agar bir betayin rahbar yadro urushini boshlashi mumkinmi degan savolni o‘rtaga tashlasak, albatta boshlashi mumkin, ammo qiyin.